Breaking News

AQSh Kongresi Respublikachi parlamentga aylanish arafasida - 2004-11-04


2 noyabrgi saylov natijasida AQSh Kongresida katta o’zgarishlar yuz berdi.

Janubiy Dakota shtatilik Respublikachi Kongresmen Jo’n Tyun Senatdagi Demokratlar yetakchisi, Vashingtondagi eng kuchli Demokrat To’m Dashlning o’rnini qo’lga kiritdi.

Har ikki nomzod saylov uchun o’n millionlab dollar sarflashdi.

"Menga ovoz bermaganlar, bu oqshom boshqa bir kishining g’alabasiga ko’z tayotganlar, sizlarga buyuk demokratik jarayonda qatnashganingiz uchun rahmat," dedi Tyun ommaga gapirarkan.

Respublikachilar AQSh Kongresining har ikki palatasida ham ko’pchilikni tashkil etishadi.

Endilikda Senatning 100 a’zo ichidan 51 nafari Respublikachidir. Ularning soni 435 qonun chiqaruvchidan iborat Vakillar Palatasida ham ortdi.

Senatdagi Respublikachilar yetakchisi Bill Frist, "g’alabamiz amerikaliklarning Respublikachi Kongresni ma’qul ko’rishini bildiradi," dedi.

Uning aytishicha, “...bu yirik mandat emas, balki tasdiqlashdir. Bu Prezident Bush boshchiligida Amerikaning kuchli ishonch bilan olg’a siljishidir."

Saylov Demokratlarga katta zarba berdi, ammo ba’zi shtatlarda natija yomon emas.

Demokratlar shtati Illinoisda yosh siyosatchi Barak Obama senatorlikka saylandi.

Muhojirlar farzandi Obamaga, Demokratik Partiya kundan-kun porlayotgan yulduz sifatida qaraydi.

"Respublikachilar o’zlarini Amerika an’analarini yaxshiroq asray oladigan siyosatchilar sifatida ko’rsatishda ustalik qilib, biz Demokratlarni qadriyatlarga qarshi turuvchi odamlar sifatida tasvirlashadi," deydi u.

Obama AQSh Senatidagi yagona qora tanli qonun chiqaruvchi bo’ladi.

XS
SM
MD
LG