Bush Kongresga yillik hisobot berish arafasida - 2005-01-29


AQSh prezidentining Kongresning har ikkala palatasi oldida hisobot berishi, Amerika hukumatining qonun chiqaruvchi va ijro'iya organlari orasida yilda bir marta kechadigan an'anaviy muloqotdir.

AQSh konstitutsiyasiga binoan, Amerika prezidenti Kongres bilan aloqada turishi, mamlakat ahvoli va boshqa dolzarb masalalar haqida unga bildirib turishi shart.

Konstitutsiya bu borada boshqa hech narsa demaydi, ammo prezidentning qonun chiqaruvchilarga beradigan har yil boshidagi bayonoti siyosiy odatga aylangan.

Bu an'anaga AQShning birinchi Prezidenti Jorj Vashington asos solgan.

Ammo, uchinchi prezident Tomas Jefferson Kongresga shaxsan hisobot berishni ma'qul deb ko’rmagan. "Jefferson, prezidentning Kongres huzuriga nutq so'zlashi o'ta shohona jarayon, deb marosimni xush ko'rmagan,"- deydi tadqiqotchi Alan Littman.

"Shu sabab Jefferson 1801 yilda Kongres oldiga chiqmasdan, yillik bayonotini yozma ravishda jo'natgan. Shunday qilib, tarixiy an'ana buzilgan. Jeffersondan keyingi prezidentlar ham mamlakat ahvoli haqidagi hisobotlarini shaxsan emas, xat orqali bildirib kelishgan. XX asr boshida esa yetuk siyosatchi Vudrov Uilson davlat tepasiga keldi."

Prezident Uilson 1913 yilda Kongres oldiga chiqadi. Prezident Franklin Ruzvelt ham bu siyosiy an'anaga rioya qilib, shaxsan o'zi bayonot berardi. Aynan uning rahbariyati davrida, amerikaliklar tarixda ilk marta, prezident nutqini radio orqali tinglashgan.

"Konstitutsiya, 'Kongresga hisobot berilsin" deydi. Lekin davlat rahbari Kongres oldida gapirar ekan, u nafaqat qonun chiqaruvchilarga, balki xalqqa ham murojaat qiladi. Amerika tarixida prezidentlar bu siyosiy marosimdan o'z siyosatlarini tashviq qilish uchun foydalanib kelgan,"-deydi Litman.

Abraham Linkoln 1862 yilda Kongresga bayonot berar ekan, quldorchilikka qarshi chiqib, "Agar bu tuzum davom etmaganda, AQShda fuqarolar urushi sodir bo'lmagan bo'lardi,"- degan.

Garri Truman Ishsizlikka Qarshi Adolatli Kelishuv degan siyosiy tashabbus bilan chiqsa, Lindon Jonson –60-yillarda tengsizlik va qashshoqlikka qarshi kurashga undagan.

Prezident Bushning Kongres va xalq oldidagi hisobotlari mavzusi o'tgan to'rt yil mobaynida, asosan, terrorizmga qarshi urush haqida bo'lib kelmoqda.

O'tgan yilgi murojaatida Bush, Iroqqa qarshi urush "qanchalik adolatli bo'lgani" haqida gapirib, Saddam Hussayn rejimining kuni bitganini tantana qilgandi.

2004 yil so'ngida prezidentlikka qayta saylangan Bush, ikkinchi muddatda ham agressiv siyosat olib bormoqchi ekanini ta'kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG