Breaking News

2004: Ilm-fan olamidagi eng muhim yangiliklar - 2004-12-28


2004 yildagi eng g'aroyib ilmiy yangilik bu Mars sayyorasida bir zamonlar suv bo'lganining aniqlanganidir.

NASA, ya'ni AQSh fazoni tadqiq etish boshqarmasining ikki robot qidiruvchisi - Ruh (Spirit) va Imkoniyat (Opportunity), deb nomlangan apparatlar qizil sayyorani 2004 yilning yanvar oyidan beri aylanib yuribdi.

NASAning bildirishicha, Ruh roboti Marsdan hovuzlardagi suv tarkibida bo'ladigan mineral modda topgan. Imkoniyat roboti esa, sayyorada qadim toshqinlar va qurg'oqchilik alomatlari bor, deya darak bermoqda.

"Marsda hayot uchun zarur muhit bo'lgan. Bu sayoz dengiz. Bu tuzga boy joylar. U yerda hayot bo'lganmi-yo'qmi, buni bilmaymiz, ammo unda yashash mumkin bo'lgan," deydi tadqiqotlarni boshqarayotgan olim Steven Skuyres.

Topilmalar, bundan milliardlab yillar avval, yerda hayot yuzaga kelayotgan paytda, Marsda nam va iliq havo hukm surganini isbotlaydi.

Yana bir muhim yangilik: astrofiziklar, shu paytgacha nom'alum bo'lgan, pulsar juftligini topishdi. Bu aylanuvchan netron yulduzlar radiatsion to'lqinlarga zarba beradi. Tinimsiz harakatdagi jismlar borasida davom etayotgan izlanishlar olimlarni Eynshteynning nisbiylik nazariyasini chuqqurroq o’rganishga undamoqda.

Indoneziyaning Flores orolida arxeologlar eng kichik jussali inson suyagini topishdi. Avstraliyalik professor Bert Roberts bu ibtidoiy odamlarga gobbitlar deb nom berdi. Ularning bo'yi atigi bir metrcha bo'lgan.

"Mana bu gobbitning bilak suyagi," deya ko'rsatadi Roberts. "U, mening bilagimning yarmiga teng, xolos. Boshqa suyaklarning o'lchami ham shunday -bizning yarmimiz. Insonlarning bir paytlar shunday kichik bo'lganliklari haqida yaqingacha hech kim bilmasdi."

Bu jajji insonlar, ilmiy tilda, Flores odamlari deb ataladi. Ma'lumotlarga ko'ra, ular bundan 18 ming ilgari yashab o’tishgan. Professor Roberts, "ularning Flores orolida eramizning XIV asrgacha yashashganiga ishonaman," deydi.

Yakunlanayotgan yilda, Janubiy Koreya olimlari inson embrionini klonlashtirishganini ma'lum qildilar. Bu inson hujayrasidan shu maqsadda foydalanish mumkinligining ilk isboti.

Tadqiqotchilarning aytishicha, ular embrionning negiz hujayrasini yaratib, uni murakkab kasalliklarni o'rganishda qo'llashmoqchi. "Balki kelajakda hujayrasi nobud bo'layotgan bemorlar uchun yangi hujayra hosil qila olarmiz," deyishadi olimlar. Buning uchun esa ular bemorning genlar majmuasini ma'qul ko'rishadi.

Ilm-fan olamidagi eng tashvishli hol bu ba'zi hayvon va o'simlik turlarining tobora yo'qolib borayotganidir.

"Noyob hayvonlar va osimliklarning ko'pi, shubhasiz, inson qo'li ostida nobud bo'lmoqda," deydi tabiatni muhofaza qilish bo'yicha Oduban Jamiyati vakili Bob Perchasipi.

AQShning Stenford Universiteti olimining fikricha, 21 asr oxirigacha qush turlarining 10 foizi odamlar, ovchilik va iqlim o'zgarishi sabab butunlay yo'qolib ketishi turgan gap.

"Bu hol esa, eng muhimi, insoniyatga zarar keltiradi," deydi Perchasipi. "Chunki, qushlar ekinlarni changlatadi; zararli hashoratlarni, o'lgan hayvonlarni yeydi."

Tibbiyot sohasidagi asosiy yangilik bu dunyodagi kambag'al kishilarga dori-darmon yetkazish harakatining biroz olg'a siljigani bo'ldi. Boy davlatlar, jamg'armalar, shifokorlar va farmatsevtika kompaniyalari turli tashabbuslar bilan chiqishdi, jumladan bezgakka qarshi vaktsina sinab ko'rildi va SPIDga qarshi dorilar tarqatildi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti 2005 yilning oxirigacha rivojlanayotgan mamlakatlardagi uch million bemorni immunitet taqchilligi dorilari bilan ta'minlashni mo'ljallagan.

AQShning GlaxoSmithKline firmasi chiqargan vaktsina Mozambik bolalari orasida, 60 foiz holda, bezgak kasalligining oldini oldi. Kompaniya olimlari bu vaktsinani yaratish ustida 20 yil ter to'kkan edilar.

"Bu katta muvaffaqiyat bo'ldi. Tajriba shuni ko'rsatdiki, bu vaktsina - bezgak kasalligining oldini oluvchi yuksak vosita," deydi kompaniya prezidenti Jo' Kohen.

Hali ham ko'rik ostida bo'lgan bu vaksina turi 2010 yilgacha jahon bozoriga chiqmaydi.

Merck farmatsevtika kompaniyasining Vioxx degan dorisi yurak xuruji va insult, ya'ni miyaga qon qoyilishiga sabab bo'ladi, deb topildi va bozordan chiqarildi.

2004 yil boshida chiqqan parranda gripi janubi-sharqiy Osiyo bo'ylab tarqalib, millionlab tovuqlarning qirilishiga sabab bo'ldi.

Virus o'z kuchini ko'rsatishda davom etmoqda. Ammo, olimlar epidemiya yaqin orqada tugaydi, deya taxmin qilishyapti. 2004 yilda parranda gripidan eng ko'p zarar ko'rgan davlatlar- Kambodja, Xitoy, Gong Kong, Indoneziya, Janubiy Koreya, Laos, Malayziya, Tailand va Vietnam bo'ldi.

Virus nafaqat parranda, balki cho'chqa hamda mushuklarda ham ko'rindi. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti 2005 yil bu borada yanada og'irroq kechishi mumkin, degan xavotirda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi bu muassasa, virus parrandadan insonlarga ham o'tishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG