Yonil’gi kam talab qiladigan va atrof-muhitni toza tutadigan mashinalar – zamon talabi


Atrof-muhit zararlanib, yonilg'ining narxlari oshgan bir paytda, ko'plab avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o'zlarini texnologik tadqiqotlarga bag'ishlamoqdalar. Fordga o'xshagan yirik kompaniyalar gibrid mashinalarni ishlab chiqarish ustida ter to'kmoqdalar. General Motorz esa batareyada ishlaydigan mashinani ixtiro qildi. Biroq gibrid va batareyada yuradigan mashinalar texnologik izlanishlarning yagona natijalari emas.

Ford kompaniyasining Shvetsiyada joylashgan nazorat va g'oyalar markazi yangi, havoni buzmaydigan 3 SiSi rusumli yangi avtomobilini tanishtirdi. Ford kompaniyasining bosh menejeri Lars Erik Lundinning aytishicha, mashina hajmi bo'yicha ham, ko'rinishi bo'yicha ham ikki eshiklik sport mashinasiga o'xshab ketadi. "Biroq," deydi u, "bizning sport mashinamiz syurprizga boy."

3 SiSi batareyada yuradi. Faqat elektr quvvatida yurishiga qaramay, tezlikni soatiga 137 km gacha oshiradi va soatiga 100 kilometr tezlikka 10 soniyada chiqadi. Mashinaning batareyasi quvvat olgach, 290 kilometrgacha yurishi mumkin. Biroq eng muhimi mashinaning tozaligida - atmosferaga hech qanday zarari yo'q.

Lekin bu mashina hali bozorga chiqarilganicha yo'q. Shuning uchun hozircha gibrid mashinalar, ya'ni yarim benzin va yarim elektr quvvatida yuradigan mashinalar -chiqindisi kamroq vositalar deb qaralmoqda. Bunga Xondaning Akkord rusumli gibrid mashinasi misol bo'ladi. U dunyodagi 6-tsilindrli, 255 ot kuchiga ega ilk gibrid mashina bo'lib, 15 kilometrga bir litr yo'nilg'i sarflaydi.

Michigan shtatining Detroyt shahrida bo'lib o'tgan bu yilgi avtomobillar ko'rgazmasida Escape (Iskeyp) bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Ford tomonidan ishlab chiqarilgan yarim benzin va yarim elektr quvvatida yuradigan gibrid Iskeyp mashinasi dunyoning ilk 6-tsilindrli jipidir. Yurib turgan mashinalar ichida eng tozasi va kam yonilg'i ishlatadigani aynan shu Iskeyp bo'ladi. Shaharda yurganda, Iskeyp bir litrlik yonilg'i bilan 13 dan 18 kilometergacha yura oladi.

Ko'rgazmada barchaning diqqatini o'ziga jalb qilgan boshqa bir mashina Chrysler (Kraysler) kompaniyasining Chrysler 300 mashinasidir. Amerikada chiqadigan "Mashina va haydovchi" deb nomlanuvchi ommabop jurnallaridan biri uni 2005 yilning eng yaxshi yengil, sedan rusumli mashinalaridan biri deb topdi. Kraysler 300 haqiqiy amerikacha mashina hisoblanadi. Konveyerdan tushgan narxi 33 ming dollar. 340 ot kuchiga ega bu mashina 8-tsilindrli motorga va Mersedes-Benz (Mersedes-Bents) ning 5 tezlikka ega avtomatik uzatmalar korobkasiga ega. Charm o'rindiqlari isitiladi, 17-dyumli g'ildiragi esa xromdan qilingan. Xullas, 60 ming dollar turadigan mashinaning xususiyatlariga ega.

XS
SM
MD
LG