AQShda yonilg'i masalasi - milliy xavfsizlik darajasigacha ko'tarilgan


So’nggi oylarda neft narxi ko’tarilgach, AQSh mudofaa siyosati mutaxassislari atrof-muhit muhofazasi faollariga qo’shilgan holda, AQSh hukumatiga murojaat etib, 2025 yilga borib neftni ishlatish hajmini ikki barobarga qisqartirishga va neft yoki gazdan tozaroq yonadigan yonilg’ining muqobil turlarini ishlab chiqarishga chaqirdilar. Biroq mutaxassislarni iqlimning iliqlashishi yoki havoning ifloslanishi emas, balki urush muammosi bezovta qilayotgan ko’rinadi.

Sobiq prezident Ronald Reyganning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi bo’lgan Robert MakFarleynni Yaqin Sharqdagi urush ehtimoli va terroristlarning Saudiya Arabistonidagi neft quvurlarini portlatib, neft ta’minotini ishdan chiqarish xavfi bezovtalantiradi.

"15-20 yil burun biz bugungidek uyushgan terrorga duch kelmagan edik," deydi MakFarleyn.

Robert MakFarleyn boshqa bir necha mutaxassislar qatorida AQShning neftga ehtiyojini kamaytirish talabi bilan Prezident Jorj Bushga xat yozgan. Undagi talab prezidentning o’zi taklif qilgan va hozirda Kongress ko’rib chiqayotgan energetika bo’yicha qonun loyihasiga o’xshab ketadi.

Prezidentning o'zi yaqinda texnologiyalar yordamida neft va kimyoviy moddalarga bo’lgan talabni kamaytirish orqali, AQShning milliy va iqtisodiy xavfsizligini kuchaytirishga hamda uning havosini tozaroq tutishga muvaffaq bo’la olish mumkinligi haqida gapirib o'tgan edi.

AQShda neftning uchdan ikki qismi transport maqsadlari uchun ishlatilayotgan bir paytda, yangi tashabbus faollari ko’proq gibrid elektr mashinalarini va qishloq xo’jaligi chiqindilaridan hosil bo’ladigan etanol moddasida yuradigan mashinalarni ishlatishni taklif qilyaptilar.

Iroqning neft quvurlariga qarshi tez-tez amalga oshirilib turilayotgan hujumlar jahon neft infratuzilmasining qaltisligini namoyon qildi. “Amerikani ozod qilish” deb nomlangan xavfsizlik bo’yicha tashkilot (Set America Free) mutaxassisi Ann Korin kelajakda katta hujum ehtimoli borasida o'z fikrini bildirdi.

"Agar Saudiya Arabistoniga nazar tashlaydigan bo’lsak, u yerda ko’plab ob’ektlarimiz bor. Ularga hujum qilinganda, neft bozorida ulkan kamomad hosil bo’lib, narxlar osmonga chiqib ketishi turgan gap," deydi Korin.

Neftni qo’riqlash va bu bilan bog’liq boshqa harakatlar qimmatga tushyapti. Mutaxassislarning fikricha, terrorizmga qarshi urushning o’zi ko’plab milliard dollar talab qilyapti. Qizig’i shundaki, ayrim mamlakatlar terroristlarga moliyaviy yordamni neft eksportidan tushgan pul hisobiga ko’rsatmoqdalar, ya’ni amerikalik iste’molchi urushdagi har ikki tomon uchun to’layapti.

AQSh energetika siyosatini o’rganadigan tashkilot bo’lmish Apollon Alyans (Apollo Alliance) bosh direktori Breken Xendriksning fikricha, bu juda ahamiyatli dalildir.

"Amerikaning neftga sarflagan dollarlari geosiyosiy beqarorlikning hosil bo’lishiga va terrorizmning kuchayishiga olib kelgan bir paytda, Amerika jamiyatining puli ichki bozorda neftga bo’lgan ehtiyojini kamaytirish o’rniga, terrorga qarshi urushga sarflanmoqda," deydi u.

Breken Xendriks va boshqalarning nazarida, o’sha milliardlab dollarlarni energetika mustaqilligini ta’minlashga sarmoya qilish eng ma’qul, uzoq muddatli strategiya bo’lar edi.

Dunyo bo’ylab Qo’shma Shtatlar jahon neft resurslari uchun kurash olib borayotgan yagona mamlakat emas. Xitoy va Hindistonning ham talablari kuchaymoqda. Ann Korinning aytishicha, bu mamlakatlarning tashqi siyosati neftga nisbatan tobora kuchayib borayotgan tashnalikka asoslangan.

Ann Korinning fikricha, Xitoy, Eron va Sudan kabi AQSh bilan kelisha olmayotgan mamlakatlar bilan juda kuchli aloqalar o’rnatmoqda. "Bu hol AQShning tashqi siyosatiga o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi," deydi u.

Bu hol Amerika iste’molchilari uchun ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi. Ular haligacha ko’p yonilg’i sarf qiladigan jip mashinalarini sotib olishda davom etmoqdalar. Gibrid mashinalari endigina ommaboplashayotganiga qaramay, ularni ko’p odam xarid qilmayapti. Yonilg’i mustaqilligi tarafdorlari bu vaqtincha hol deb bilmoqdalar. Neft ta’minotida kuchli uzilish sodir bo’lgach, vaziyat keskin o’zgarishi mumkin, deydi ular.

XS
SM
MD
LG