AQShda shaxsiy ma'lumot o'g'rilari ko'paygan


AQSh federal savdo komissiyasining raisasi Debora Platt Mayorasning aytishicha, o’tgan bir yil ichida mamlakatda 10 millionga yaqin kishining shaxsiy ma’lumotlari o’g’irlangan. Moliyaviy jihatdan, bu, xaridorlarning 5 milliard dollar, tijoratchilarning esa 48 milliard dollarga teng zarar ko’rganini bildiradi. AQSh qonun chiqaruvchilari hozirda shaxsiy ma’lumotni yaxshiroq muhofaza qiladigan qonunlar ustida ishlamoqdalar.

Shaxsiy ma’lumot deganda uyni xarid qilmoqchi yoki ijaraga olmoqchi, kredit kartochkasini olmoqchi va hattoki ishga kirmoqchi bo’lgan odamning o’zi haqidagi va moliyaviy ahvoli haqidagi ma’lumoti nazarda tutiladi.

Bu kabi axborotni to’plab sotadigan kompaniyalar mavjud. Ulardan ikkitasi -- ChoicePoint va Lexis-Nexisning xabar berishicha, shaxsiy ma’lumot o’g’rilari bu ikki kompaniya xizmat ko’rsatadigan 200 mingga yaqin iste’molchilarning ma’lumotlarini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lganlar. Bir kishining ma’lumoti o’g’rilarga millionlab dollar keltirishi mumkin va o’sha odamning kredit tarixiga katta zarar yetkazish bilan birgalikda, uning hayotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Bu shunchalik keng tarqalgan va barchani tashvishlantirayotgan muammoki, AQSh qonun chiqaruvchilari Mayoras xonim kiritgan taklifni amalga tatbiq etishdan boshqa chora topmayaptilar. Ular AQShda “shaxsiy ma’lumot o’g’riligi” deb nom olgan muammoning oldini olish uchun turli xil yo'llarni qidirmoqdalar.

Janis Shakovski, AQSh Vakillar palatasi energetika va savdo qo'mitasining a'zosi:
"Yuz minglab odamlarning shaxsiy va moliyaviy xavfsizligini tahlikaga solgan bir hovuch jinoyatchining ishi bizni larzaga soldi. Biz qonunchiligimizdagi ayrim kamchiliklarni, xususan iste'molchilarni va ularga tegishli qaltis axborotni xavf ostiga qo'yishga imkoniyat yaratayotgan kamchiliklarni tuzatishimiz darkor."

Kongressda iste'molchilar haqidagi ma'lumotlarni muhofaza etishga bag'ishlangan qator tinglovlarning birida Pensilvaniyalik kongressmen Timoti Murfi ham ishtirok etdi.

Timoti Murfi, kongressmen, Pensilvaniya shtati:
"Ko'p odamlar shaxsiy deb hisoblagan ma'lumotlarning ularning xabarisiz har kuni sotilishi va boshqa axborot evaziga almashinishi meni bezovta qiladi."

ChoicePoint va Lexis-Nexis kompaniyalarning rahbarlari ham majlisda ishtirok etdilar. ChoicePoint ning raisi Derek Smit ana shu jinoyat qurboniga aylangan mijozlardan kechirim so'rarkan, uning kompaniyasi ularga o'z kredit ma'lumotlarini bir yil davomida bepul nazorat etish imkoniyatini berishga va'da berdi. Shuningdek, uning kompaniyasi kelajakda shunga o'xshash muammolarning oldini olish uchun qator choralarni ko'rayotgani xabar qildi. Biroq Massachusets shtati kongressmeni Edvard Marki kompaniya rahbari gaplaridan qoniqmagan ko'rinadi.

Edvard Marki, kongressmen, Massachusets shtati:
"Meni bezovta qilayotgan masala shuki, xo'sh o'sha bir yil vaqt o'tgandan keyin nima bo'ladi? Mening saylovchilarim o'z xatlarida ularning shaxsiy ma'lumotlari ChoicePoint kompaniyasi tomonidan sir saqlanmayotgani haqida yozishadi. Ular o'sha va'da qilingan bir yil o'tgach, jinoyatchilar ularning izlariga tushib ular hisobiga yana boyishlaridan tashvishlanmoqdalar."

Derek Smit, ChoicePoint kompaniyasi raisi:
"Biz boshqa choralarni ham ko'ramiz. Bir yilni tanlaganimizga sabab, o'sha vaqt mobaynida muammoni hal qilish uchun eng samarali chorani ishlab chiqishdir..."

Kongressmen Edvard Marki:
"Ularga o'n yil vaqt bera olasizlarmi? Bir yil kamlik qilishi mumkin. Hech bo'lmaganda besh yilchi?.."

Demokratlar partiyasi a'zosi kongressmen Marki ahvoldan norozi yagona kishi emas. Ularning doimiy raqiblari ham shunday munosabat bildirishadi. Respublikachi kongressmen Jo Barton Kongress ko'rib chiqadigan choralardan ayrimlarini aytib o'tdi. Bularga shaxsiy ma'lumot sotilishi yoki ayirboshlanishidan oldin, kompaniyalar o'sha iste'molchilardan ruxsat olishlari va ma'lumotlarining xavfsizligi buzilgan holda, iste'molchilarni boxabar qilishga majbur bo'ladilar.

XS
SM
MD
LG