Amerikadagi musulmon yoshlar: "Ramazon birdamlik davri..." - 2004-11-08


Ramazon oyining har kunida Vashingtondagi Jo’rjtaun Universitetining musulmon talabalari birga namoz o’qishadi, birga iftor qilishadi.

Og’izni oddiy, talabalarga xos ovqatlar bilan ochishadi, turli sendvichlar, qovurilgan kartoshka va rang-barang ichimliklar.

Talabalarning ko’pi Amerikada tug’ilib o’sgan yoshlar. Chet elliklarni ham ko’rasiz: gaanaliklar, turkiyaliklar…

Ba’zilar, ro’za tutib, boshqalardan ajralib turamiz, deyishadi. Turkiyalik bir talaba vatanida ro’za o’zgacha ruhda o’tishini aytadi:

"Turkiyada, albatta boshqacha. U yerda musulmonlar ko’pchilikni tashkil etadi; muhit boshqacha u yerda. O’zingizni uydagidek his qilasiz. Lekin Amerikada kishi vatanidan uzoqda bo’lgani bois dinni, ana’analarni yanada qadrlaysiz. Shuning uchun hammasi boshqacha."

Ro’za tutish musulmon mamlakatda osonroq emasmi?

"Ha," deydi u, "lekin AQShda o’z fikringiz va qarashlaringizni ochiq bildira olasiz. Yaqin Sharq mamlakatlaridagi muhit bunchalik erkin emas. Musulmon sifatida men o’zimni bu yerda juda qulay his etaman. Ro’zani ham bemalol tutasiz. Men amerikaliklarning Islomga nisbatan ko’rsatayotgan xurmatlaridan minnatdorman."

"Ona vatanimda, Ramazon oyi bu jamoatchilikning birdamlik davri," deya hikoya qiladi gaanalik talaba. "Iftorni oilangiz qatorida o’tirib, yaqinlar bilan baham ko’rasiz. Mana shu asosiy farqdir. Bu yerda unday emas. Hamma narsani shosha-pisha qilasiz. Birga o’tirish yo’q. Menimcha, xuddi shu narsa eng katta farq bo’lsa kerak."

Biznes boshqaruvi sohasini o’rganayotgan Shahid Omonulla faol musulmon talabalardan biri. Kaliforniyada katta bo’lgan bu yigit asl vatani Hindistonda yashayotgan paytda hech ro’za tutmagan ekan.

"Bu juda qiziq, chunki Ramazon men uchun shaxsiy narsa boldi. Oila qadrini anglatadi… Meni ancha chuqurroq o’ylashga majbur qildi…," deydi u.

"Ko’pincha iftorni yo’lg’iz o’tirib qilaman. Namozni ham yolg’iz o’qiyman. Bu paytda Ollohning siz bilan ekanini, u sizning hamrohingiz ekanini his etasiz. O’sha lahzada kishi ancha o’ylanadi."

Pokistonlik bir talabaning aytishicha, Islomda kishining qaysi yurtdan ekani farq qilmaydi:

"Islomga dunyoning har qanday burchagida e’tiqod qilish mumkin. Chunki, unda sizning qayerlik ekaningiz emas, sizning aslida kimligingiz, ichki dunyongiz, sizning xudo bilan muhosabatingiz muhim. Xudoga ishonish uchun sizga masjid, cherkov, davlat yoki hukumat kerak emas."

Shahid Omonullaning fikricha, musulmon dunyosidan uzoqda ro’za tutish ko’p narsa talab qiladi:

"Biz Ramazon qoidalariga rioya qilmaydigan jamiyatda yashaymiz. Shunday ekan, bu muhitga ko’nikish kerak. Masalan, men hozir og’zimni ochaman-da, dasrga yuguraman. Undan keyin uyga qaytib, bemalol ovqatlanaman. Bilasizmi, bu oson emas, bu kishidan ko’p narsa talab qiladi. Umid qilamanki, buning menga foydasi bo’ladi. Balki bir kun kelib, AQShda ham, boshqa mamlakatlardgai singari, barcha musulmonlar yig’ilib, iftor qiladigan katta maskanlar tashkil etilar. Hozircha, iftorni yol’giz qilaveramiz."

Jo’rjtaun Universitetining o’z imomi bor. Talabalar unga Zohir aka, deb murojaat qilashadi. Imom iftorda va namoz paytida talabalar oldidan jilmaydi.

Pokistonlik va bangladeshlik muhojir oilalaridan chiqqan ba'zi yoshlar uchun Amerikada ro’za tutish uncha qiyin emas. Ularga ko’ra, Ramazon birdamlik davri.

"Bilasizmi, Amerikada islomga qiziqish so’ngi paytlarda juda kuchaydi. Chunki, bu yerdagi musulmon avlodlar, ularning farzandlari o’z dinlari, urf-odatlari haqida boshqalarga gapirishdan to’htashmaydi. Islom haqida ko’p gapiriladi. Endilikda kimningdir hamkasbi yoki do’sti ro’zada ekanini ko’rasiz," deydi ulardan biri.

"Men Amerikaning markaziy-g’arbiy qismida, Minnesota shtatida tug’ilib, o’sganman. Hamma Ramazonlarni shu yerda o’tkazib kelyapman. Ro’za va boshqa diniy urf odatlar yordamida kishilar o’z madaniyatlari, taomlari va boshqa etnik boyliklarini asrab kelishadi. Mening nazarimda, hozirda ro’za umumdunyoviy odatga aylangan. Uni Misrda, Bangladesh yoki Amerikada tutish o’rtasida farq yo’q," deydi yana bir boshqasi.

XS
SM
MD
LG