Breaking News

Islomiy Jihod AQSh hukumati tomonidan terroristik guruh deb e'lon qilindi


AQSh Davlat departamenti Islomiy Jihod guruhini chet-el terroristik guruhlar ro'yxatiga rasman kiritdi.

25 may kuni AQSh Davlat departamenti Islomiy Jihod guruhini chet-el terroristik guruhlar ro'yxatiga kiritganini e'lon qildi. Bu bilan, guruhning AQShda joylashgan yoki Amerika fuqarolari qo'lidagi barcha mulki ta'qiq qilinadi.

Islomiy Jihodning 2004 yilning 30 iyulida Toshkentda Isroil va AQSh elchixonalari va, shuningdek, O'zbekiston Bosh prokuraturasi binolari qarshisida sodir etilgan portlashlarda qo'li borligi ma'lum bo'lgach, guruhning mazkur ro'yxatga kiritilishi haqida qaror qabul qilindi.

Islomiy Jihod AQSh Davlat departamentining terroristik guruhlar ro'yxatidan joy olgan boshqa bir guruh - O'zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan. O'tgan iyul oyidagi terror xurujlari oqibatida ikki kishi halok bo'lgan va to'qqiz kishi yaralangan edi. O'shanda Islomiy Jihod terror xurujlarini amalga oshirganlikda qo'li borligini tan olib, kelajakda yangi xurujlar uyushtirishini ma'lum qilgan edi. AQSh Davlar departamentiga ko’ra, guruh amerikaliklar hayoti va chet-eldagi AQShga qarashli inshootlarni xavf ostida qo’yishni hamon davom ettirmoqda.

Guruh, shuningdek, 2004 yilning mart va aprel oylarida Toshkent va Buxorodagi terror xurujlariga ham qo’li borligida ayblanmoqda. O’shanda halok bo'lgan 47 kishining 33 nafari terrorchi edi, deyiladi departament bayonotida (http://www.state.gov/r/pa/prs/ps/2005/46838.htm).

Bu xurujlarda O'zbekistonda ilk bor ayollarning bomba orqali o'z-o'zini o'ldirgani kuzatilgan edi.

Buxorodagi xurujlar yuzasidan hibsga olinganlarning ta’kidlashicha, Islomiy Jihod, Usama Bin Lodin va sobiq Tolibonlar rahbari Mulla Omar yaqin aloqada. Qozog’iston hukumatining ma’lumotiga ko’ra, Al Qoida tashkilotiga mansub shaxslar Islomiy Jihod a’zolariga portlovchi moddalardan foydalanish, razvedka ishlarini tashkil qilish va qo’poruvchilik faoliyatini olib borishga oid ko’rsatmalar berishgan. Qozog’iston, shuningdek, Islomiy Jihod a’zolarining bir nechasini hibsga olib, sudlagan.

Islomiy Jihod terroristik guruhlar ro’yxatiga kiritilar ekan, AQSh bu guruh a’zolarining mamlakatga safar qilishiga chek qo’yishi va ularning moliyaviy mablag’larini muzlatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG