Breaking News

Bush, Kerri har bir ovoz uchun kurashmoqda - 2004-11-03


AQSh prezident saylovining shtatma-shtat natijalari hisoblanib chiqilyapti. Eng so’ngi hisoblarga ko’ra, Bush saylov kengashidagi ovozlar bo’yicha oldinda ketmoqda.

Ma’lumki, Amerika saylov tartibiga ko’ra, prezidentlikka saylanish uchun saylov kengashida 270 ovozni qo’lga kiritish lozim.

Saylov kengashida qancha ovoz olinishini esa har bir shtat saylovchilarining kimga ko’proq ovoz bergani belgilaydi.

Qayta saylanish payidagi Prezident Bush siyosiy jihatdan konservativ qarashga ega AQShning janubiy shtatlaridagi Alabama, Arizona, Arkanzas, Florida, Jo’rjiya, Tennesi, Texas, Missisipi, Luiziana, Shimoliy va Janubiy Karolina va Virjiniyada, qolaversa, mamlakatning markaziy-g’arbiy qismidagi shtatlar -Indiana, Missuri, Kentaki, Kanzas, Aydaho, Oklahoma, Yuta, Shimoliy va Janubiy Dakota, Vayoming va Nebraskada, shuningdek, G’arbiy Virjiniya shtatidagi saylov kengashi ovozlarini qo’lga kiritdi.

Demokrat nomzod, Senator Kerri esa siyosiy jihatdan hamisha Demokratlarni yon bozib kelgan hududlar, ya’ni Amerikaning g’arbiy va sharqiy sohillari bo’ylab joylashgan shtatlar, jumladan Kaliforniya, Oregon, Vashington, Konnektikut, Nyu York, Ro'd Ayland, Vermont, Massachyusits, Nyu Hampshir, Meyn, Nyu Jersi, Pensilvaniya, Delaver, Meriland va Kolumbiya Okrugi, hamda Illinois, Minnesota, Gavaya orollari, Michigan kabi shtatlarda g’olib deb topilgan.

AQShdagi ba’zi ommaviy axborot vositalari, Kerri saylov natijasida eng muhim rol o’ynovchi Ohayoda boy berdi, deya ma’lumot tarqata boshlagan edi. Kerri saylov kampaniyasi bu axborotni rad etib, Ohayoda ovoz sanalib bo’lgani yo’q, deb chiqdi.

Jo’n Kerrining saylov kampaniyasi, Respublikachi va Demokratlarni deyarli teng ravishda quvvatlab kelayotgan Ohayoda berilgan ovozlar hali ham sanalmoqda va bu borada xulosa qilishga hali juda erta, deb bildirdi.

Kerri, bu shtatdagi barcha ovozlar hisoblanib chiqilsa, albatta men yutaman, deya ishonch bildirmoqda. Xullas, Ohayo bu saylov natijasini hal etishi mumkin.

Prezident Bush va rafiqasi Laura, hamda ularning egizak qizari ona shtatlari Texasda, ularning uyi joylashgan Kro’fard shaharchasida ovoz berishdi. Ovoz berib chiqqach, prezident shunday dedi:

"Nimaga qodir ekaningni ko’rsatib, qaror qilishni xalqqa qo’yib berish kishiga zavq ba’gishlaydi. Men yutishimga ishonaman.”

Demokrat nomzod Jo’n Kerri esa o’z ovozini, kunning ikkinchi yarmida, vatani Massachyusits shtati poytaxti Bostonda berdi. Rafiqasi Tereza hamrohligida, tarafdorlariga qarata shunday dedi:

“Katta o’zgarishlar qilmoqchi ekanimizni xalqqa isbotladik, deb ishonaman. Eng muhimi, Prezident ham, men ham mamlakatimizni sevamiz. Odamlarning ovoz berishi juda muhim.

Bu saylovda fuqarolar nafaqat navbatdagi prezident kim bo’lishi uchun, balki AQShni qiynayotgan bir qator siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan ham ovoz berishdi.

Masalan, Kalifoniya saylovchilari negiz hujayra tadqiqotlarini hukumat tomonidan moliyaviy quvvatlanishini ma’qullashgan. Bu degani, endi Kaliforniya hokimiyati 3 milliard dollarga teng qimmatbaho qog’ozlarni sotib, tushgan pulni bu ilmiy izlanishlarga sarflaydi.

Boshqa bir g’arbiy shtat Oregonda esa, saylovchilar marixuananing tibbiyotda keng ishlatilishiga qarshi ovoz berishgan.

Montanada esa buning aksi: shtat tarixida ilk marta, marixuanadan dori sifatida foydalanishga yo’l ochuvchi qonun loyihasi ma’qullangan.

XS
SM
MD
LG