Breaking News

AQSh musulmonlari siyosiy faollikka intilishmoqda.  - 2004-11-12


Amerika musulmonlarining AQSh hukumatining Yaqin Sharq masalasiga nisbatan siyosatiga qarshi Vashington ko'chalarida namoyishga chiqqan davrlari ham bo'lgan.

Siyosiy tahlilchilar, o'shanda, shu paytgacha sukunatda yashagan musulmonlar endi baralla gapira boshlashdi, deya ta'kidlashgan di.

Hozirda bu holni Mariland shtatining Frederik shahrida kuzatish mumkin.

AQSh tarixdan nasroniylar o'lkasi bo'lib kelgan. Ammo, endilikda bu o'zgarmoqda.

Musulmonlar Amerika aholisining to'rt millionini tashkil etishadi. Ularning ko'pi, yirik shaharlarda emas, Frederik kabi kichik joylarda yashashadi.

Tish shifokori Umar Mahmassani Frederikda 10 yildan beri ishlab keladi. U va boshqa musulmonlar bir xususiy, kichkina imoratni masjidga aylantirishgan. Jamoa katta masjid qurishni maqsad qilgan.

"Aslida bu bizning bizning aybimiz. Biz o’zimiz tezroq harakat qilmadik. Shu yer fuqarosi ekanimizni bildirmadik," deydi Mahmassani.

U mahalliy siyosatni o'rganyapti. Masjid qurish uchun yer va kerakli mablag' bor. Ammo, ba'zida bu yetmas ekan.

"Amerikada o’z ovozingizni bildirishingiz, istagingizni ochiq aytishingiz juda muhim. Siyosatda qatnashish kerak," deydi u.

Yangi masjid quchun tanlangan joy ustidan huquqiy tortishuv chiqdi. Mahalliy hokimiyat bu yerdan suv va kanalizatsiya quvurlari o'tadi, deya bu joyda qurilish bo'lishiga ruxsat bermadi.

Frederik musulmonlari jamiyati prezidenti Xalil al-Shazli, muammoni graflik hukumatiga olib chiqdi.

U, graflik qonuniga binoan, masjid qurilishi mo'ljallangan joydan suv va kanalizatsiya maqsadida foydalanish maan etilganini da'vo qildi.

"Bu qonun. Kimdir uni xato deyishi mumkin, ammo qunun bu qonun," dedi musulmon yetakchi.

Lekin graflik hukumati da'voni rad etdi. Unga ko'ra, hudud xalqning suv va kanalizatsiya nisbatan talabini qondira olmayapti va shu bois qurilishga yo'l yo'q.

"Masjidni bu yerga bo’lmasa, boshqa joyga quramiz. Hammamiz shu yerda ishlab, shu yerda yashaymiz. Biz hech yerga ketmaymiz. Ertami, kechmi, shu yerda masjidimiz bo’ladi," deydi Mahmassani.

U, farzandlarining mo'min musulmonlar bo'lib yetishishini istaydi. Musulmon sifatida faxrlanishsin, deydi u:

"Sinfda o’rnilaridan turib, uyalmasdan, tortinmasdan, baralla “men musulmonman” deya olishsin. Men ularning, oilamning shunday bo’lishini xohlayman."

AQSh shaharlari va qishloqlari bo’ylab, ko’plab musulmonlar shtat va umummamlakat siyosatiga aralashishni boshlashgan.

Amerika Islom Aloqalari Kengashi vakili Ibrohim Huperning fikricha, AQSh siyosatiga kirishga qiziqqan musulmonlar juda ko'p.

"Musulmonlar o’rasida siyosatda qiziqqanlar soni ortib bormoqda. Biz, ommaviy so’rovlarimizda odamlardan, 'Musulmonlar siyosatga aralashishi kerakmi?' deb so’radik. Javob berganlarning 95 foizi, 'Ha, musulmonlar ham mahalliy, ham umummamlakat siyosatida qatnashishi kerak,' deyishdi."

E'tiqodlarini bemalol namoyon eta olish maqsadida bir necha musulmon yoshlar Vashingtonga to'planib, siyosat yuritish va yetakchilik qilish sirlarini o'rganishyapti.

Seminarlar paytida talabalar galma-gal ovqat qilishdi. Taom ustida ular o'zlarining siyosiy rejalarini o'rtoqlashishadi.

Mashg'ulotlar, turli etnik guruhlarga mansub musulmonlar birdamligini va ularning siyosiy faolligini tashviq qiluvchi maxsus dastur orqali tashkil etildi.

Yoshlar ikki oy davomida AQSh hukumatining turli jabhalarida tajriba oshiradi.

Sana Fadil universitetni bitirgach, atrof-muhit muhofazasi uchun kurashmoqchi. U "Zamin do'stlari" degan no-hukumat tashkilotga ishlaydi.

Sana tashkilotning, tabiatni asrash yo'lidagi yangi kampaniyasini tashkil etishda hissa qo'shdi.

Musulmon yoshlar uchun mo'ljallangan dasturda qatnashib, ozgina bo'lsa-da tajriba oshirib, musulmon faol bo'lishni o'rgandim, deydi u:

"Bu yerga kelishimdan maqsad, xalq siyosatida Islomiy fikrga yo’l ochish. Bu hayotimdagi ikki muhim narsani, dinim va faolligimni birlashtiradi."

"Qarangki, AQSh tarixida jamoatchilik degan narsa ilk bor vujudga kelmayapti. Musulmonlar o’zlari uchun kurashgan yagona guruh emas." deydi siyosiy fanlar professori, musulmon, Yahyo Sadovski.

Uning nazarida AQSh musulmonlari tarqoq holda yashashadi. Siyosiy kuchga ega bo'lish uchun etnik chegaralarni buzib, bir musulmon jamoasiga aylanish zarur, deydi u:

"Shunday ekan, jamoani vujudga keltirish bizning asosiy maqsadimiz bo’lishi kerakmi? Jamoani tashkil etish-chi? Musulmonlar bu borada ochiq, tortinmay gapirishga tayyormilar?"

Amerika musulmonlari AQSh siyosatining turli jihatlarini o'rganishmoqda. Ular, bu rang -barang va murakkab jamiyatda o'z o'rnilarini topishlari uchun, siyosiy faollikni kuchaytirmas bo'lmasligi, anglashmoqda.

XS
SM
MD
LG