Breaking News

2004 yil: AQSh kinosi, musiqa va ommaviy axborot vositalari uchun qanday kechdi? - 2004-12-22


2004 yil, pop musiqa yulduzi Janet Jeksonning, butun mamlakat tomosha qilayotgan konsertda, kiyimining “pand berishi” bilan boshlandi. Sahnadagi hamrohi Jastin Timberleyk raqs paytida Jeksonning ko'ylagini yirtib yubordi va xonandaning ko'ksi ko’rinib ketdi.

Konsertni xalqqa to'g’ridan-to'g'ri olib ko'rsatayotgan C-B-S televideniesi "g'irt behayolik" deb sharhlangan hodisani namoyish etgani uchun hukumatga 500 ming dollar jarima to'ladi. Bu AQSh televidenielari tarixidagi eng yuqori jarima bo'ldi.

Eng ommabop televizion komediyalardan biri, "Friends," ya'ni "Do'stlar" 10 yillik mavsumdan keyin nihoyasiga yetdi. Nyu yorklik olti o'rtoq hayotini aks ettirgan serial, o'tgan olti yil ichida, eng ko'p muxlisga ega shou bo'lib keldi.

AQSh prezident saylovlari oldidan Gollivud aktyorlari va musiqachilari ham ancha faollik ko’rsatishdi. Bryus Springstin va R.E.M guruhi, Amerika bo'ylab aylanib, "O'zgarish uchun ovoz ber" shiori ostida konsertlar berdi va fuqarolarni Demokrat nomzod Jo'n Kerri uchun ovoz berishga chorladi.

Hip-hop yulduzi Shon Pi-Diddi Kombs “Ovoz yoki O'lim” deb yozilgan futbo'lkalar tarqatib, yoshlarni saylovda qatnashishga chaqirdi. Prezident Bushni esa Arnold Shvartsneger kabi aktyor-siyosatchilar quvvatlashdi.

Kino olamida, "Uzuklar Xudosi" trilogiyasining so'ngi qismi: "Qirolning Qaytishi" filmi Oskar mukofotining 11 turini qo'lga kiritdi. Film, nomzodligi ko'rsatilgan har bir kategoriyada, birinchilikni oldi.

“Iso ehtirosi” filmi esa yilning eng bahsli kinosi bo'ldi. Mel Gibson yaratgan bu film Iso hayotining so'ngi bir necha soatini va uning xochga qoqilish tarixini tasvirlaydi. Latin va Aramaik tillarida ishlangan va qonli ko'rinishlarga boy bu asar, 2004 yildagi eng ko'p daromad keltirgan kinofilm darajasiga ko'tarildi.

Yilning eng ko'p pul ishlagan multiplikatsion filmi esa “Shrek 2” bo'ldi. Shrek ismli mahluq va uning Malika Fiona degan go’zal rafiqasi haqidagi film, jahon bo’ylab, 880 million dollar keltirdi.

Pop yulduzi Asher o'zining “Yeah,” ya'ni “Ha” deb nomlangan yangi qo'shig'i bilan 2004 yildagi deyarli barcha yuksak musiqiy sovrinlarga sazovor bo’ldi. Hozirda u Grammi mukofotiga 8 jihatdan nomzod. Yangi albomining 7 milliondan oshiq nusxasi sotildi.

Keniy Uest esa o'tayotgan yilda rep musiqasi olamini zabt etgan yangi yulduz, deb ta'riflanmoqda. Uning “O'qishni tashlab,” nomli yangi albomi katta shuhrat qozonib, Grammi uchun bellashmoqda.

Bu yil afsonaviy iste'dod sohibi, mumtoz xonanda Rey Charlz olamdan o'tdi. Uning "Daho Davrani Sevadi" degan albomi ham Grammi mukofotiga ko'rsatilgan.

XS
SM
MD
LG