"Pauelning iste'foga chiqishi musulmon dunyosi uchun quvonchli xabar emas."  - 2004-11-17


AQSh davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri, Kolin Pauel iste’foga chiqishga qaror qildi.

Yangi vazir tayinlangunga qadar lavozimdagi Pauel, tashqi siyosat bobida ish ko’p, deydi:

"Men vazirlikning, Prezidentning tashqi siyosatini amalga oshirish yo’lida o’tgan yillardagidek ildam harakat qilishda davom etishini istayman. Qiyinchiliklar ko’p; imkoniyatlar ham kam emas. Oxirgi, so’ngi daqiqagacha ishlashga so’z beraman."

Pauel xalqaro miqyosdagi dolzarb mavzulardan biri -Yaqin Sharq masalasi bilan shug’ullanishda davom etmoqda.

Falastin rahbari Yassir Arafat qazo qilganidan beri, u Isroil tashqi ishlar vaziri Silvan Shalom bilan uchrashib, Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash yuzasidan muzokaralarni qayta boshlash haqida gaplashdi.

Shalom Pauelga shunday murojaat qildi:

"Siz Isroilning yaqin do’stisiz, lekin siz avvalo, tinchlikning do’stisiz. Shu bois, siz mintaqamizning yorqin kelajagi, barqarorligi, xalqiga umid bag’ishlash yo’lida qo’lingizdan kelgan barcha ishni qilib kelyapsiz."

Vashingtondagi Brukings ilmiy instituti xodimi, siyosiy tadqiqotchi Umar Toshpinorning fikricha, Pauelning iste'foga chiqishi musulmon dunyosi uchun quvonchli xabar emas.

"Pauel ishdan bo’shayapti. Musulmon dunyosi, endi kim uning o’rniga o'tirar ekan, degan xavotirda. Eng qo’rqinchli tomoni, balki bu lavozimga Po’l Volfovits yoki Kondoliza Rays kabi bir tomonlama siyosatni ma’qullovchi va xalqaro hamjamiyat bilan kengroq miqyosda hamkorlik qilishga e'tirozi bor arbob o’tirishi mumkin, deya tashvishlanishmoqda. Mabodo, Pauelning o’rnini ana shunday kishi egallasa, bu AQSh va musulmon dunyosi o’rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi."

Olimning fikricha, Kolin Pauelning o’rniga kelgan kishi musulmon dunyosi nazarida, aynan Bush rahbariyatining Yaqin Sharqdagi maqsadlari uchun xizmat qiladi.

Pauelga esa, musulmonlar, Bush rahbariyatidagi kabutar, erkin fikrlovchi arbob, deb qarab kelishgan.

Umar Toshpinorning aytishicha, Pauel Prezidentga va boshqa vazirlarga o’z qarashlarini, ayniqsa Iroq masalasiga nisbatan fikrini ochiq, to’g’ridan-to’g’ri bildirib kelgan.

Bu, davlat kotibiga arzonga tushmadi, deydi professor Dennis Jo’nson:

"Iroq urushining og’ir kunlarida, Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi ittifoqdoshlarga qarshi yurish, ularni ajratib qo’yish, menimcha, Kolin Pauelga og’ir botdi. Urush rejasi AQSh mudofaa vazirligi, hamda davlat xavfsizligi bilan mashg’ul odamlar tomonidan tuzildi. Pauelni bunga qo’shishmadi."

Pauel AQShdagi safdoshlari fikriga doim ham qo’shilavermagandir, ammo boshqa davlat vakillari uni oliy darajali diplomat, deya tilga olishadi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Jek Stro’v Pauelni buyuk askardan buyuk davlat arbobiga aylangan shaxs, desa, Germaniya tashqi ishlar vaziri Joshka Fisher, Pauel hamisha, hatto Iroq urushi sabab AQSh va Germaniya aloqalari keskinlashgan paytda ham, bizning do’stimiz bo’lgan, deydi.

Falastin siyosatchisi Soyib Erekat, falastinliklar Pauelni chuqur xurmat qilishadi, deydi.

Pauelning o’zi esa, lavozimdan ketishim, AQSh tashqi siyosatiga umuman ta’sir qilmaydi, deydi.

"Biz oldinga siljishda davom etamiz. Biz Kolin Pauelning emas, Prezidentning siyosatini amalga oshiryapmiz."

Balki shundaydir, ammo kuzatuvchilar, Pauel dunyo sahnasida o’z o’rniga ega va bu o’rinni bosish oson bo’lmaydi, deyishadi.

XS
SM
MD
LG