Breaking News

Chig'anoqlar - qattiq to'nli malikalar - 2005-02-02


AQShning janubiy-sharqiy qismi, Florida shtati sohillarini Chig'anoqlar Respublikasi deyishadi. Olim Bob Gleyzer mintaqadagi ana shu noyob jonvorlarni asrab qolishga bel bog'lagan.

"Maqsadimiz chig'anoq sonini qayta ko'paytirish,"-deydi u. "Shunday bo'lsinki, sohilda baliq tutish chegaralangan holda kechsin."

Florida janubidagi suvlar bir paytlar malika chig'anoqlar degan mavjudotlarga to'la edi. Ularni qattiq to'nli molyuskalar deb ham atashadi.

Endilikka kelib, bu turdagi chig'anoqlar yo'qolib borayotgan jonvorlar qatoriga kiradi. Ularni ferma yoki uy sharoitida yetishtirish 1995 yildan beri ta'qiqlangan.

Ilmiy izlanishlar shuni ko'rsatadiki, chig'anoqlar sohil yaqinida ko'payishdan to'htagan. Sababini hech kim bilmaydi.

Bu sohada ko'p izlangan Bob Gleyzer, o'tgan to'rt yil davomida bu yerlardan yiqqan uch mingdan ziyod qattiq to'nli molyuskalarni okeanga, 8 kilometr masofa ichkariga ko'chirib kelyapti.

"Chig'anoqlarning, okeanda to'rt -olti oy orasida ancha ko'payayotganini aniqladik,"-deya izoh beradi u.

Bob Gleyzer hamkasbi Gabriel Delgado va yordamchisi Yan Bleksmen bilan qirg'oq yaqinida yurgan bepusht chig'anoqlarni teradi. Ularni bittalab o'rganadi. Kerakli ma'lumotlarni olgach, jonvorlarni okeanga tashlab yuboradi.

"Katta chig'anoq olingan joyda, odatda, ekologik muhit buziladi. Shu sabab biz uning o'rniga yosh chig'anoqni qo'yamiz. U o'sha yerda ulg'ayadi. Keyinroq, biz uning o'rnini yana bir yosh chig'anoqqa almashtiramiz,"-deya tushuntiradi olim.

Gleyzer chig'anoqlarni mana shunday yovvoyi holda, ammo kuzatuv ostida ko'paytirishni afzal ko'radi. Ularni uy sharoitida ko'paytirish qimmat; shuningdek, yovvoyi tabiat chig'anoqqa genetik quvvat beradi, deydi u:

"Bu ishni to'rt yildan beri olib boramiz va hozirgacha uch mingga yaqin chiganoqni qayta ko'chirib, ko'paytirdik. Bu, suvda yetishtiriladigan hayvonni 25 mingdan 250 mingga ko'paytirdik, degani. Bunda ish oson kechadi."

Akademik Gleyzer chig'anoqlarni ko'paytirishga qo'l urganidan beri ularning soni 300 foizga oshdi. Ammo, shuncha sa'yi-harakatlarga qaramasdan, qattiq to'nli molyuskalar hali ham sohilga yaqin joylarda ko'paya olmayapti. Aytish kerakki, jarayonda atrof-muhit ham muhim rol o'ynaydi.

"Mabodo, sohilda jonvorlarning ko'payishiga halal beruvchi biror kimyoviy moddalar mavjud bo'lsa, bu barcha hayvonlar uchun halokatli muhit, demakdir. Bunda, chig'anoqlar masalasi muammoning bir qismi, xolos,"-deya tashvish bildiradi Bob Gleyzer.

Olim bir kun kelib, Floridaning orombaxsh sohillari bo'ylab, chig'anoqlar to'dasi vujudga keladi, deb umid qiladi. Ammo, agar tijoriy baliqchilikka ruxsat beriladigan bo'lsa, malika chig'anoqlar bir zumda barbod bo'lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG