Amerika qora tanlilari tarixi tiklanmoqda.  - 2005-02-11


AQSh bo'ylab, 1950-60 yillar davomida kuchaygan irqiy tengsizlikka qarshi harakat natijasida qora tanlilarga nisbatan "negr" so'zining qo'llanishi tahqirlashdir, deya qabul qilinib, "African-American," ya'ni Afrika kelib chiqishiga ega amerikalik, so'zi qo'llana boshlagan.

Doktor Martin Lyuter King yetakchiligidagi AQSh fuqaro huquqlari harakati millionlab qora tanli amerikaliklarni irqiy tenglik va adolat izlab, ommaviy namoyishlar o'tkazishga chorlagan edi.

Amerika janubida irqiy tengsizlik doimiy hayot tarziga aylanib ketgan edi. Qora tanlilar va oq tanlilar hayoti bir-birdan juda uzoq edi. Masalan, qora tanlilar oq tanlilar egalik qiluvchi mulkka, ularning ruxsatisiz, oyoq qo'ya olmas edi. Jamoatchilik deganda, qora tanlilar nazarda tutilmasdi.

Tinch holda, namoyish o'tkazib, teng huquqli bo'lishni talab qilayotgan kishilar hukumatdan irqiy qotilliklarga qarshi chora ko'rishni so'radi. Qora tanlilarni himoya qiluvchi federal qonunlar joriy etilsin, ular ham fuqaro sifatida saylovda qatnasha olsin, ovoz bera olsin, degan talablar qo'yildi.

"Men, Vashingtondagi rahbariyat, 'bu namoyishchilarga Xudo ato etgan va konstitutsiyada belgilangan teng huquqlarni bermasak bo'lmaydi, bundan o'zga chora yo'q,'- demaguncha, irqiy tengsizlikka qarshi kurashishda davom etaman,"- degan edi Martin Lyuter King, 1963 yilgi Vashington namoyishlarida. "Toki hukumat bizni teng huquqli qilishga majbur ekanini anglasin."

Ammo, fuqaro huquqlari uchun qilingan namoyishlar qonsiz kechmadi. Irqiy tengsizlikni oqlayotgan guruhlar va politsiya qora tanlilarni do'pposlar, minglab namoyishchilarni qamoqqa olardi.

Atlantalik Jorjiana Tomas, ana shu irqiy nafratni boshdan kechirganlardan biri. "Men shahar markazida namoyish qilish borganimda, bir katta do'kon oldida meni bir kishi chekayotgan tamakisi bilan kuydirgan. Men hech narsa qila olmaganman, chunki biz tinch namoyishchilar edik. U meni kuydirgan. Buni hech qachon unuta olmayman,"-deydi u.

Birdi Ingland oq va qora tanli o'quvchilarni bir avtobusda yurishini tashviq qilgan yoshlardan biri bo'lgan. "O'qituvchim meni, qilayotgan ishing juda xavfli, deb ogohlantirgan edi. Chunki, u damlarda qora tanlilar avtobuslarga yaqinlasha olmasdi."

Birdi ham, Jorjiana ham irqiy tengsizlikka qarshi kurashlari haqida ommaga ilk marta hikoya qilmoqda.

AQShda qora tanlilar tarixini o'rganish bo'yicha umummamlakat dasturi yo'lga qo'yildi. Unda sobiq namoyishchilardan ko'rgan-bilganlarini qog'ozga tushirish yoki so'zlab berish iltimos qilinadi.

Loyiha "Fuqaro Huquqlarining Ovozi" deb ataladi. Ko'ngilli xizmatchilar, irqiy tengsizlikka qarshi kurashning qaynoq nuqtalari bo'lgan hududlar bo'ylab, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, oddiy fuqarolarga quloq tutadi. Fuqaro huquqlari harakatida qatnashgan kishilar bilan uchrashadi. Hozirgacha 1950-60 yillar tarixi bilan bog'liq to'rt mingdan ziyod hikoya to'plandi.

"Ko’chaga chiqib, irqsizlikka qarshi namoyish qilgan odamlarning bari oddiy fuqarolar edi,"-deydi Jorjiana. "To'g'ri, strategiyamizni belgilab berayotgan odamlar bor edi, ammo oftobda kuyib, tinimsiz ter to'kib, qo'shimcha ishlab, asl mehnatni mana biz qilganmiz. Bizning nomimiz matbuotda chiqmagan, xolos. Namoyishga chiqqan odamlar mashhur faollar bilan birdek ahamiyatli rol o'ynagan. Buni yoshlar bilishlari lozim."

Qora tanlilar harakati tarixi haqida yig'ilgan audio va video materiallar hozirda Vashingtondagi Kongres Kutubxonasida saqlanmoqda. Ularni to'plashga rahbarlik qilayotgan Ernest Arseno deydiki: "Biz odatda fuqaro huquqlari dohiylari haqida ko'p eshitamiz. Namoyishda qatnashgan oddiy odamlarchi? Ana shu oddiy fuqarolarning birgalikda qilgan mehnati fuqaro huquqlari harakati faoliyatiga katta hissa qo'shgan. Natijada Amerika hayoti tubdan o'zgardi."

Ruhoniy Gloriya Rayt ana shu oddiy qatnashuvchilardan biri bo'lgan. Irqiy tengsizlikka qarshi harakatga qo'shilganida 16 yosh edi. U va boshqa o'nlab namoyishcilar hibs qilinib, qamoqqa tashlangan edi.

"To'rt marta qamalganman.Qamoqxonada ko'pi bilan to'rt kecha o'tkazganman. Bizga 'negrlar, ovozlaringni o'chir,' deya tahqirlovchi so'zlar aytishardi. Jim bo'lmasak, xonani sovutib, azob berishar edi. Birga bo'lganimiz uchun ahvol uncha dahshatli tuyulmagan,"- deydi suhbatdoshimiz.

Rayt xonim, irqsizlikka qarshi namoyish o'tkazgan oddiy odamlar taqdiriga qiziqishning ortganini ko'rib, "o'z boshimdan o'tgan voqealar haqida, yosh o'quvchilar uchun kitob bitishga ahd qildim,"- deydi:

"Yoshlar fuqaro huquqlari harakati, irqiy tengsizlik tarixi haqida bilmas ekan, ularning bugungi vazifalari nima ekani haqida qaydan biladi? Ular bizning tengsizlikka qarshi bosh ko'tarib, qanchalik qon to'kkanimiz, ter to'kkanimiz haqida bilsin. Menimcha, yoshlar Martin Lyuter King kabi yetakchilar haqida bilishi kerak, ammo namoyishlar qatorining oxirida turgan odamlar ham juda, juda muhim."

“Fuqaro Huquqlari Ovozi” loyihasini tashkil etgan kishilarning aytishicha, dastur Amerikadagi irqiy tengsizlikka qarshi kurashning qora kunlarini boshdan kechirgan insonlar xotirasiga bag'ishlangan.

XS
SM
MD
LG