Breaking News

Karen Hyuz xalq diplomatiyasi bo'yicha AQSh Davlat kotibining yangi o'rinbosari


Xalq diplomatiyasi AQShning tashqi siyosatida eng muhim yo'nalishlardan biriga aylanmoqda. Bunga AQShning tashqi dunyoda, va xususan, musulmon dunyosida obro'siga kattar putur yetishi sabab bo'ldi. Xalqaro miqyosda AQShga nisbatan salbiy munosabatni tekislab, Islom dunyosida Qo'shma Shtatlar haqida ijobiy tasavvurni shakllantirish uchun, Prezident Bush o'zining eng yaqin siyosiy maslahatchilaridan biri Karen Xyuzni Davlat kotibining xalq diplomatiyasi bo’yicha o’rinbosari etib tayinladi. Xyuzning nomzodi hozirda Senatda tasdiqdan o'tmoqda.

AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Xyuzni "AQSh siyosatini dunyoga yaxshiroq tushuntirib berishda, Amerika va tashqi dunyo o’rtasida muloqotni yuzaga keltirishda, qolaversa qadriyatlarimizni dunyoga yoyishda bahosi yo'q odam" deb, atadi.

Kondoliza Rays Karen Xyuzning nomzodini xalq diplomatiyasi bo’yicha o’rinbosarligiga e’lon qilar ekan, AQSh bu sohada yanada yaxshiroq ish yuritish kerakligini ta’kidlab o’tdi. U, shuningdek, Xyuz xonimning dunyo bo’ylab Amerika qadriyatlarini va demokratiy urug’ini sochishdagi sa’yi-harakatlari haqida bilmaydigan odamlar ko’p, deya eslatib o’tdi.

2001 yilning 11 sentyabridagi voqealardian so’ng, AQSh dunyoning ko’plab burchaklarida, asosan Islom dunyosida, uni yoqtirmasliklarini tushunib yetdi. AQShdagi Heritage Foundation nomli konservativ siyosatni olg’a suruvchi tahliliy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Xell Deylning fikricha, bunga asosiy sabab AQShning Islom dunyosi – Arab mamlakatlari, Indoneziya va Pokiston bilan aloqani yaxshi o’rnata olmaganidadir. Shunga qaramay, deydi u, bu mamlakatlarda AQShni yaxshi bilishadi.

"Albatta, odamlar u yerda biz haqimizda ko’p gapirishadi. Ayrim joylarda biz haqimizda ijobiy fikr yuritishadi. Agar ularga o’z haqimizda kengroq ma’lumot bermasak, odamlar ayrim narsalarni to’qib chiqarishlari, ayrim narsalarni esa Amerikani bir mamlakat sifatida to’liq tasvirlab bera olmaydigan Gollivud filmlaridan, ommaviy-axborot vositalaridan olishlari mumkin," deydi Deyl.

Kongress tomonidan tashkil etilib, ushbu masala yuzasidan tekshiruv olib borgan maxsus guruh o’zining 2003 yildagi hisobotida, AQShning Arab va Islom dunyosining qalbiga yo’l topishi uchun zarur yo’llar haqida maslahat bergan edi. Elchi Diana Leydi Dyugen o’sha guruhning a’zosi bo’lgan. Keng omma, yoshlar bilan ko’proq ishlash kerak, deydi u.

"Musulmon dunyosining 50 foizidan ziyodini 16 va undan yosh yigit-qizlar tashkil etadi. Bizdan hali nafratlanishga ulgurmagan aynan shu avlod bilan ishlashimiz zarur. Ular hali dunyoni musulmon va boshqa dunyoga ajratishmaydi," deydi elchi Dyugen.

Yangi lavozimga tayinlangan Karen Xyuz bu fikrga qo’shiladi. Kelajakning tinch bo’lishi uchun jahon bolalari turli dunyoqarashlarni xurmat qilgan holda, hamfikr va bag’rikeng bo’lib, tarbiya topishlari lozim, deydi u.

"Bu juda mushkul vazifa. Dunyoqarash bir kunda osonlikcha o’zgaradigan narsa emas. Bu mafkuralar va g’oyalar o’rtasidagi kurashdir," deb tan oladi Karen Xyuz. "11 sentyabr voqealaridan keyin musulmon dunyosi bilan yaxshiroq til topa ola bilishimiz uchun aniq qadamlar tashlashimiz darkor. 11 sentyabr voqealarini tekshirgan komissiyasining bildirishicha, Qo’shma Shtatlar o’zligini oydinlashtirish uchun qattiq choralar ko’rmas ekan, unda ekstremistlar bizlar uchun bu ishni qilishga tayyor. Xalq diplomatiyasi jahonning boshqa burchaklarini – Yevropadan tortib Lotin Amerikasigacha qoplashi kerak."

Bu fikrga qo’shilgan holda, elchi Dyugen AQSh Yevropadagi musulmonlar bilan ham aloqani yaxshilash kerak, deydi. "Yevropada katta va tobora o’sib borayotgan musulmon aholisi borligini tan olish – mantiqan faqat Yaqin Sharq yoki Indoneziyadagi musulmonlar bilan cheklanib qolmasdan, Yevropadagi musulmonlar va, umuman, biz haqimizda noto’g’ri fikrlar mavjud joylardagi aholi bilan ham aloqalarimizni mustahkamlashimizni talab qiladi," deydi elchi Dyugen.

Amerika-Islom aloqalari kengashining matbuot kotibi Ibrohim Xuperning fikri sal boshqacha. Amerikani Islom dunyosida uning siyosati uchun xush ko’rishmaydi, siyosatni o’zgartirish kerak, deydi u.

"Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatning o’zi muammoning kaliti. Biz mojarolarda haqiqiy va adolatli qozi bo’lishimiz juda muhim. Ko’p yillar davomida Yaqin Sharq mojarosida bizni bir yoqlamalik siyosat o’tkazib kelganlikda ayblashadi. Masalaning ildizi ana shunda."

Ibrohim Xuper Karen Xyuz AQSh siyosatiga Prezident Bushga yaqinligi tufayli ta’sir o’tkaza oladi, degan umidda. Bu Amerikaning musulmon dunyosidagi tasavvurini yaxshilashda va muvozanatlashda Xyuzga qo’l keladigan asosiy omil.

XS
SM
MD
LG