Breaking News

Terrorga qarshi kurashning bir qismi bu "ichimlik suvi tarkibini tekshirib turishdir." - 2004-12-27


Yaqinda AQSh ichki xavfsizlik vazirligi mamlakatga nisbatan terrorizm xavfi unchalik yuqori emas, ammo ogoh turilsin, deya e'lon qildi.

Hukumat terrorizm tahlikasini kuzatishda va ma'lumot to'plashda davom etar ekan, Amerikadagi ilm-fan namoyondalari terroristik hujum turlarini tahlil qilib, ularning oldini olish usullarini ustida bosh qotirishmoqda.

Terroristlar qo'llashi mumkin bo'lgan vositalardan biri bu suvdir. Xalq ichadigan suv zaharlansa, uning biologik tarkibini aniqlash uchun ancha vaqt kerak bo'ladi. Bu orada minglab kishi hayotdan ko'z yumishi mumkin.

Kalifoniya shtatidagi Sandiya umummamlakat laboratoriyasida, olimlar sakkiz yil ter to'kib, 20 million dollar evaziga, suvning biologik tarkibini avtomatik ravishda tekshirib turuvchi yangi sistema ishlab chiqishdi.

Asbob suvdagi bakteriya va virusni bir necha kun emas, bir necha daqiqada aniqlab beradi. "Bir-ikkita tugmani bossangiz bas, besh daqiqa ichida tahlil qilib beradi," deydi tadqiqotchi Art Ponto.

Suvni tekshiruvchi asbob hozirda San Fransisko yaqinidagi Kontra Kosta degan tumanning suv omborida sinovdan o'tkazilyapti. Muassasa vakili Tom Linvil, suv tarkibini tekshirib turish juda muhim, deydi:

"Endi agar biror tahlika mavjudligi sezilsa, laboratoriyaga borib, suv tarkibini tezlikda aniqlash mumkin. Oldin bu ishni bajarish uchun kunlab vaqt sarflar edingiz. Agar bu yangi sistema ish bersa, demak, jarayon yengil kechadi."

Terroristlar radioaktiv materiallar yordamida ham hujumlar uyushitirishi mumkin, degan xavotir bor. Arizona shtatidagi ilmiy tadqiqot markazi olimlari kishini radiatsiya ta'siridan saqlovchi dori yaratishga muvaffaq bo'lishdi.

Tadqiqotchi Mark Uitten vositaning zaruriyati haqida gapirar ekan, "terrorist guruhlar radoaktiv bomba qo'llashsa, ular radioaktiv materialni portlovchi moddalarga ulashi mumkin yoki, xudo o'zi asrasin, ular atom quroli yaratishlari ham mumkin," deydi.

Radiatsiyaga qarshi dori Radilex deb ataladi. Bunga o'hshash dori hozirda Osiyoda, SARS kabi yuqumli kasalliklarga qarshi qo'llanilmoqda.

XS
SM
MD
LG