Breaking News

Amerika nazarida diniy erkinlik umumbashariy bo'lishi kerak


Qo’shma Shtatlar dindor mamlakat hisoblanadi. Bu yerga ilk bor kelganlar, asosan o’z davlatlarida diniy zo’ravonlik va ta’qibga mahkum etilganlar odamlar bo’lgan.

Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 90 foizi xudo borligiga ishonadi. 78 foiz aholi uchun esa ibodat - kundalik hayotning bir qismi.

Prezident Barak Obama AQSh turli din, millat va elat vakillariga vatan deydi:

“Biz nasroniy, musulmon, yahudiy, hindu va ateistlar yashaydigan umum bir jamiyatmiz”, - deydi Obama.

Qo’shma Shtatlar diniy erkinlik har bir insonning birlamchi huquqi ekanini tan oladi. Shunday ekan Amerika boshqa xalqlar ham o’z yurtida hech qanday bosimsiz, tahqirlanmay, istalgan e’tiqodiga amal qilishini istaydi.

Yaqinda Turkiyaga qilgan safari chog’ida musulmon dunyosiga murojaat qilar ekan, Obama xalqlar, dinlar va madaniyatlar orasida mustahkam ko’prik qurish o’ta muhim ekanini ta’kidladi.

"O’zaro hurmat va manfaatlarga asoslangan hamkorlikni istaymiz. Diqqat bilan tinglashga, anglashmovchiliklarga oydinlik kiritishga va umumiy g’oyalarni aniqlashga tayyormiz. Kelisha olmasak ham, hurmat qilamiz. Islom dini asrlar mobaynida dunyo taraqqiyotiga ijobiy o’zgarishlar olib keldi, jumladan mening vatanimga ham", - deydi Barak Obama.

Qo’shma Shtatlar taraqqiyotida musulmon amerikaliklarning hissasi katta, deydi u.

“Ko’plab amerikaliklar musulmon qarindoshlarga ega. yoki musulmon jamiyatlarda yashagan. Men buni aniq bilaman, chunki o’zim shulardan biriman”, - deydi AQSh prezidenti.

“Maqsadimiz musulmon dunyosi bilan hamkorlik qilish. Umum manfaatlar yo’lida birlashib, kelajak avlod uchun o’rnak bo’lishimiz kerak. Toki farzandlarimiz, Amerika - barcha xalqlarning do’sti degan tushuncha bilan ulg’aysin”, - deydi Barak Obama.

XS
SM
MD
LG