Bush yutdi, Kerri yutqazdi... - 2004-11-04


2004 yilning uchinchi noyabri AQSh tarixidagi muhim kun bo'ldi.

2 noyabr kuni kechgan saylovlar natijasida amaldagi Respublikachi Prezident Jo’rj Bush qayta saylandi va uning raqibi Demokrat Senator Jo’n Kerri unga boy berganini tan oldi.

Ovozlar hali ham sanalmoqda, ammo Bush saylanish uchun zarur 270 dan ortiq saylov kengashi ovozini, hamda xalq orasida ko’pchilik ovozni qo’lga kiritib bo’lgan.

Kerri jami 252 ovoz oldi. Ona shahri Bostonda tarafdorlari oldida so’zlar ekan, Jo’n Kerri, barcha ovozlar sanalgan taqdirda ham “bizning g’alaba qilmasligimiz tayin,” dedi:

“ Saylov kampaniyasi menga Amerikani yanada ardoqlashni o’rgatdi… Xalqimiz bilan yaqindan tanishdim, ularga quloq tutdim... Amerika xalqiga maqsadimni tushuntirishga urindim va uning xurmatiga sazovor bo’ldim.“

Sobiq nomzod, Prezident Bushga qo’ng’iroq qilib, uni g’alaba bilan tabriklaganini aytar ekan, “suhbatimiz mazmunli o’tdi,” dedi.

Uning fikricha, siyosiy jihatdan ikkiga bo’lingan Amerika endi qayta birlashishi va haqiqatni tan olib hayotini davom ettirishi lozim.

“AQSh askarlari xavf ostida. Amerikaliklar birdam bo’lib, Iroqda muvaffaqiyat qozonishi zarur. Terrorizmga qarshi kurashda g’alaba qozonishimiz darkor,” dedi Jo’n Kerri.

Uning vitce-prezidentlik uchun ko’rsatgan nomzodi Jo’n Edvards Kerrini buyuk amerikalik, deb atadi va saylovchilarga, “sizning har bir ovozingizni hisobga olinishini ta’minlash uchun so’z beramiz,” dedi.

Kerrining nutqidan bir soat keyin, poytaxt Vashingtonda Bush, ikkinchi muddatga saylanganini g’alaba qildi.

“O’tgan to’rt yil ichida Amerika xalqi boshiga ko’p og’ir kunlar tushdi, lekin rahbariyatning qattir mehnati va odamlarning bizga nisbatan ishonchi, barcha qiyinchiliklarni asta-sekin yengayotganimizga sabab,” dedi prezident.

Bush ikkinchi muddatda ham hozirgi konservativ siyosatini davom ettirmoqchi. Tashqi va ichki siyosiy maqsadlarini olg’a surib, kuni kecha Kongresga saylangan yangi vakillar bilan yaqindan ishlayman, dedi.

Aytish kerakki, saylov natijasida Kongresdagi Respublikachilar kuchi yanada oshdi. Ular ham Senatda, ham Vakillar Palatasida ko’pchilikni tashkil etadi.

“Xalqning ishonchini oqlash uchun qo’limdan kelgan barcha ishni qilaman… Qachonki birdam ekanmiz, buyuk Amerika hech kimga bosh egmaydi, “ dedi Bush.

Prezident Bush har ikki yirik partiya bilan teng hamkorlik qilishga so’z berdi.

XS
SM
MD
LG