Muhojirlar dardini tinglab...


"Mening ismim
Muhammad Razvi.
Amerika fuqarosiman.
Ammo, aslida Pokistonda tug’ilganman."

Muhammad Razvini ko’pchilik Mo’, deb chaqiradi. U Nyu Yorkning Bruklin tumanida, Ko’ni Orolining markazida yashaydi. Ish joyi ham o'sha yerda. Ota-onasi bilan Amerikaga kelganida, "esi endigina kirayotgan" yosh bola edi.

Muhammad, pokistonliklarni oilasiviy qadriyatlarga berilgan odamlar, deb ta’riflaydi. Uning oilasi, shuningdek, to’rt aka-ukasi va ularning oilalari bilan ota-onasi turadigan mahallada istiqomat qiladi.

"Mana bu do’kon otamga qaraydi. Bu shu ko’chadagi birinchi xorijiy do’kon bo’lgan. O'sha damlarda bu yerda bir do’kon va bir masjid bo’lgan, xolos. Ko’ni Orolining markaziy ko’chasi bo’ylab, yursangiz, kichik Rossiya, kichik Pokiston, sal keyin kichik Isroil degan mahallalardan o’tasiz. Pokistonliklar odatda oilaviy do’konlar ochishadi… Biznes yomon emas," hikoya qiladi u.

Hozir esa Muhammad, uning ota-onasi va aka-ukalari orolda o'z oziq-ovqat do’konlari, restoran, kitob do’koni va boshqa qator bizneslarga egalik qiladilar.

Muhammad mahalliy siyosatda ham o’z o’rnini topgan:

"Men pokistonliklar kengashini boshqaraman. Tashkilotimiz Janubiy Osiyodan kelib, bu yerda yangi hayot qurayotgan muhojirlarga yordam beradi."

Ammo, 2001 yilning 11 sentyabridan keyin hayot ancha taranglashdi. Hamma pokistonliklarni ayblay boshladi, deydi Muhammad:

"To’satdan, hamma har yoqqa qocha boshladi. Hamma vahimaga tushdi. Kimdir otasini, kimdir aka-ukasini yoki jiyanini axtargan… Ahvol meni dahshatga soldi… 11 sentyabrdan keyin, o’sha og’ir damlarda, Federal Tekshiruv Byorosi va muhojirlarni ro’yxatga oluvchi boshqarma janubiy-osiyoliklarni, ismidan musulmonligi bilingan yoki ismi ular qidirayotgan odamlarniki kabi bo’lgan kishilarni nazorat ostiga oldi. Hibsga olingan begunoh odamlarning oila a’zolari, yaqinlari do’konma-do’kon yugurib, yordam so’ray boshlashdi. Chunki, ular inglizcha gapira olishmasdi. Ammo, do’kondorlar ham ularga nima deyishni bilishmasdi."

Natijada Muhammad Ko’ni Orolida yashovchi pokistonlik muhojirlar tashkilotini tuzishga qaror qildi.

"Bilasizmi, odamlar bu yerdagi huquqiy tizimni tushunishmasdi. Ular tekinga advokat yollash mumkinligini bilishmasdi. Yaqinlarini tovon evaziga erkinlikka chiqarish yo’li borligidan xabarlari yo’q edi. Shunda, biz ularga yordam ko’rsata boshladik. Huquqiy klinika ochdik. Qarasak, bu odamlar muammolarini tushuntira olishmayapti; ular inglizcha bilishmasdi. Ular hatto politsiya idorasiga qo’ng’iroq qila olishmasdi."

Muhammadning tashkiloti muhojirlarga ingliz tili va kompyuterdan dars bera boshladi. Bu orada, yordam so’rab kelayotganlar soni tobora ko’payib bordi.

"Tashkilotni ochishimiz bilanoq, hamma turli yordam so’rab kela boshladi: kimdir pulsizlikdan qiynalgan, kimdir tibbiy yordamga muhtoj, yoki maktab bilan bog’liq muammolar. Odamlarga eshik yopa olmaysiz," deydi u.

Shunday og'ir kunlarning birida, kutilmaganda, Muhammadga bir yordamchi, Jagdit Sinkx uchradi. Jagdit Nyu York Universitetida no-hukumat tashkilotlarni yuritish sohasida bilim olayotgan yoshlardan ekan.

"U men uchun yangi dunyoni ochdi," deydi Muhammad. "Men nohukumat tashkilotlar, bu tashkilotlarni moliyalovchi jamg’armalar borligi haqida umuman bilmasdim."

"Bu mamlakatda hamma - muhojir," deydi Jagdit. U Muhammadga turli jamg’armalardan moliya so’rash sirlarini o’rgatdi.

Qizig'i shundaki, yangi yordamchining asl vatani Muhammadning asl vataniga qo’shni: Jagdit hindistonlik.

"Bilasizmi, bu hol AQShning o’zgacha yurt ekanini isbotlaydi. Pokiston va Hindiston bir-birga qarshi urush ochishga tayyordir, ammo biz -janubiy-osiyoliklar- bu yerda totuv yashaymiz. Biz, hindu-musulmonlar, bu mamlakatda o’z jamoamizni quryapmiz."

Shu kungacha, Muhammad va Jagdit Ko’ni Oroli, qolaversa Bruklinda yashayotgan to’rt mingdan ziyod muhojirlarning og’irini yengil qilishga muvaffaq bo'ldi.

"Umid qilamanki, odamlar bizning terroristlarga qarshi ekanimizni anglashadi," deydi Muhammad. "Chunki, barchamiz, Amerikaga ezgu orzular ketidan quvib kelgan insonlarmiz."

XS
SM
MD
LG