Olimlar AQShni Hind Okeanidagi seysmik holatni kuzatuvchi vosita o'rnatilishida yetakchilik qilishga undamoqda


Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, agar Hind Okeani tubidagi zilzila haqida, juda bo'lmaganda, bir soat avval xabar berilganda edi, minglab kishining hayoti asrab qolingan bo'lardi.

Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori Timoti Bich ham shu fikrda:

"Buning uchun okeanga buylar o'rnatilishi zarur. Okean tubiga va sathiga manometr qo'yish kerak bo'ladi. Shuningdek, sun'iy yoldosh orqali vaziyatni kuzatib turish lozim."

Qo'shma Shtatlar Tinch Okeanida bu kabi texnik tizimlarga ega va sun'iy yo'ldosh orqali nazorat qilib, ob-havo va boshqa seysmik ma'lumotlarni Amerikadagi tegishli tashkilotlarga uzatib turuvchi sistema ishlaydi.

Bunday tizimni Hind Okeanida o'rnatish va yuritish, albatta, hukumatlarga arzonga tushmaydi, ammo buni tabiiy ofatdan ko'rilgan talofat hajmiga taqqoslay olmaysiz. Lekin, faqatgina yuksak texnologiyaning o'zi, masalaning yechimi emas, deya ta'kidlaydi inqiroz va ofatlarni o'rganuvchi institut direktori Jek Herrold:

"Agar sohilga yaqin yerdagi aholini tabiiy ofat bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi axborot vositalari mavjud emas ekan, masalan, Shri Lanka ichki ishlar xodimlariga yoki sohildagi odamlarga, okean ostida zilzila yuz berdi, deb aytishning foydasi yo'q. Bunday ahvolda, odamlarga nima ish tutishni, o'zlarini qanday asrash yo'llarini, evakuatsiya jarayonini qanday tushuntirasiz?

Mahalliy hukumatlar sohilni evakuatsiya qilishga va favqulodda ish tutishga tayyor turishlari lozim. Professor Bichning fikricha, yerdagi ogohlantiruvchi tizimning zamonaviy bo'lishi shart emas.

"Bangldeshda, odamlarni to'fonlar va suv sathining ko'tarilayotgani haqida velosipedda yurib, hushtak chalib, ogohlantiradilar. Chunki, bu tabiiy ofatlar, o'tmishda, minglab kishilarni o'ldirgan," deydi olim.

Mutaxassislarning fikricha, mintaqaviy ogohlantiruvchi sistemani ishga tushirish uchun, mamlakatlararo birdamlik va hamkorlik o'rnatilishi lozim.

"Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari o'zaro ish olib borishga o'rganmagan," deydi tadqiqotchi Uolter Anderson. U Jons Hopkins Universiteti qoshidagi Janubiy Osiyoni tadqiq qilish markaziga rahbarlik qiladi. Anderson va uning oilasi tsunami sodir bo'lgan paytda Shri Lankadagi bir plyajda dam olayotgan edi. Hayriyatki, Andersonlar jonlarini saqlashga muvaffaq bo'lishdi.

Tabiiy ofatlarga qarshi shay turish kuchli hamkorlik talab qiladi, deydi olim: "Mintaqa mahalliy ziddiyat va qonli mojarolar domida qolgan. Indoneziya, Shri Lanka kabi mamlakatlarda mustaqillik uchun kurashayotgan guruhlar bor. Tabiiy ofatdan ogonlantiruvchi sistemani qo'yishdan oldin, bu guruhlar bilan biror kelishuvga kelish lozim. Aks holda, uning foydasi bo'lmaydi."

Professorning fikricha, davlatlaro mojarolar barham topishi zarur. "Hindiston va Pokiston o'rtasidagi ziddiyat mintaqaviy hamkorlikni cheklovchi asosiy omildir,” deydi Anderson. "Bu hol Janubiy Osiyo davlatlari o'rtasidagi aloqalarga, jumladan, okeandagi holatni kuzatuvchi tizim o'rnatilishida ham katta ta'sir ko'rsatadi."

Bu sistemani ishga tushirish uchun esa, deydi professor Anderson, Hindiston o'zining asosiy moliyaviy hissasini qoshishi kerak. "AQShdan esa mintaqani birdamlikka chorlash va tizimning o'rnatilishini har tomonlama quvvatlash kutiladi."

XS
SM
MD
LG