Qo'shma Shtatlar va islom dunyosi o'rtasidagi chigalliklar


Barak Obama musulmon dunyosi bilan o’zaro manfaat va hurmat asosida yangicha aloqalarni yo’lga qo’ymoqchi.

Amerika Iroq va Afg’oniston singari musulmon davlatlarida yuzlab ming harbiy qo’shin safarbar etib, terrorizmga qarshi shiddatli jang olib bormoqda, ammo “biz islomga qarshi urushda emasmiz”,- deydi Obama.

Isroil-Falastin mojarosi hal bo’lmaguncha, ko’plab siyosatdonlar nazarida, Amerikaning sharq bilan, xususan arab davlatlari bilan munosabatlari oldinga siljimaydi. Vashington mustaqil Falastin davlati vujudga kelishi tarafdori, ammo bunga erishish mushkul kechmoqda.

Barak Obama musulmon dunyosi bilan hamkorlikni oshirmoqchi. Buni u Turkiya parlamentidagi nutqi bilan boshladi.

“Qo’shma Shtatlar hech qachon islomga qarshi qurol ko’tarmaydi”, - deydi Obama.

Bu so’zlar butun dunyo bo’ylab jaranglar ekan, AQShning yangi prezidentiga ishonch yanada oshgandek tuyuldi. Obama niyat ezgu deydi.

"Musulmon dunyosiga gapim shu: aloqalarimiz o’zaro hurmat va manfaatga asoslanadi", - degan edi Obama o'z inauguratsiya marosimida.

So’zida qat’iy ekanini isbotlash uchun Obama hatto arab televideniyelariga intervyu bera boshladi.

Jamoatchilik Obama so’zlarini tinglar ekan, dunyoning bu qismida Amerika tinchlik tarafdorlari bilan gaplashadi, yaxshilikni ko’zlagan islomiy tashkilotlar bilan aloqa qiladi degan fikr paydo bo’ldi.

Biroq o’zgarish bo’lishiga shubha bilan qarayotgan musulmonlar ham talaygina.
Ibrohim Xuper, Amerika-Islom Aloqalari Kengashi matbuot kotibi xulosaga hali erta deydi.

“Bunday bayonotlar albatta yaxshi. Biroq biz Obamadan aniq ishlar qilishni kutayapmiz. Shunday qarorlar qabul qilinsinki, bu nafaqat Amerika musulmonlari balki butun dunyo mo’minlari uchun xizmat qilsin”, - deydi musulmon faol.

Obamaning Guantanamo qamoqxonasini yopish qarori ana shunday qadamlardan biri.

Prezident bu turmadagi mahbuslar taqdirini hal qilib, bu joyni bir yil ichida yopishni buyurgan. Qiynoqlar man etiladi.

Oq Uy, shuningdek, Eron bilan muloqot boshlash harakatida. Maqsad aloqani tiklab, uni atom maqsadlaridan qaytarish.

Iroq borasida ham Obama o’z va’adasida qat’iy va kelasi yil so’nggiga qadar qo’shinlarni olib chiqmoqchi.

Asosiy harbiy diqqat - Afg’onistonda. U yerda askarlar soni oshirilmoqda.

Obama uchun yana bir katta sinov bu Isroil – Falastin mojarosidir. Bu ikki xalqni yarashtirib bo’larmikan?

Amerika Isroilga yon bosganlikda ayblanadi. Arablar Vashingtondan neytral siyosat talab qilmoqda.

Obamaning mintaqadagi maxsus elchisi Jorj Mitchel Yaqin Sharqda iliq kutib olingan.

Jorj Bush davrida, deydi tahlilchilar, tinchlik tomon biroz harakat qilindi, ammo Amerika tomonlarni gapiga ko’ndira olmadi. Bush Xamasni tan olmagan, vaholanki guruh G’azoda hukmron.

“AQSh G’azoda demokratik saylovlarda g’olib chiqqan Xamasga yo’q deb, Falastin prezidenti Mahmud Abbosni quvvatlagan edi. Bu bilan esa AQShga “ikkiyuzlamachi” degan tamg’a bosildi. Bush Falastin davlati barpo etilsin dedi, lekin xalq xohishi bilan saylangan rahbariyatni tan olmadi. Obama bu xatoga yo’l qo’ymaydi degan umiddamiz”, - deydi tahlilchi Jon Espozito.

Amerika va Isroil Xamasni terror tashkiloti deb biladi. Xamas ham “Isroil davlatini tan olmaymiz” deya bong urib keladi.

Yaqinda Davlat kotibasi Xillari Klinton “biz Falastin birlashishi yo’lida Xamasning ham hukumat tarkibiga kirishiga qarshi emasmiz” deb Isroil tarafdorlarida e’tiroz uyg’otdi.

Obama Falastin, Isroil va Misr rahbarlarini Oq uyga taklif qilib, ular bilan alohida, yuzma-yuz gaplashmoqchi. Maqsad bir, deydi u, Falastin davlati barpo etish va ikki mustaqil davlatning tinch-totuv yashashini ta’minlash.

XS
SM
MD
LG