Bush tashqi siyosat bobida, yangi muddatda nimalarni ko'zlayapti?


Tashqi siyosat bobida, Prezident Bushning oldida qator murakkab masalalar turibdi. Iroq va terrorga qarshi urush ikkinchi muddatda ham Bushning asosiy e’tiborida tursa, ajabmas.

Bundan tashqari, Isroil-Falastin mojarosi, yalpi qirg'in qurollarining yoyilishi, Xitoyning global kuchga aylanishi, hamda Osiyodagi dengiz to'fonlari keltirgan talofat bilan bog'liq masalalar bor.

Bushning tashqi siyosat bilan shug'ullanuvchi guruhi, asosan, Vitce Prezident Dik Cheney, mudofaa vaziri Donald Ramsfeld va tashqi ishlar bo'yicha yangi vazir, ya'ni davlat kotibi Kondoliza Raysdan iborat bo'ladi.

Kondoliza Rays, Bushning birinchi muddatida xizmat qilgan Kolin Pauelning o'rniga o'tiryapti. Siyosiy sharhlovchilar nazarida, Rays xonim - Bushning tashqi siyosatini shakllantirgan va terroristlarga nisbatan beshafqat ravishda kurashish lozimligini qayd etuvchi qattiqqo'l arbobdir.

"Biz, ular boshlagan urushda kurashishga majburmiz," deydi Rays, "Bu degani, biz ularga zarba berishimiz kerak."

Hel Deyl, AQSh tashqi siyosati va mudofaasi bo'yicha bir necha ilmiy asarlar bitgan olimlardan biri. Uning fikricha, Prezident Bush va Kondoliza Rays, ko'p tomonlama, bir qarashga ega.

"Kondoliza Rays gapirganda, odamlar xotirjamlanadi. Chunki, ular undan aynan prezidentning fikrini eshitadilar," deya bildiradi Deyl.

Tadqiqotchi Robert Pastorning tahlil qilishicha esa, "Bush va Raysning siyosiy qarashlari bir ekani xavotir uyg'otadi."

"Raysning diplomat sifatida ko'p tajribaga ega emasligi, tashqi siyosat va muzokaralarga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Bu, Bushning siz yoki biz bilansiz yoki bizga qarshisiz degan siyosatini aks ettiradi," deydi olim.

Mutaxassislarning firkicha, bu kabi siyosat Bushning birinchi muddatida ancha pand berdi. AQSh muhim ittifoqdoshlaridan ayrildi. Ikkinchi muddatda Bush rahbariyati ana shu yarani tuzatishga urinsa kerak, deydi tahlilchi Hel Deyl:

"Bu safar Bush rahbariyati ittifoqdoshlar bilan hamkorlikni tiklashga harakat qiladi. Mamlakat xavfsizligi, terrorga qarshi urush va Iroq masalasi asosiy o'rinda turgan paytda buzilgan aloqalarni tiklashga intiladi."

Prezident Bush Yaqin Sharqda ham ko'p o'zgarishlar qilishni ko'zlamoqda. U, Isroil va falastinliklar o'rtasida tinchlik o'rnatish va mojaroga yechim topishda boshqa davlatlar bilan yaqindan ishlashni rejalagan.

"Agar barcha tomonlar birdek hissa qo'shsa, masaladan tashvishlangan davlatlar birdek ishtiyoq bildirsa, mojaroga nuqta qo'yib, tinchlikka erishish mumkin. Bunday qadamlar tashlanishi uchun vaqt yetgan," deydi Bush.

Pastorning ta'kidlashicha, arab dunyosi bilan munosabatlarni yaxshilash uchun AQSh shunday qadam qo'yishi kerak:

"Chunki, arab mamlakatlari e'tiborni ko'proq Iroqqa emas, Falastinga qaratgan. Ular bilan Iroq masalasida hamkorlik qilish uchun, biz ularga Falastin tinchligi yo'lida ter to'kishga tayyor ekanimizni bildirishimiz lozim."

Bush oldida turgan yana ikki muhim masala – Shimoliy Koreya va Erondir. Mutaxassislarning aytishicha, har ikki davlat atom qurollariga ega bo'lishni istaydi va ular yadroviy qurollar musobaqasini boshlashi mumkin.

Bu davlatlar terroristlarni yadroviy materiallar bilan ta'minlashi mumkin, degan xavotir ham bor. Bush rahbariyati bu masala yuzasidan ko'p-tomonli muzokara boshlagan.

Ammo, deyishadi xalqaro diplomatlar, Bush bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bilan yaqindan ishlashi lozim. BMT va Bush rahbariyati o'rtasida, so'ngi yillarda, sovuqlashgan aloqaning yangi muddatda ijobiylashishiga umid bor, deydi Robert Pastor:

"Prezident Bush ba'zi masalalarda BMTga yuzlanib, undan yordam so'rashi mumkin. Lekin u, BMT quvvatlamasligi mumkin bo'lgan boshqa rejalari yuzasidan, o'zi bilganidek ish tutishda davom etadi."

Jorj Bush prezidentlikka qayta saylanib, kuch-g'ayrati oshganini yashirmaydi. "Asosiy vazifam - siyosatimni olg'a surishdir," deydi u.

Siyosiy sharhlovchilarning fikricha, bu oson kechmaydi. Iroqning kelajagi mavhumligicha qolarkan, dunyoning ba'zi davlatlari Bushning kelasi to'rt yildagi siyosiy qadamlariga qarshi chiqishi turgan gap.

XS
SM
MD
LG