Breaking News

AQShda inson savdosiga qarshi qonun qayta ko'riladi


Yiliga 800 mingga yaqin odam inson savdosi hisobiga tez o'sayotgan va milliardlab daromad ko'rayotgan shaxslar va jinoiy guruhlar qurbonlariga aylanmoqdalar.

AQSh Davlat departamentining xabar berishicha, bir mamlakatning ichida ana shunday baloga mubtalo bo'lgan jabr-diydalarni hisobga olganda, bu raqam undan ham yuqori bo'lishi mumkin.

Ularning aksariyatini ayol va qizlar, va shuningdek, yosh bolalar va o'smirlar tashkil etadi va ular asosan, Janubiy va Sharqiy Osiyo hamda afrikalik kishilardir.

Jon Miller, AQSh Davlat departamentining insonlar savdosiga qarshi kurash va uni kuzatish idorasining direktori. U AQSh Vakillar palatasining Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasiga qilgan bayanotida, muammoning ko’lami haqida shunday dedi:

"Har bir mamlakatda qullikning turli xil ko’rinishlari mavjud. AQSh bundan mustasno emas. Ularga jinsiy qullik, uydagi qullik, fabrikadagi qullik, fermadagi qullik hamda yosh bolalarni jangarilikka va jaziramada tuyaga qarashga majburlash kiradi. Ularning ichida eng keng tarqalgani jinsiy qullikdir."

Dunyo bo’ylab hukumatlar insonlar savdosiga qarshi qattiqroq choralar ko’rish va shu bilan birga nodavlat tashkilotlar jabr-diydalarning manzilini topish va ularga reabilitatsiyadan o’tishga yordam berish harakatlarini kuchaytirmoqdalar.

Insonlar savdosiga qarshi kampaniyaning eng faol kurashchilaridan biri nyu jersilik kongressmen Kris Smitdir. Uning gapiga qaraganda, kamida 24 mamlakatda insonlar savdosiga qarshi kurashga qaratilgan qonunlar qabul qilindi va boshqa mamlakatlarda shunga tayyorgarlik ketmoqda. Qo’lga olingan sakkiz mingga yaqin jinoyatchining 2,800 nafari shu kungacha jazoga tortildi.

Biroq oldinda hali ko’p ishlar bor. Shri-lankalik jabr-diydalardan biri Beatris Fernando bu muammoni jamoatchilik o’rtasida kengroq yoritish kerakligi, insonlar savdosiga daxldor tashkilotlarning faoliyatini tekshirish va ularni jazolash hamda chet-el hukumatlarining choralarini nazorat qilish kerak degan fikrda:

"AQSh Davlat departamenti tomonidan har yili chop etiluvchi inson savdosi masalasiga bag’ishlangan yillik hisobotiga, har bir mamlakatning bu muammoga qarshi kurashga ajratilayotgan mabla’gini ham tushirish kerak. Keyin esa mablag’ doirasida qilinayotgan ishga baho berish kerak. Hisobot o’z ichiga qullikka qarshi kurashayotgan tashkilotlarga nisbatan hukumatlarning tazyiqini ham olishi kerak. Masalan, Mavritaniyada hukumat ana shunday guruhlardan birining faoliyatiga chek qo’ygan."

Biz bilan suhbat qilgan kishilar inson savdosi tufayli vujudga keluvchi muammolar haqida ham so’zlashdi.

Linda Smit boshchilik qilayotgan xalqaro tashkilot ana shu baloga mubtalo bo’lgan odamlarni topishga, bu jinoyatga qo’l urgan shaxs va tashkilotlarni fosh etishga va hukumatlarni qattiqroq choralarni ko’rishga undashga astoydil bel bog’lagan.

"Evropa bo’ylab hozirda boshqa mamlakatlardan kelgan ko’plab qizlar yashirinib yuribdilar,"-deydi Smit xonim. "Chunki, ular o’z mamlakatlariga qaytarib yuborilsalar, ularni u yerda o’lim kutmoqda. Bizga do’st va ittifoqdosh bo’lgan mamlakatlarda hozirda jabr-diydalar bozori hosil bo’lgan. Men hukumatimizning ularga “qullikka barham berishingiz kerak” degan siyosatini qo’llab-quvvatlayman. Axir do’stlarimizda qullar bo’lmasligi kerak."

Bu yili kongressmen Kris Smit Kongressda 2000 yil ilk bor qabul qilingan inson savdosiga qarshi qonunning qayta ko’rilishini nazorat qiladi. Yangi qonunda inson savdosida qo’li bor amerikaliklarga qarshi, hoh u harbiy bo’lsin, hoh davlat odami bo’lsin, choralar ko’rish ko’zda tutilgan.

”Himoya” deb atalmish qonuni AQShning ana shunday muammoga qarshi kurashga bevosita daxli bor qonunlaridan biri bo’lib, u chet-el safari davomida jinsiy qullik bilan shug’ullangan amerikaliklarga qarshi qaratilgan.

Yaqinda Vakillar palatasi tasdig’idan o’tgan qonunchilikka ko’ra, chet-elda insonparvarlik yordami bilan shug’ullanayotgan tashkilotlar jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi axloqiy nizomga rioya qilishlari shart. Aks holda AQSh hukumatining moliyaviy yordamidan mahrum bo’ladilar.

XS
SM
MD
LG