Prezident Karimov rossiyalik siyosiy ekspertlar bilan uchrashdi


Rossiya va O'zbekiston axborot agentliklarining xabar berishicha, juma kuni ko'plab xalqaro tashkilotlar va jurnalistlar uchun yopiq hisoblangan Andijon shahri Rossiyadan kelgan bir guruh jurnalist va siyosatshunoslar uchun ochildi. Undan oldin guruh Toshkentda prezident Karimov bilan uchrashdi. Guruhga Moskvadagi siyosatshunoslik bilan shug'ullanadigan "Siyosat" fondining prezidenti Vyacheslav Nikonov boshchilik qildi.

Yaqinda O'zbekistonga tashrif buyurgan AQShning uch nufuzli senatorlarini qabul qilishga vaqt va imkoniyat topa olmagan prezident Karimov juma kuni bunday iltifotni rossiyalik mehmonlarga ko'rsatdi. Uchrashuvda Karimov mehmonlarga "O'zbekiston informatsion xurujga yo'liqdi" deb aytdi. Bu degani, Andijon voqealaridan so'ng chet-el matbuotlarida berilayotgan axborotning aksariyati haqiqatdan yiroq. "Men sizlarning vaziyatga xolisona va ob'yektiv baho berishlaringizga ishonaman," dedi uchrashuvda Islom Karimov.

Rossiyalik jurnalist va siyosatshunoslar shu kunning o'zidayoq Andijonga borib, vaziyatga o'z munosabatlarini bildirdilar. Vyacheslav Nikonovning aytishicha, Andijonda halok bo'lganlar soni inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar aytgan darajadan ancha past, dedi, va, shuningdek, Rossiya hukumatining so'nggi paytda bildirayotgan bayonotlarini qo'llab-quvvatlab, Andijondagi tartibsizliklarda turli millatga mansub shaxslarning ishtirok etganligini ta'kidlab o'tdi.

XS
SM
MD
LG