Breaking News

Nyu Orleans Mardi Gra karnavali kayfiyatida - 2005-02-09


Mardi Gras frantzuzchada Katta Seshanba demakdir.

Bu kun - nasroniylarning ro'za oyi boshlanishidan avvalgi so'ngi seshanba. Ko'pchilik aholisi nasroniylardan iborat Amerikada mazkur bayram, ayniqsa, mamlakat janubida keng nishonlanadi.

XVIII asrlarda frantsuzlar egalik qilgan Luiziana shtatining Nyu Orleans shahri ko'ngilochar maskanlari bilan tanilgan. Mardi Gra bayrami uni yanada boyitadi.

Mardi Gra ayyomi Nyu Orleansga har yili milliardlab dollar daromad keltiradi. Bu shahar aslida turizmdan tushgan pul evaziga kun kechiradi.

Ammo, bu hammasi emas. Shahar aholisi turistlarni xushlaydi, lekin asosiy maqsad shahar madaniyatini, uning xususiyatlarini tashviq etishdir.

Mardi Gra oilaviy ahamiyatga ega an'ana,deydi Nyu Orleans Turizm Korporatsiyasi vakili Laura Klaviri: "Mardi Gra oilalar uchun ajoyib marosim. Birinchidan u bolalarga juda yoqadi. Parad qaysi kichkintoyga ham yoqmaydi? Ikki haftalik bayramda 30ga yaqin turli parad bo'ladi."

Uning aytishicha, Mardi Gra bu madaniy jihatdan boy muhitning bir asrdan ko'proq tarixi va urf-odatlarini namoyon etuvchi ayyomdir.

"Nyu orleansliklar uni asl ko'rinishini saqlashga urinadi va aynan o'sha beqiyos shaklda namoyish etishga harakat qiladi,"- deydi Klaviri xonim.

Mardi Gra festivali shaharning markaziy ko'chasi, Avliyo Charlz Avenyusida bo'lib o'tadi. Mardi Gradagi eng shohona parad Reks deb atalib, odatda namoyishchilar shu ko'chadagi bir uyni tanlab, unda mehmon bo'ladi.

Bu safar paradchilar advokat Bill Greysnikida to'htadi.

"1907 yilgi Mardi Gra bayramida mening katta bobom Robert Genri Daunman, Reks, ya'ni parad qiroli bo'lgan. U shu uyning egasi edi. Shundan beri, har yilgi shohona paradda, ishtirokchilar shu xonadonda mehmon bo'lib kelmoqda,"- deydi janob Greys.

Shohona parad odatda ko'ngilli guruhlar, jamoatchi faollar tomonidan uyushtiriladi. Ular ballar ham tashkil etishadi. Hammasi xususiy mabl'ag' evaziga.

"Qizig'i shundaki, Nyu Orleansdagi bu karnavalning boshqalaridan ajratib turuvchi bir jihati bor. Karnaval uchun korporatsiyalar yoki jamoatchilikdan pul olinmaydi. Marosimni xususiy manba moliyalaydi,"- deya tushuntiradi mahalliy faol.

Mardi Gra karnavali uchun tayyorgarlik paraddan bir necha oy ilgari boshlanadi. Marosimda namoyish etiladigan bezaklar, karnaval kunigacha, Nyu Orleansning bir chekkasidagi katta omborxonada saqlanadi.

Bolalar shifokori va Mardi Gra tashkilotchilaridan biri Stefen Heyls, hamma narsa Nyu Orleansning o'zida ishlangan, deydi:

"Mardi Gra bayramida ko'rsatiladigan urf-odatlarga e'tibor bersangiz, bezaklaru-chiroqlarning hech biri tuzilishi, shakli va ma'nosi jihatdan o'tgan bir asrdan beri uncha o'zgarmagan. Unda plastik materialdan qo'llanilmaydi. Bezaklarni, qo'g'irchoqlarni yasashda, o'sha qadimiy usuldan, ya'ni qog’ozdan foydalaniladi."

Bu yilgi Reks karnavalining mavzusi – Xitoy madaniyatini aks ettiruvchi qadimiy Katay afsonalari. Bu qo'g'irchoqlar, bezaklar va ko'rinishlar, ayniqsa bolalarni quvonchga to'ldiradi, deydi tashkilotchi:

"Manavi ajdarho turadigan karnaval aravasining nomi Qubla Xondir. U Chingiz Xonning nevarasi bo'lgan. Qibla Xon o'rta asrlarda, markazi hozirgi Pekin yaqinida joylashgan yirik saltanat hukmdori bo'lgan,"-deya izohlaydi janob Heyls.

Bu yilgi parad tashkilotchilari, karnavalni yosh avlod uchun qiziqarli va yangi bilim beruvchi mavzuda o'tishini niyat qilgan. Axir, deyishadi ular, Mardi Gra bu insoniyat tarixini qadrlovchi ayyom.

XS
SM
MD
LG