Leon Fleysher yana pianino chalyapti.  - 2004-12-20


Taniqli pianistning yangi albomi “Ikki Qo'l” deb ataladi. O'tgan 40 yildan beri, Leon Fleysher aynan chap qo'l uchun mo’ljallangan mumtoz musiqa ijro etib kelardi.

1964 yilda, dunyodagi eng iste’dodli pianistlarda biri, deb tan olingan 35 yoshli pianist, kutilmaganda noma'lum bir kasallikka duchor bo'ldi.

O'ng qo'lidagi uchinchi, to'rtinchi, beshinchi barmoqlari butunlay qotib qoldi. Shifokorlar holatni tushuntira olishmadi. Keyinchalik unga distoniya deb tashhis qo'yishdi.

Distoniya, tibbiyot tilida, inson nerv sistemasining buzulishi oqibatida tananing boshqa qismlarining ishlamay qolishi, demakdir.

"Hayotimning oxiri yetgandek tuyuldi. Keyingi yillar davomida ruhiy azobda yashadim," deya hikoya qiladi pianist.

Ammo, o'sha og'ir damlarda ijrochi hayotiy muhabbatini qayta topdi. Musiqa olamini qayta zabt etdi.

Leon Fleysher oldida yangi eshiklar ochildi - derejerlik, o'qituvchilik, bastakorlik va hakazolar. U har sohani eplay olishini isbotladi.

"Shogirdning 'Aha,mana bildim,' deya hayqirishini ko'rish, menga quvonch ba'gishlaydi," deydi san'atkor.

Bu vaqt mobaynida, shifokorlar ham distoniya kasalligi haqida ko'proq bila boshladilar. Fleysher massajli muolajaalardan o'tdi. Botoks dorisi ichishni odat qildi.

"Kutilmaganda, barmoqlarim qimirlay boshladi…"

40 yil o'tib, Leon Fleysher yana pianino chalyapti, bu safar ikki qo'lda. Uning yangi albomi hozirda jahon mumtoz musiqasi bozorida ikkinchi o'rinda turibdi. "Qanchalik urinmayin, yoshlikdagi mahorat ortda qoldi," deydi pianist.

Distoniya - davosi yo'q kasallik. Ammo, san'atkor ruhan tetiklashib borayotganini, hayotga nisbatan ishonchi tiklanganini va kelajakdan umidvor ekanini yashirmaydi.

XS
SM
MD
LG