Breaking News

"Islomning qanday din ekanini mana endi tushundim." - 2004-11-12


Tariq Qodir, "Islomga tinch yo’l bilan e’tiqod qilayotgan musulmonlarni tasvirga tushirdim," deydi.

Bu amerikalikning maqsadi jahon hamjamiyati, ayniqsa, AQSh ommasiga Islomning asl ko'rinishini namoyish etish. Jumladan, deydi u, kuniga besh vaqt namoz o’qib, xudoga itoat qilishni.

Tariq Qodir olgan lavhada siyosiy masalalarga nazar tashlanmaydi. "Umidim, haqiqiy musulmonlar va Islomni suiste’mol qilayotgan radikal oqimlar o’rtasidagi farqni ko’rsatish."

Uning fikricha, Islom zo’ravonlikni qoralaydi. "Terroristlar uni, begunoh odamlarni o’ldirish uchun qo’llashadi, deb hech o’ylamagan edim," deydi Tariq:

"Kimdir, “Men musulmonman,” deb yovuzlikka qo’l ursa, buning uchun dinni ayblamaslik kerak. Hammamizni g’azabga keltirib, dahshatga solgan bir qora niyatli guruh sabab ko’pchilik musulmonlarni yomon otliq qilish kerak emas."

Tariq Qodir hujjatli filmi ustida ishlab, Saudiya Arabistoniga safar qildi. "Muqaddas Makkaga borganimda, Ollohga ishonchim yanada ortdi," deya hikoya qiladi u:

Bu men uchun burilish nuqtasi bo’ldi. Chunki, shu paytgacha, Islomga jiddiy nazar tashlamagan edim. Shu bois, o’z ruhiyatimni yangilagandek his etdim.

Tariq hujjatli filmi deb, ishini tashladi. Tinimsiz izlandi; kichkina video kamera sotib oldi. O’z cho’ntagidan to’lab, bir yildan ziyod vaqt mobaynida olti mamlakatga – Turkiya, Marokash, Misr, Britaniya, AQSh, hamda asl vatani Bangladeshga safar qildi.

Uning bir yarim saotlik hujjatli asari – “Tavhid, ya’ni Yagona,” deb nomlanadi. Muallif filmda musulmonlarning diniy va madaniy faoliyatlari aks ettirishga harakat qiladi.

"Men shunga amin bo’ldimki, turli musulmon mamlakatlarida, madaniyat o’zgacha bo’lsa-da, e’tiqod birligi mavjuddir. Bu borada yagona tushuncha hukm suradi," deydi u.

Tariq Qodirning hujjatli filmi AQSh bo’ylab, turli shaharlarda namoyish etildi. Uning o’zi Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida yashaydi.

Film orqali musulmonlar ma’naviyatini oshirmoqchi bo’ldim, deydi muallif: "Musulmonlar menga, dinimizning shu paytagacha e’tibordan chetda qolib kelgan tomonlarini o’rgandim, deyishdi…"

"Musulmon bo’lmagan ba’zi tomoshabinlar esa, “Islomni qanday din ekanini mana endi tushundim; bunday deb hech o’ylamagandim; matbuotda, Islomni urush va zo’ravonlik haqidagi din sifatida ko’rganman,” deyishdi."

Tariq filmini yaqinda talabalarga namoyish etib, ular bilan Islomning muqaddas kitobi sanalmish Qur’on haqida haqida suhbatlashdi.

Ushbu munozarada qatnashgan yoshlardan biri, videolavha haqida shunday fikr bildirdi:

"Menimcha, insonlar Qur’onga binoan hayot kechirishsa, demak ular haqiqiy musulmonlar. Aks holda, agar bin Ladinning gapiga kirib, begunoh odamlarga zarar yetkazishsa, jamiyatga putur yetadi."

Tariq Qodirning o'zi esa shunday xulosa qiladi: "Xudo shohid, men qo’limdan kelganini qildim. Odamlarning film haqidagi fikrini eshitib, foydali ish qilganimni bildim."

XS
SM
MD
LG