Breaking News

Ovoz berish vositalari zamonaviylashdi, ammo ularga ishonch ortdimi? - 2004-10-27


AQShga asos solingan paytdan boshlab, ishlatilgan ovoz berish uskunalari, saylov tarixidan darak beruvchi namunalar shu kunlarda poytaxt Vashingtondagi Smitsonian Instituti ko’rgazmasidan o’rin olgan.

Muzey kuratori Larri Bird, bu, har bir amerikalikning ovozi hisobga olinishini ta’minlash maqsadida ishga solingan turli usullardir, deydi.

"Xalqimiz turli ovoz berish tizimlaridan qo’llanib keldi. Ovozni qog’ozga yozib bergan vaqtlarimiz ham bo’lgan. Odamlar bir paytlar sud binosi oldiga yig’ilib, qo’llari ko’tarib ovoz berishardi. Lekin vaqt o’tib, fuqarolar, berilgan har bir ovozni hisobga olinishi uchun intila boshlashdi. Demokratiyada fuqaro ovozini hisobga oladigan tizim bo’lishi lozim. Biz mukammal emasdirmiz, ammo, bunga intilamiz."

AQSh saylovlarida ovoz har doim ham to’g’ri ravishda berilmagan. Ko’rgazma ayrim saylovlardan keyingi mash-mashali hollar haqida ham hikoya qiladi.

"Mana bular, partiya varaqalari, yoki partiya biletlari; bular o’ta ahamiyatli, chunki, ular keyinchalik saylov islohatlariga olib kelgan. Bular soxta ovoz berilishi uchun imkon bergan qog’ozlar," deydi Bird.

1850 yilda San Fransisko saylov markazlarining xizmatchilari, ovozlar tashlanadigan ba’zi qutilarning soxta ovozlar bilan aralashtiruvchi vositaga ega ekanini topishgan.

Turli tajribalar asosida amerikaliklar asta sekin ovozlarning ishonchli holda berilish yo’llarini ham ishlab chiqishdi.

1960 yilga kelib, mamlakatning ko’p qismida fuqarolar parda ortida, yolgiz holda, xavfsiz mashina orqali ovoz berayotgan edilar.

-80 yillargacha esa bu mashinalar ovozni qog’ozni teshish orqali beruvchi tizimga almashtirildi.

Ko’rgazmaga kelgan ko’pchilik odamlar, tabiiyki, 2000 yilgi saylovda Florida shtatida kechgan muammoli hol bilan qiziqishadi.

Unda kartochkalar yaxshi teshilmay, mulozimlar ovozlarni qayta sanab chiqishga, qog’ozlarning teshiklarini qayta ko’rishga, hatto bir qancha ovozlar bekor qilishga majbur bo’lishgandi.

Natijada saylov natijasi bir necha haftagacha aniqlanmadi. Amerikaliklar saylov jarayonidan shikoyat qila boshlashdi. Shundan keyin turli islohatlar qilindi.

2000 yilgi saylovdan beri, Amerikaning ko’p shtatlari qog’ozsiz ovoz berishga ahd qilishdi; ular kompyuter orqali ovoz berish tizimiga o’tishdi, deydi ko’rgazma kuratori: "Hozirgi ovoz berish tizimlarining ko’pchiligi juda xavfsiz, ular kuchli xotiraga, ma’lumotni turli shaklda eslab qolish qudratiga ega. Monitordagi bir joyni bossangiz, ma’lumot chop etiladi."

Bugunki kunda AQSh bo’ylab bir necha ovoz berish texnikalari mavjud. Qo’l tekkizish bilan ishlovchi elektronik tizim, optik tasvirga olish, qog’ozni teshish va tayoqchani istalgan nomzod nomiga to’g’rilash usuli...

Eng asosiysi, ovoz berish va bu ovozning albatta hisobga olinishi, deyishadi ko’rgazma tashkilotchilari.

XS
SM
MD
LG