AQSh qirg'iz hukumatini muxolifat bilan muzokara o'tkazishga da'vat etmoqda


23 mart kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining o'rinbosari Adam Ereli Vashingtonda jurnalistlar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvi davomida Qirg'izistondagi voqealarga to'xtalib o'tdi.

Adam Erelining xabar berishicha, Davlat kotibining siyosiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Nikolas Burns 22 mart kuni Qirg'iziston Prezidenti Askar Akayevning tashqi ishlar bo'yicha maslahatchisi Alibek Jekshekulov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Burns qir'giz hukumatini hech qanday shartlarsiz muxolifat kuchlari bilan muzokara o'tkazish kerakligiga da'vat etdi. Bundan tashqari Qirg'izistondagi AQSh elchisi Stiven Yang ham qirg'iz hukumat vakillari bilan bo'lgan uchrashuvlarida ana shu mazmundagi gaplarni qayta va qayta takror etdi.

Shuningdek, Prezident Akayevning Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining maxsus vakili Aloyz Peterle bilan ham uchrashuvi kutilmoqda. Peterle hukumat va muxolifat o'rtasidagi uchrashuvni o'tkazishda ishtirok etadi.

"Biz uning missiyasini to'la-to'kis qo'llab quvvatlaymiz", dedi Ereli.

"Shuni ta'kidlab o'tish joizki, oradagi siyosiy qarama-qarshiliklarni va saylovlar borasidagi noroziliklar va bahslarni kuch ishlatish orqali hal qilib bo'lmaydi. Ularni faqatgina tinch va muzokara yo'li bilan hal qilmoq zarur," deb ta'kidladi Davlat departamentining vakili.

XS
SM
MD
LG