2004 - ko'p jihatdan, qonli va qayg'uli yil - 2004-12-29


2004 yil Iroqdagi urush bilan bog'liq yangiliklarga boy davr bo'ldi.

Isyonchi guruhlar mamlakatdagi AQSh askarlariga, Amerika bilan hamkorlik qilayotgan Iroq politsiyasiga va fuqarolarga qarshi ko'plab hujumlarni amalga oshirdi. Yo'l chetiga, binolarga va mashinalarga qo'yilgan bombalar amerikalik yuzlab harbiylar va iroqliklar hayotiga zomin bo'ldi.

2004 yilning iyul oyida, AQSh Iroq boshqaruvini mamlakatning muvaqqat hukumati qo'liga topshirdi. Abu G'arib qamoqxonasidagi qiynoqlar tasviri jahon matbuoti sahifalarini to'ldirdi.

Bu boradagi ilk ma'lumotlarni AQShdagi yetakchi televidenielardan biri C-B-S tarqatdi. Dunyo Iroqdagi ba'zi mahbuslarga qanday munosabatda bo'linganiga guvoh bo'ldi. Bush hukumati qiynoqlarni qat'iy ravishda qoraladi.

Iyul oyida, shuningdek, Iroqning sobiq rahbari, hibsdagi Saddam Hussein ilk bor sudga chaqirildi. Saddam uning bo'yniga qo'yilayotgan genotsit va yalpi qirg'in ishlarini amalga oshirganlikdagi ayblovlarni butunlay rad etdi. Sobiq prezidentning sud muhokamasi 2005 yilda, yangi Iroq hukumati vujudga kelgach, boshlanadi.

2004 yilning oxirida, AQSh armiyasi Iroqning Falluja shahridagi isyonchilarga qarshi bir-haftalik harbiy amaliyot boshladi. Amerika kuchlari va isyonchilar o'rtasida shiddatli janglar bo'lib o’tdi. Natijada AQSh tomon shahar boshqaruvini qo'lga oldi. Tintuv paytida Fallujadagi ba'zi inshoatlarda qurol-aslaha omborlari topildi. Iroqda urush boshlangandan beri yuz bergan eng qonli jang, deb ta'riflangan to'qnashuvda mingdan ortiq isyonchi halok bo'ldi.

Sentyabr oyida, Chechen jangarilari Rossiyaning Beslan shahridagi maktabda 1200 kishini, jumladan o'quvchi, o'qituvchi va ota-onalarni garovga olishdi.

Bir necha kunlik muzoka ketidan, Rossiya kuchlari binoni o'qqa tutdi. Garovdagi yuzlab kishi ozod etildi, ammo hujum natijasida 300 nafardan ko'p kishi o'ldi.

Mart oyida, Ispaniya poytaxti Madridda yo'lovchilar bilan to'la poyezdlar portlatildi. Hujumda Al-Qoidaga aloqador guruh ayblandi. 200 kishini o'ldirgan hodisa Ispaniyadagi umummamlakat saylovidan uch kun oldin ro'y berdi. Xose Maria Aznar bosh vazirlikdan ketdi.

Yakunlangan yilda Afrikaning Sudan mamlakatida insoniyat inqirozi yanada keskinlashdi. Sudan hukumati tomonidan quvvatlangan arab jangarilari va qora tanli qabilalar o'rtasidagi etnik mojaro ikki yildan beri davom etmoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, to'qnashuvlar natijasida hozirgacha 70 ming nafar odam halok bo'lgan va mamlakatning Darfur viloyatida bir milliondan ziyod kishi bosh-panasiz qolgan. Xalqaro hamjamiyat sudanliklarga yordam berishga urinmoqda.

2004 yilda qator tabiiy ofatlar yuz berdi. Ular orasida eng dahshatlisi va kuchlisi, shubhasiz, janubiy-sharqiy Osiyoda ro'y bergan zilziladir. Uning markaziy nuqtasi Indoneziyaning Sumatra oroli bo'lgan, deyilmoqda.

Hind okeani ostida 9 balda sodir bolgan zilzila oqibatida to'lqinlar kuchayib, Indoneziya, Tailand, Shri Lanka, Hindiston va Somali bo'ylab 80 mingdan ziyod kishi halok bo'ldi. Qudratli to'lqinlar suv toshqini hosil qilib, juda katta maydondagi aholi punktlarini, sohillarni yuvib ketdi.

O’tgan yil yer yuzidan dovul va to'fonlar arimadi. Ularning asosiy qurboni Atlantika okeani va Karib dengizi sohillarida yashovchi aholi bo'ldi. Kuchli to'fonlar Gaiti oroli va AQShning Florida shtatlariga katta zarar keltirdi. Yuzlab kishi hayotdan ko'z yumdi. Tabiiy ofat mintaqani moliyaviy tushkunlik quchog'iga uloqtirdi.

Iqtisodiy sohada esa eng muhim o'zgarish - neft narxining 33 foizga oshgani bo'ldi. Bir barrel neftning bahosi 55 dollarga chiqdi. Ko'pgina mamlakatlarda, jumladan AQShda, benzining narxi ko'tarildi. Yilning so'ngi choragiga kelib esa, dunyo bo'ylab, neft ishlab chiqarishning hajmi kengayib, narxlar ancha pasaydi va barqarorlashdi.

Siyosat bobida, 2004 yil – tarixiy saylovlar davri bo'ldi. Afg'oniston xalqi o'zining birinchi prezidenti uchun ovoz berdi. Tolibon hukumatining ag'darilganidan keyin uch yil o'tib, fuqarolar Hamid Karzaini mamlakatning prezidenti etib saylashdi. Qo'shma shtatlarda ham, bahs va tortishuvlar hukrmrongligidagi prezident saylovi bo'lib o'tdi.

Amaldagi Respublikachi Prezident Jo’rj Bush Demokrat raqibi, Senator Jo'n Kerri ustidan g'alaba qozonib, ikkinchi muddatga saylandi. Bush xalqqa murojaat qilarkan, “kelasi tort yillikda, siyosiy kuchimni ichki muammolarga yechim topishga, jumladan fuqarolarga nafaqa to'lash va soliq tizimini isloh qilishga sarflayman, dedi.

2004 yil so'ngida, Ukrainadagi siyosiy o'zgarishlar jahon hamjamiyati e'tiborini o'ziga tortdi. Mamlakat Oliy Sudi bosh vazir Viktor Yakunovichning prezident saylovidagi raqibi Viktor Yushenko ustidan qilgan g'alabasini, adolatsiz jarayon mahsuli, deya bekor qildi va saylovlarning qayta o’tkazilishini buyurdi.

Yangi saylovda ko'pchilik ukrainaliklar Yushenko uchun ovoz berishdi. Siyosiy jang natijasida Ukraina konsitutsiyasiga o'zgartirish kiritildi. Bu orada, mamlakat prokuraturasi, Yushenko saylov oldidan Dioksin moddasi bilan zaharlangan degan da'vo yuzasidan jinoiy ish ochdi. Hozirda bu borada katta tekshiruv boshlangan.

2004 yilda, navbatdagi, ya'ni 28- yozgi Olimpiada o'yinlari bo'lib o'tdi. Bu safar unga Gretsiyaning azim poytaxti Afina mezbonlik qildi. Olimpiadaning asl vatani bo'lmish Yunonistondagi musobaqalarni televizor orqali dunyo bo'ylab to'rt milliard kishi tomosha qildi.

XS
SM
MD
LG