Breaking News

Genlar majmuasi asosida aniqlash: kimga foyda, kimga zarar? - 2005-01-25


Janubiy-sharqiy Osiyoda yuz bergan dengiz to'fonlari oqibatida o'lgan minglab kishilarning jasadlari ilmiy tekshiruv uchun jo'natilmoqda. Tailandda o'lganlar soni bech mingga yetgan va ularning yarmi chet elliklardir. Tailand hukumati halok bo'lganlarning qaysi mamlakatdan ekani adashtirilib yuborilishi mumkin, deya tashvish bildirgan.

Jasadlarning qaysi davlatga tegishli ekanini aniqlash bilan shug'ullanayotgan Porntip Rojanasunan shunday deydi:

"Biz o'lganlarning qarindoshlaridan va jasaddan gen majmuasini olib, namunalarni AQShdagi Yuta Universitetiga tekshiruv uchun jo'natyapmiz. Agar genlar bir-birga mos tushsa, jasad besh kun ichida tegishli joyga yuboriladi."

Genlar majmuasi asosida aniqlash bilan juda ko'p jumboqlarga javob topish mumkin. Har qanday sharoitda ham, natijani xushxabar, deb bo'lmaydi.

Shu kunlarda AQShning Truro degan shaharchasida yashovchi jami 790 nafar erkakdan o'z gen majmuasini topshirish talab qilinmoqda. Ichki ishlar boshqarmasining aytishicha, bu uch yil avval yuz bergan jinoyatni fosh qilishda yordam beradi. Bu talab aholi o'rtasida keskin qarshilikka sabab bo'lmoqda.

"Qotilning topilishini istayman, ammo bunda kishilarning shaxsiy huquqlari poymol bo'lyapti. Bu ahmoqona ish. Amerika fuqarosi sifatida, bu talabga g'irt noma'qulchilik, deb qarayman,"-deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Jinoyatchilik yuzasidan genlar majmuasini tekshiruvchi idoralardan birining boshqaruvchisi Kevin Makelfresh jarayonning ijobiy tomonlariga to'htaladi:

"Genlar majmuasi asosidagi tekshiruv jinoyatchining kim ekanini aniq, hech qanday shubhasiz, aniqlab beradi. Genlar majmuasi kishining kimligini ko'rsatadi. Odamning jinoyatchi deb topilishi yoki topilmasligi sudga bog'liq."

Genlar majmuasi tekshiruvi kimnidir qamoqqa tashlaydi, kimnidir ozodlikka chiqaradi. Larri Jonson degan bir fuqaro, jinsiy tajovuz qilganlikda ayblanib, 18 yil qamoqda o'tirdi. Gen majmuasi tekshirilgach esa, u begunoh deb topilib, erkinlikka chiqdi.

Tekshiruv usuli tobora mukammlashib bormoqda. Inglizcha D-N-A, ya'ni D-N-K, inson to'qimasining bir molekulasi, kishining genetik tarkibi demakdir. U har bir insonda har xil bo'ladi. DNKni kishining barmoq izidan, qon, suyak yoki so'lagidan olish mumkin. Namunani, hatto, bir necha yillik dalildan ham olsa bo'ladi.

AQSh Federal Tekshiruv Byurosining (FBI) DNK ombori bor. Unda turli jinoyatchilardan olingan genlar majmuasi saqlanadi.

Sara Hart - AQSh adliya vazirligi qoshidagi Umummamlakat Adolat Instituti , DNK masalasi bilan shug'ullanuvchi muassasaga, rahbarlik qiladi. "DNK hozir o'tgan asrda barmoq izlari texnikasi qilgan vazifani bajarmoqda. Bu o'ta kuchli vosita. Unga e'tibor bermasa bo'lmaydi."

Endilikda, AQShning barcha shtatlari o'z DNK bazasiga ega. Virjiniya shtatida, faqatgina jazoga tortilgan kishidan emas, hatto qonli jinoyatlarda ayblangan odamdan ham gen majmuasi berish talab qilinadi.

Bu qonunga qarshi chiqayotgan tashkilotlardan biri Shaxsiy Ma'lumotlar bo'yicha Elektronik Markaz boshlig'i Anna Slomovich, qonun adolatsizdir, chunki u barchani ta'qib ostiga oladi, deydi:

"AQShning ba'zi shtatlari DNK namunalarini qachongacha saqlash kerakligini aniq belgilamagan. Demak, guvohlarning ko'ngilli ravishda bergan gen majmualari yoki begunoh ekanini isbotlash maqsadida berilgan DNK namunalari hukumat omborida doimiy muddatga saqlanib qoladi."

Anna Slomovich, "Bu ma'lumotlar shaxsning kelajagiga rahna solishi mumkin,"- deydi. Ammo, hukumat vakili bu fikrga qo'shilmaydi.

"DNK shaxsning kim ekanini aniqlovchi vosita, ammo u sizga bu odamning jismoniy ko'rinishi, sog'lig'i haqida hech narsa bildirmaydi. DNK topshirish bilan kishi o'ziga nisbatan xavf tug'dirmaydi. Uning haydovchilik guvohnomasida bundan ham nozik ma'lumotlar bor, axir,"- deydi Sara Hart.

Anna Slomovich bu gapga ishonmaydi: "Federal Qidiruv Byurosining chegaralangan ma'lumot bazasi bor. O'sha ma'lumot orqali odamning qaysi oilaga, avlodga qarashli ekanini aniqlash mumkin. Haydovchilik guvohnomasi yordamida buni bila olmaysiz."

AQShda DNK namunasining biologik izlanishlar uchun qo'llaninishi ta'qiqlangan. Ammo, Anna Slomovich nazarida, jinoyat tarixi bilan bog'liq gen majmualarini himoya qiluvchi qonunlar yetishmaydi. "Bu kabi ma'lumotlar hamisha xavf ostida. Kimdir ularni o'g'irlab, o'z qora maqsadi yo'lida foydalanishi mumkin,"-deydi mutaxassis.

AQSh adliya vazirligi yuqoridagi fikrga javoban, DNK ma'lumotlari xavfsiz joyda saqlanadi, deb qayd etadi.

XS
SM
MD
LG