Korruptsiya -bedavo nafs balosimi?


Korruptsiya masalalari bilan shug’ullanadigan mutaxassislarning aytishicha, ko’plab jinoyatlarga sabab bo’layotgan nafs balosidan qutilish amri maholdir.

Biroq katta va kichik, boy va kambag’al davlatlarda korruptsiyaga qarshi kurashning samarali strategiyalari mavjud. Shulardan biri – mazkur muammoni ochiq-oydin muhokama qilishdir.

AQShning yirik energetika kompaniyalaridan biri bo’lmish Enronning rahbari Ken Ley yulg’ichlikda ayblandi.

Lay qatorida Enronning bir qator yuqori lavozimli rahbarlari javobgarlikka tortildilar. Sud ularni barcha punktlar bo’yicha aybdor deb topdi.

Ukraina sobiq bosh vaziri Pavel Lazarenkoning hokimiyatdalik paytida pulni noqonuniy yo’l bilan undirish va oborotga qo’yishdagi aybnomasini qayta ko’rib chiqishni talab qilib, uning advokati sudga appelyatsiya qildi.

Meksikada esa jamoatchilik e’tiborini o’ziga qaratgan lavha mamlakatda ko’zga ko’ringan tadbirkor va yirik siyosatchi o’rtasidagi poraxo’rlikni fosh etdi.

Mutaxassislarning hisobiga ko’ra, poraxo’rlik yiliga bir trilyon dollar zarar keltiradi. Korruptsiya muammolari bilan shug’ullanovchi Transparency International tashkilotining vakili Nensi Bosvelning aytishicha, bu muammoning bir qismi xolos.

“Bunga o’zga mulk va pulni o’zlashtirish va bunga tegishli boshqa jinoiy harakatlar kirmaydi,"-deydi Bosvel xonim. "Qurilishi tugamagan ko’priklar va yo’llarning harajati, hamda ta’lim, sog’liqni saqlash va odamlar zoriqqan qator xizmatlar hisobiga amalga oshirilgan lohiyalarning harajati hisobga olinmaydi.”

Har yili Transparency International tashkiloti hukumatlarning yulg’ichlik darajasini o’rganadi. Ko’plab mamlakatlar 10-ballik ko’rsatkich bo’yicha beshdan past baho olgan. Xalqaro izlanishlar korruptsiya va moliyaviy nochorlik o’rtasidagi bog’liqlikni ko’rsatadi.

Nensi Bosvel deydiki, tabiiy boyliklarga ega mamlakatlarda hali ham keskin qashshoqlikni ko’rish mumkin va shu asosda ular jadvalning quyidan joy olgan.

“Korruptsiya doimo mavjud bo’lgan, biroq biz ko’proq uni keltirib chiqaradigan omillarni o’rganamiz,”-deydi ijtimoiy me’yorlar bo’yicha markaz bosh muharriri Bil Allison. Uning aytishicha, korruptsiyaga doir axborotni ochiq tutadigan davlat uni maxfiy tutadigan davlatga qaraganda yulgi’chroq bo'lishi mumkin. Uning markazi har bir mamlakatning davlat va xususiy sektorda korruptsiyaga qarshi ko’rayotgan choralariga qarab baholaydi.

“Biznes olamida halollik yetishmaydi,”-deydi Allison. Kompaniyalar qonunni buzmagan taqdirda ham etik jihatdan xatoga yo’l qo’yadi. Masalan, deydi Allison, bir vaqtlar AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni tomonidan boshqarilgan yirik neft kompaniyasi Haliburton AQShning Iroqdagi qator maqsadlarini amalga oshirish uchun yo'llandi.

“Vitse-prezident hozirda Haliburtonga va kontraktlarga aloqasi yo’qligini ta’kidlamoqda,"-deydi mutaxassis Allison. "Bunga dalillar ham yo’q. Biroq AQSh mudofaa vazirligida o’tirib, Haliburtonga tegishli tender qog’ozlari bilan shug’ullanadigan har qanday ma’sulning Haliburtonning sobig rahbari kim ekanini bilmasligiga ishonmayman.”

Haliburton ishi bo’yicha tergov natijasidan qat’iy nazar, kuzatuvchi tashkilotlarning nazorati o’z samarasini bermay qolmaydi. Biroq korruptsiya botqog’iga cho’kib qolgan davlatlar muammolarni ochishga shoshilmayapti. Transparency International yaqinda korruptsiyani tomiri bilan yulib tashlashga va’da bergan yangi rahbarlarni bir davraga to’pladi.

“Keniyalik bir hukumat vakili juda mard inson ekan,"-deya hikoya qiladi Bosvel xonim. "Korruptsiya muammosi haqida qo’rqmasdan o’z fikrini aytdi. Masalaning bir jihati shuki, manfaatga asoslangan kuchlar parallel hokimiyat yaratadi. Bu hokimiyatni manfaatdor tebratadi. Ular o’zlarini boyitish uchun qulay qonunlar yaratadilar. Bunday vaziyatni o’zgartirish mutloq qiyin ishdir.”

Qiyin, biroq ilojsiz emas. 2003 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti korruptsiyaga qarshi konventsiya qabul qilib, dunyo miqyosida jinoyatchilarni ushlab, jazolash maqsadida ilk xalqaro huquqiy vositaga asos soldi. Peru hukumati ana shu konventsiyadan foydalanib, xalq pulini o’zlashtirganlikda ayblangan sobiq prezident Alberto Fuhimorini u panoh topgan Yaponiyadan vataniga jo’natilishini talab qilmoqda.

Korruptsiyaga botgan mamlakatlarda yulg’ich mulozimlarni jazoga tortib, tizimni butunlay tozalash va xalqning milliy faxrini tiklash uzoq jarayondir.

XS
SM
MD
LG