Breaking News

Klinton ona shahrida o'z prezidentlik muzeyini ochdi.  - 2004-11-19


AQShni 1992-2000 yillarda boshqargan Bill Klinton ona vatani Arkanzas shtatida o’z rasmiy muzeyi va kutubxonasini ochdi.

Yomg’ir ostida o’tgan marosimda sobiq prezidentlardan keksa Bush va Jim Karter, hamda hozirgi Prezident Jo’rj Bush qatnashdi.

Arkanzas daryosi bo’yida o’tgan tantanaga 30 ming kishi yig’ildi. Xususiy homiylardan tushgan 165 million dollar evaziga bunyod etilgan muzeyda Klinton prezidentligiga doir 100 million dona namuna qo’yilgan.

Sakkiz yillik tarixni qoplovchi hujjatlarni ko’rasiz. Yaqin Sharq masalasiga oid Oslo Bitimi va Klinton va Monika Levinski orasida bo’lgan ishqiy aloqalar haqida batafsil hikoya qilinadi.

Prezident Bush, Klintonni cheksiz mehr-muhabbat sohibi, deya ta’rifladi:

"Bu maskan, mamlakatimizning asl maqsadi va umidlari uning 42-prezidenti hayotida ro’yobga chiqqanini ko’rsatadi. Klinton Prezidentlik Kutubxonasi kelajakka ishongan kishining kelajak uchun qoldirayotgan buyuk sovg’asidir. Biz unga Amerikani sevgani va unga xizmat qilgani uchun tashakkur bildiramiz."

Bush Klintonni Yaqin Sharq istiqboli uchun tinimsiz tek to’kkan arbob, deb atadi.

Klinton Bushga tantanaga kelgani uchun rahmat aytarkan, u, Bush prezidentlikka qayta saylanib, o’zining prezidentlik kutubxonasi ochilishini yana to’rt yilga kichiktirdi, dedi:

"Sizni qayta saylanganingiz bilan qutlab, xudo sizga quvvat bersin, deyman. Ayniqsa, Yaqin Sharqqa tinchlik kelishi mumkin, deb umid qilinayotgan shu kunlarda. Men ilk bor Bushning nutqini eshitganimda, do’stimga, 'voy xudo, bu odam bizni yutadi, u yaxshi siyosatchi' degandim."

O’tgan saylov mamlakatni ikkiga bo’ldi. Tantanada so’zlagan kishilarning deyarli hammasi bu holga ishora qilib, xalqni birdamlikka chorlashdi.

Oq Uyning sobiq bekasi, hozirda senator Hillary Clinton shunday dedi:

"Mamlakatimizning o’tmishi, hoziri, va kelajagini namoyon etuvchi kishilar bilan yonma-yon turganimdan ba’goyat xursandman. Bu juda ahamiyatli onlardir. Bu bilan biz amerikalik sifatida birdam ekanimizni ko’rsatyapmiz."

Sobiq Prezident Jimmi Karter, boshqa davlatlar, Amerikadan o’rnak olishlari kerak, dedi:

"Siyosiy jihatdan juda mashaqqatli kechgan bu yilning oxirida, dunyo, bu mamlakatning ikki Demokrat va ikki Respublikachi prezidentining, ularga ishongan buyuk xalqi oldida xurmat bajo keltirayotganiga guvoh bo’lmoqda."

Sobiq prezident Klinton AQShdagi ikki yirik siyosiy tomon haqida gapirarkan, jumladan shunday deb ta'kidladi:

"Amerikada ikki turli siyosiy g’oya ostida birlashgan partiyalar bor. Ularni hozir sahnada turgan odamlar timsoli ko’rish mumkin. Konservatizm o’tib bo’lmaydigan chiziqlarda ega. Progressivizm esa keraksiz, avvalo qurilishi umuman nojoiz bolgan to’siqlarni buzishga urinadi. 1992 yilda biz Amerikani XXI asrga tayyorlash uchun o’sha zarur va zarur bo’lmagan to’siqlardan o’tishimiz kerak edi."

Klintonning prezidentlik kutubxonasi ochilishida, uning qo’li ostdia xizmat qilgan qator arboblar, shunindek, Demokratik partiyaning taniqli a’zolari, jumladan saylovlarda amaldagi prezidentga boy bergan sobiq vitce prezident Al Go’r va Senator Jo’n Kerri ham qatnashishdi.

Tantana musiqasiz o’tarmidi? Xonanda Bono, hamda talabalar xo’ri ijro etishdi. Osmon uzra, Klinton sharafiga Arkanzas shtati havo kuchlari parvoz qildi.

Marosim so’ngida, Klintonning qizi Chelsi sahnaga AQSh davlat ma’naviy boyliklari boshqaruvchisi Jo’n Karlinni taklif qildi.

"Janob Carlin, sizga va Amerika xalqiga Vilyam Jefferson Klinton Jamg’arma Markazi va Kutibxonasining kalitlarini topshiraman," dedi u.

XS
SM
MD
LG