Breaking News

"Men Amerikalikman"


Nyu Yorkdagi muhojirlar hayotini o'rganish maqsadida boshlagan turkumimizni davom ettirgan holda, bu safar sizni shaharning Bruklik tumanida voyaga yetib, shu yerda istiqomat qiluvchi bir muslima bilan tanishtiramiz.

"Mening ismim Debbi Almuntazir. Uch yoshligimda, oilam Amerikaga Yamandan kelgan. O’qituvchiman, shuningdek, jamoat ishlarida faolman. O’tgan besh yildan beri Nyu York shahrining Bruklin tumanidagi Midvud degan mahallada yashayman. Bu Ko’ni Orolining bir qismi. Hududda turli din va millat vakillari istiqomat qiladilar. Nasroniylar, yahudiylar, musulmonlar… Xullas, dunyoning har chetidan kelgan odamlar. 2001 yilning 11 sentyabridan keyin jamoa ancha tarqoqlashdi.

Men maktabdagi ishimni tashlab, Nyu York shahri bo’ylab, Islom dini haqida dars bera boshladim. Arab madaniyati va mentaliteti haqida gapirdim. Cherkovlar, sinagoga va boshqa qator jamoat dargohlarda ma’ruzalar o’qidim. Qo’rquv va dushmanlik hukm surgan u kunlarda, men uchun eng muhim narsa, xalqqa arablar, musulmonlar va osiyoliklar kim ekanini tushuntirish bo’ldi.

O’z oilam haqida gapirsam, har birimiz, arab va musulmon bo’lganimiz tufayli, irqchilik degan qabih narsaga uchradik. Bu bizni, turmush o’rtog’imni va meni qiyin ahvolga soldi. Bolalarimga ta’sir qildi. Ular, ba’zi qo’shnilarimiz bizdan nafratlanishyapti, deya dahshatga tushishdi. Biz nafaqat odamlar nafratiga uchradik, balki juda qo’rqdik ham. Esimda, 18 sentyabr kuni edi. CBS televideniesiga qisqacha interviyu berish uchun shaharga kelgandim. Metroda hamma menga qarardi. Odamlar bir hijobimga, bir qo’limdagi katta sumkamga, uni qanday ushlab turganimga qarashardi. Hammaning ko’zi menda ekanini sezib, juda noqulay ahvolga tushganman. Sizga xuddi jinoyatchiga qaragandek tikilishardi.

O’shanda bir narsani anglab yetdim. Odamlar, sizga qarashganda, avvalo, sizning muslima ekaningizga e’tibor berishar ekan. Ular uchun sizning bir umr bu yerda yashayotganingiz, haqiqiy amerikalik ekaningizning ahamiyati yo’q. Menga nisbatan ham shunday qarashgani juda qattiq botdi.

O’sha qo’rquv va vahimani maktablarda ham ko’rish mumkin edi. 11 sentyabr voqealarida yaqinlarini yo’qotgan o’quvchilar bor edi. Arablar, musulmonlar va janubiy osiyoliklar jamoasi farzandlarini o’qishga yuborishdan hadiksiray boshlashdi.

Ular bolalarini haftalab tashqariga chiqarishmadi. Bolalar kimni do’st tutishni ham bilmay qolishdi. Faqat matbuotda eshitishdi yoki o’qishdi. O’sha paytda, men maktablarimizda o’quvchilarga kim do’sti, kim dushman ekani haqida o’rgatish zarurligini, bu borada alohida darslar o’tish joiz ekanini tushunib yetdim. Omadim bor ekan, Nasroniy Bolalar Jamg’armasi, degan tashkilot menga yarim-kunlik ish taklif qildi. Maktablarda tekin mashg’ulotlar o’tkaza boshladim.

Darslarni maktab ma’muriyati bilan hamkorlikda o’tkazdim. Shuningdek, ularga ota-onalarni ham jalb etdik. Mashg’ulotlarda, har kim o’ziga individual inson sifatida qarashi zarurligiga urg’u berdim. Bir-birimizning madaniyatimizni tushunish maqsadida o’quvchilardan o’z boshlaridan o’tgan voqealarni so’zlab berishni so’radim. Dinlararo, irqlararo birdamlikni shakllantirish niyatida turli madaniy tadbirlar tashkil etdik va munozaralar o’tkazdik.

Kimdir Isroilga yon bosadi, boshqa kimdir esa falastinliklarning tomonini oladi. Bu hol, albatta, qandaydir bahslarga sabab bo’ladi. Lekin AQShda, odamlarning, bu kabi shaxsiy qarashlarni chetga surib, yashashga qurbilari yetadi. Bo’lmasa, o’zlariga qiyin bo’lishini bilishadi.

Ko’ni Oroli - odamlarning o’zaro ahil yashashga chin dildan intilishayotganiga misol bo’lsa, arziydigan joy. Bu yer kishilari tinchlik sayri o’tkazishadi - yuzlab kishilar yonma-yon yurib, nasroniylar, yahudiylar va musulmonlar birgalikda tinch hayot kechirishlari mumkinligini ko’rsatishadi.

Bu o’zgacha manzara, ijtimoiy-madaniy xilma-xillik va totuvlik kishini hayratga soladi. Men turli din va madaniyat vakillarining birdamlikda yashashi mumkinligiga ishonaman." (Debbi Almuntazir)

XS
SM
MD
LG