Breaking News

"Nogironlik tobelik emas"


Ko’zi yaxshi ko’rmaydigan Doris Gray, AQShning sobiq Prezidenti keksa Jo’rj Bush, 1990 yil 26 iyulda, Amerika nogironlarini teng huquqli qilishga doir qonunga imzo chekkanida, Oq Uyda mehmon bo’lgandi.

Yangi qonunga binoan, jismonan va aqlan nogiron amerikaliklar, ishda, ta’lim olishda va transport xizmatlarida, boshqalar bilan teng huquqqa egalar. Shu sabab, Dorisning ishxonasi uning kompyuter monitorini aynan uning ko’ziga moslab bergan.

"Men 45 santimetrli monitor ishlataman. Kompyuterimga uni kattalashtiradigan moslama qo’yilgan," deydi suhbatdoshimiz.

Qonunga asosan, nogironlarga barcha sohalarda qulaylik yaratilishi shart. Nogironlik va Reabilitatsiya bo’yicha Tadqiqot Instituti (AQSh) nashr etgan ro’yxatda, ular uchun ishlangan 24 mingdan ziyod moslama tilga olinadi.

Jumladan, oshxona buyumlari, uydan turib ishlashda kerakli jihozlar, kompyuter asboblari, ko’rish va eshitish qobiliyatini oshiradigan uskunalar.

Qonunga binoan, ularga ish beruvchilar, ishxonadagi jihozlarni nogiron xizmatchi talabiga moslashtirib, ish soatlarini o’zgartirishi va uning muhitga ko’nikishida yordam berishi zarur.

Hozirda, Amerikada, taxminan, sakkiz yuz ming nafar nogiron ishchi bor. Ularning ko’pchiligi mustaqil hayot kechiradi va mamlakatdagi har bir shtat bo’ylab faoliyat ko’rsatadigan Mustaqil Nogironlar Uyidan yordam oladi.

"Nogironlarni himoya qilib, ularning ma’lumot olishida yordam beramiz. Nogironlarni hech kimga tobe bo’lmay yashashga undaymiz," deydi Virjiniya shtatidagi nogironlar markazi boshlig'i Maykl Kuper. Uning fikricha, qulaylik yaratilgan holda, ko'pchilik nogironlar mustaqil yashay oladilar.

Keyingi yillarda jamoat transportida katta o’zgarishlar yuz berdi. Avtobuslarda, nogiron yo’lovchilarning chiqib-tushishlari uchun maxsus moslamalar o’rnatilgan.

Shuningdek, ko’chalar, chorrahalar va metro bekatlarida yo’lovchilarni yozma ravishda va tovush orqali ogohlantiruvchi tizimlar ishlaydi.

Ko’zi ojizlar jamoat telefonlarini ishlatishda va metroda Brel, ya'ni ko'rish qobiliyatidan mahrum kishilar qo'llaydigan, alifbodan foydalanishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG