Breaking News

Amerika bo'ylab ochiq iftorlar o'tyapti - 2004-10-28


Soat kechki oltiga yaqinlashar ekan, Vashington yaqinidagi turk restoranida iftorga tayyorgarlik yanada qizg’in tusga kiradi.

Oshxona egasi O’zkan Eren o’gli va uning xodimlari ro’za tutgan kishilarni xushlashga otlanishadi.

"Biz halol go’shtdan ovqat qilganimiz sababli, musulmon ho’randalarimiz iftor qilishga kelishadi. Yoki yarim soat erta kelib, uylariga ovqat olib ketishadi. Ba’zi birodarlarimiz esa qornimiz rosa och bo’ladi, deya tashvishlanib, juda ko’p ovqat sotib olishadi," deydi Eren o'g'li.

Restoran xodimlari kun bo’yi turli taomlar pishirish va xizmat ko’rsatish bilan band. Ammo, ular ham ro’zadagi kishilar. Ularning qanday ishlashayotgani boshqalarni ajablantiradi.

"Bu jamiyatda yashayotgan musulmon sifatida bizning vazifamiz – boshqalarga dinimizni gap bilan emas, ahloqimiz bilan ko’rsatishdir," deydi oshxona egasi. "Biz ularga Islomning chiroyini ko’rsatishimiz kerak. Odamlarni bu chiroy qaydan keladi, deya o’ylanishsin."

"Bu bizning asosiy ishimizdir," deydi markazi Vashingtonda joylashgan Amerika-Islom Aloqalari Kengashining bosh direktori Nihad Avad:

"Biz kengashimizda har yili AQSh bo’ylab yashayotgan musulmonlarni matbuotga gapirishga, omma bilan muloqot qilishga undaymiz. Ramazon paytida odamlarni, musulmonlar bilan aloqa qilib, Islom dinini yaqindan bilishga, musulmonlar qanday hayot kechirishini va dinlariga qanday rioya qilishlarini o’rganishga da’vat etamiz. Ayniqsa, Ramazon davrida odamlarga “eshigingiz ochiq tursin,” deymiz. Chunki, iftor kun botganda qilinadi, bu esa boshqalarning kechki ovqat yeyish paytiga to’g’ri keladi."

Mariland shtatida faoliyat ko’rsatuvchi bir musulmon markazida o’tgan shunday ochiq iftorga 300 ga yaqin kishi tashrif buyurdi.

"Mehmonlar ko’proq taomlar va namoz haqida, bizning qanday namoz o’qishimiz borasida qiziqishdi. Menimcha, g’oyalarimizni o’zaro almashish, nasroniylik va Islom haqida gaplashish juda foydali narsa. Bir-birimiz ni o’rganib, ancha yaqinlashamiz," deydi Zarina Mirza, mahalliy musulmonlardan biri.

Emi Stoun, musulmon emas. Ochiq iftorga kelib, ancha narsa o’rgandim, deydi u:

"Bu kecha, men musulmon markaziga kelib, eng ko’p narsani o’rgangan vaqtim bo’ldi, desam arziydi. Biz Ramazon haqida, iftorning ahamiyati xususida, Muhammad nima uchun odamlarni ro’za tutishga chaqirgani haqida gaplashdik. Shuningdek, odamlarning birligi, madaniyatlarni va taomlarni tushunishi muhim ekani haqida ham to’htaldik."

XS
SM
MD
LG