Breaking News

AQSh markaziy razvedka boshqarmasi "elakdan" o'tkazilmoqda. - 2004-11-22


AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasida katta o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda.

Idoraning yangi direktori, sobiq qonun chiqaruvchi Porter Goss ishga tushar ekan, qator rasmiylar, birma-bir, lavozimlaridan bo’shamoqdalar. Jumladan, bosh razvedkachi Stefen Kappes va o’rinbosari Maykl Sulik.

Buning ustiga, razvedka boshqarmasining ikkinchi o’rindagi rahbari Jo’n MakLo’flin ham, shaxsiy sabablarga ko’ra, ishdan ketayotganini bildirdi.

Osama bin Laden bilan bog’liq josuslik ishlarini boshqargan va ismini qo’ymagan holda ikkita kitob yozgan agent Maykl Shur ham ishdan ketishga qaror qildi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasining rahbariyati birdaniga o’zgardi, deydi u:

"Boshqarmada mish-mishlar ko’paydi. Shaxsiy kelishmovchiliklar sababmi yoki ba’zilarning gapiga qaraganda, razvedka boshqamasi Respublikachilar emas, Demokratik Partiya tomonida edi; balki shu bois hamma ishdan olinayotgandir, degan gap tarqaldi. Menimcha, yuqoridagi fikr notog’ri."

2001 yilning 11 sentyabridagi voqealar va undan avvalgi ahvol ustidan tekshiruv olib borgan Kongres qo’mitasi va mustaqil komissiya, boshqa federal idoralar orasidan, ayniqsa, Markaziy Razvedka Boshqarmasi ishini keskin tanqid qilgandi.

Ba’zi tahlilchilarning fikricha, bosh razvedkachilar yangi rahbar Porter Gossning bosimi ostida ishdan bo’shashmoqda.

Kuzatuvchilar, Goss, Prezident Bush va uning siyosatini xush ko’rilmaydigan idora, deb ta’riflanuvchi boshqarmani elakdan o’tkazmoqda, deyishadi.

Respublikachi Senator Jo’n MakKeynga ko’ra, Gossning razvedka boshqarmasini yangilashga haqqi bor. Uning fikricha, yangi direktor AQShning keksa razvedkachilar tomonidan salbiy tasvirlanmoqda.

"Har qanday o’zgarishga qarshi bu kishilar Gossga qarshi chiqishmoqda. Boshqarmaning bugungi ahvoli talabga javob bermaydi. Idora tartibsiz holga tushib qolgan," deydi senator.

Demokrat qonun chiqaruvchi Jeyn Harman esa, razvedka boshqarmasida o’zgarishlar bo’lishi zarur, ammo direktor Porter Goss bu jarayonni nojoiz va noma’qul ravishda olib bormoqda, deya ta’kidlaydi:

"U o’zgartirishlarni har tomonlama tinch va ijobiy ravishda qilishi kerak. Ishidan ketayotgan mulozimlar gazetalarga gapirishyapti."

Sobiq razvedkachi Shurning nazarida, keksa josuslar, Iroq va 11 sentyabr voqealari bilan bog’liq mahfiy ma’lumotlar yuzasidan, aynan, razvedkachilarning yomon otliq qilinganidan ga’zabdalar.

"Menimcha, razvedka xizmati xodimlari tinimsiz yog’ilayotgan ayblovlardan to’yib ketishdi. Birinchidan, Goss boshchiligidagi Kongres qo’mitasidan; ikkinchidan, 11 sentyabr voqealarini tekshirgan komissiya tanqididan," deydi u.

Maykl Shurning ikki kitobi ham AQSh hukumatini terrorizmga qarshi kurashni eplay olmayotganlikda ayblaydi.

Razvedka boshqarmasi kitoblarni Prezident Bushni tanqid qilish uchun ataylab yozdirgan, deya sharhlayotganlar ko'p.

Ularning aytishlaricha, nusxalar odatda avval boshqarma rahbariyati qo’lidan o’tadi. Bundan tashqari, sobiq josus matbuotga hech qanday ruxsatsiz intervyu berayotgan edi. Lekin, ishdan bo’shamashimdan sal oldin, "ommani kitoblarim Bushga qarshi yozilgan emas, deya ishontirishga urinar ekanman, matbuotga gapirishimni cheklashdi," deydi Shur:

"Kitobimni prezidentga qarshi bitilgan, deya noto’g’ri tushuntirilayotgan paytda, men matbuotga erkin gapira olardim. Lekin, men fursatdan foydalanib, ommaga kitobning aslida nima haqda ekanini tushuntira boshladim. Natijada, odamlar kitobimga ijobiy ruhda qaray boshlashdi. Kitobim qayta tahlil qilina boshlandi. Ana shu paytda, mening matbuotga gapirishimni cheklashdi." AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi Direktori Porter Gossning bildirishicha, idorada hali yana ko’p o’zgarishlar bo’lishi kutilyapti.

XS
SM
MD
LG