Marsdagi robotlar Yerga tushishga shoshmayapti.  - 2005-01-06


Mars sayyorasida kezib, uning biologik tarkibi haqida yerga ma'lumot uzatayotgan olti-g'ildirakli geologik vositalar insoniyatga eng g'aroyib va noyob xabarlar yetkazayotgan bo'lsa, ajabmas.

Ruh(Spirit) va Imkoniyat (Opportunity) deb ataluvchi bu ikki robot mashina yerdagi olimlar tomonidan boshqariladi.

"Bu apparatlarning hali ham harakatda ekani meni lol qoldiradi," deydi AQShdagi Kornel Universiteti geologi Stefen Skvirz. U Imkoniyat robotini boshqaruvchi guruhga rahbarlik qiladi.

Apparat o'tgan yili olimlarga Marsda bir paytlar tuzli suv mavjud bo'lgani haqida axborot bergandi. Sal o'tmay, ikki robot, Ruh, qizil sayyoradan, shakli suv ta'sirida o'zgargan toshlar topdi. Olimlar nazarida, bu hol, sho'r suvning Mars tuprog'iga singib ketib, geologik ta'sir ko'rsatganini isbotlaydi.

Stefen Skvirz topilmalar haqida to'htalarkan, "Bu amaliyotdan keladigan foyda shu bo'ladiki, sayyoramiz egalari, ya'ni odamlar qo'shni sayyora, ya'ni Mars bir paytlar hayot uchun yaroqli joy bo'lganini anglashadi," deydi.

"Xo'sh, buning yerda hayot paydo bo'lishi va rivojlanishiga ta'siri qanday bo’lgan? Marsni tadqiq qilish loyihasi bizga shuni o'rgatadi."

Geologlar Marsdagi robotlardan olinayotgan ma'lumotlarni tahlil qilishda davom etar ekan, NASA, ya'ni AQSh fazoni tadqiq qilish boshqarmasi yangi samo raketasi uchirishga tayyorlanmoqda. Bu yangi yer yo'ldoshi Marsga chiqishi mo'ljallangan uchinchi robot uchun mos joy qidiradi.

XS
SM
MD
LG