Breaking News

<i>Tsunami</i> oqibatida o'lganlar soni 80 mingga chiqdi.  - 2004-12-29


Shu kunlarda dunyo o'z e'tiborini, Janubiy Osiyoga, 26 dekabr kuni yuz bergan tabiiy ofatdan kuchli zarar ko'rgan mintaqaga, qaratgan.

Suv ostini titratgan zilzila natijasida tsunami, ya'ni dengiz to'lqinlari uzun sohillarni yuvib ketdi. AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar insonparvarlik yordami jo'natmoqda.

Bu boradagi ishlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti yetakchilik qilyapti. BMT bosh kotibining insonparvarlik va favqulodda holatlar bo'yicha yordamchisi Yan Eglendning aytishicha, bunda tarixdagi eng katta yordam talab qilinadi. "Talofatdan milliardlab dollarlik zarar ko’rilgani aniq. Balki, undan-da ko’pdir," deydi u.

Zilzila qoldirgan eng muhim masalalardan biri bu turli epidemiyalar oldini olishdir. Sog'liqni saqlash tizimini tiklash zarur.

Ichimlik suvi ifloslangan. Bu turli kasalliklar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, bunday ahvolda nafas yo'llari bilan bog'liq o'tkir kasalliklar ham tarqala boshlaydi.

Janob Eglendning fikricha, oldi olinmasa, millionlab kishilar bezgak, yurak burug'i va vabo kabi xavfli kasalliklarga uchrashi mumkin.

Amerika Qizil Xoch tashkilotining Xalqaro Yordam Guruhi vakili Matyu Parri, zilzilani boshdan kechirgan aholiga chuchuk suv yetkazib berish zarur, deydi:

"Ba'zi aholi punktlariga suv, oziq-ovqat yetkazib berish, hamda sog'liqni saqlash va sanitariya xizmatlari ko'rsatish o'ta muhim ahamiyatga ega. Eng katta muammo, menimcha, qaysi joyga favqulodda yordam ko'rsatish kerakligini belgilash bo'ladi. Toshqin tufayli paydo bo'ladigan kasalliklardan ogoh turish lozim.

AQSh hukumati jabrdiydalarga yordam berish maqsadida 15 million dollar mablag' ajratdi. Davlat kotibi Kolin Pauel, bu hali hammasi emas, deydi:

"Bu, haqiqatdan ham, xalqaro fojea. Uning qurboni bo'lgan barcha mamlakatlarga ko'maklashish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'ramiz.

Yordamki berilyapti, ammo bu qadar kuchli darajadagi ofatning oldini olish mumkin emasmidi?

Mutaxassislarning aytishicha, qudratli tsunamisning Hind okeani sohillariga yetib borgunicha ikki soatdan ortiq vaqt o'tgan. Ammo, bu turdagi to'lqinlarning kamdan-kam hollarda toshgani sabab, okeanda ularning kuchini kuzatib turuvchi, Tinch okeani ostidagi kabi, seysmik tizim mavjud emas. Moslama olimlarni suv ostidagi holat, jumladan yer qimirlagani haqida ogohlantirib turadi.

Ellen Prager Tinch okeani tsunami markazlaridan birida ishlaydi.

"Signalni olgach, olimlarimiz zilzila kuchini o'lchashadi, uning qayerda bo'lganini aniqlashadi va uning sohildagi hayotga ko'rsatishi mumkin bo'lgan ta'sirini belgilab, tsunami darajasi haqida jamoatni ogohlantirishadi," deydi u.

Tinch okeanidagi tsunami markazlari Hind okeanida zilzila bo'layotganini sezgan, ammo bu haqda xabar bera olmagan.

Avstraliya bosh vaziri Jo'n Hauerd, Hind okeani mamlakatlariga ana shunday suv osti texnik tizimlarini o’rnatishda yordamlashamiz, deb bildirdi.

XS
SM
MD
LG