Breaking News

AQSh byudjetida kamomad ortgan.  - 2004-12-16


AQSh hukumatining ma’lum qilishicha, mamlakatning bu yilgi savdo kamomadi 55,5 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin, Bush hukumati, bozorda import va mahalliy mahsulotga nisbatan talab kattaligicha qolmoqda - bu ijobiy belgi, deya ta'kidlamoqda.

Bu yil AQSh byudjetida ham kamomad miqdori ortgan. Iqtisodchilar ham, siyosatchilar ham, nima qilib bo’lsa-da, soliq miqdorini past holda saqlabmi yoki fuqarolarga beriladigan ijtimoiy yordam pulini ayabmi, davlatni kamomad botqog’idan olib chiqish zarur, deyishmoqda.

Ammo, Vitce Prezident Dik Cheneyning fikricha, iqtisodiy o’sish import mahsulotga nisbatan talabning kuchayganida bilinmoqda. Demak, kamomadni yengishga umid bor, deydi u:

"Iqtisodiy o’sish federal kamomadning pasayishiga yo’l ochadi. Natijada, bu yilgi byudjet kamomadi o’tgan yildagidan 100 milliardga yaqin dollarga kamaygan. Pulni qanday va qayerga sarflashni bilish ham kamomadning kamayishida muhim rol o’ynaydi. Qiladigan ishlar talaygina, ammo to’g’ri yo’ldan ketayotganimizni bilamiz."

Prezident Jo'rj Bush, muxbirlarning iqtisodiyot haqidagi savollariga javob berarkan, "Biz kamomad miqdorini pasaytirish va yevro va yapon yeniga nisbatan tushib ketgan dollar qadrini ko’tarish qanchalik muhim masala ekanini tushunamiz," dedi.

Bush bu borada mamlakat qonun chiqaruvchilari bilan yaqindan ishlashga tayyorlanayotganini aytdi:

"Biz yaqinlashayotgan yangi muddatda, qonun chiqaruvchilar bilan birgalikda, dollar qadrini oshirish uchun qo’ldan kelgan barcha choralarni ko’rishni mo’ljallaganmiz. Jahon bozoriga, kamomadni yengishga qodir ekanimizni ko’rsatib, odamlarning dollarga nisbatan ishonchini tiklash umididamiz."

Vashingtondagi yetakchi iqtisodchi olimlardan biri, Klaud Bartfildning nazarida, AQSh, birinchi navbatda, o’z savdo va byudjet kamamodidan qutulishi kerak. Ungacha, davlat jahon iqtisodi uchun hech narsa qilolmaydi, deydi u:

"AQSh avval ichki iqtisodiyotini tiklab olishi kerak. Ana undan keyin Yevropa yoki Yaponiya iqtisodiyotiga ta’sir qilish haqida gapirsa bo’ladi."

Jo’rj Bush, 2005 yilning yanvar oyida prezidentligining ikkinchi muddatini boshlaydi. Uning asosiy rejalaridan biri - "Amerika bizneslarining gurkirashiga to’siq bo’layotgan qonun va cheklovlarni qayta ko’rib chiqish."

Biror bir islohat qilish uchun esa siyosiy-ijtimoiy maqsadlar yo’lida kurashuvchi qator yirik guruhlar bilan til topishish lozim. Masalan, huquqshunoslar va Amerika nafaqaho’rlari Uyushmasi. Bu guruhlar fuqarolarga beriladigan ijtimoiy yordamning qirqilishiga qat’iy qarshilik bildirishadi.

XS
SM
MD
LG