Breaking News

Bush va Kerri o'rtasida so'z jangi avjiga chiqmoqda - 2004-10-27


Jo’n Kerrining siyosiy reklamasi Prezident Bushni qoralaydi: "Bushning asl maqsadi - nafaqalarni qirqishdir."

Jo’rj Bushning siyosiy reklamasi esa o'tkirlikda Kerrinikidan qolishmaydi:"Kerri terrorizmni muammo deb qaramaydi. Xavfni anglamagan odam, bizni himoya qila oladimi?"

Xo’sh, bu ayblovlarni qaysisi haqiqat? Hech biri, deyishadi siyosiy tahlilchilar. Har ikkala nomzod bir-birini qoralab, bo’rttirib, saylovchilarni o’ziga og’dirishmoqchi.

Bruks Jekson Pensilvaniya Universitetidagi Xalq Siyosati Markazida tadqiqotchi; ishi siyosiy bayonotlardan haqiqat izlash. Unga ko’ra, Bush nafaqalarni qirqish taklifi bilan chiqqan emas. "Bush bir necha marta, aniq qilib, keksalarga beriladigan moliyaviy yordamga tegmaymiz, deb aytgan," deydi tahlilchi.

Kerrining aybnomasi bir jurnalda chiqqan noma’lum manbaga asoslanadi. Unda, Bush qayta saylansa, nafaqa tizimini xususiylashtirmoqchi, deyilgan.

Bush ham o’z navbatida Kerrining ayrim terroristlar haqidagi fikrini tanqid qiladi. Jumladan, Abu-Musab Zarkavi xususidagi: "Senator Kerri, Iroqda Zarkavi va boshqa terroristlarga qarshi kurashish, terrorga qarshi urushga halal beryapti, deb hisoblaydi."

Amerika siyosatini tahlil qilish bilan mashg’ul Norman Ornstaynning aytishicha, Prezident Bushning bu gapida hech qanday asos yo’q.

"U Kerrining gapini butunlar buzib, boshqa yoqqa buryapti. Kerri aslida, biz terroristlarga qarshi kurashishimiz lozim; Saddam Husseinga qarshi urush ochish asosiy maqsadni chetga qo’yish bo’ldi, degan," deydi u.

Nomzodlarning so’z jangi kundan-kunga kuchayib bormoqda. Bushga ko’ra, Kerri sog’liqni saqlash tizimini hukumat qo’li ostiga olmoqchi.

"Kerri va boshqa liberallar bu tizimni davlat idorasi qilishmoqchi," deyiladi prezidentning reklamasida.

Kerrining reklamasi esa Bushni Osama bin Ladenni qochirib yuborganlikda ayblaydi:

"Bush rahbariyati Afg’onistondagi qabila sarkardalariga tayandi. Osama bin Laden qochib ketdi."

Bush saylov kampaniyasi so’zlovchisi Jennifer Millervayz, Kerri xalqni qo’rqitishga urinyapti, deydi:

"Jo’n Kerri qo’rqitishni to’htatishi lozim. Bu qo’rqitish usulidir."

Kerrining siyosiy reklamalarini tayyorlagan Devid Akselro’dga ko’ra esa, Bush saylov kampaniyasi salbiylik ketidan chopmoqda.

Bush oylar davomida, Kerriga qarshi tuhmatlarga to’la reklama berdi; Kerri tomon javob berishni endi boshladi, deydi u:

"Agar biz Bushning xatolarga to’la faoliyati oldida jim tursak, demak biz ham xatoga yo’l qo’ygan bo’lamiz."

Amerikaliklar tinimsiz achchiq so’zlar va haqoratlar hukmronligida o’tadigan saylovoldi kampaniyalariga o’tganib ketishgan.

Ko’pchilik, bu singari holatlarga, saylov fenomenasi, deb qaraydi. Nomzodlar va ularning kampaniyalari uchun esa bu tabiiy jang.

XS
SM
MD
LG