Breaking News

AQSh mudofaa vaziri Bag'dodga tashrif buyurdi


AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld seshanba kuni kutilmaganda Iroqqa tashrif buyurib, mamlakatning yangi rahbarlari bilan uchrashdi. Iroqning muvaqqat prezidenti Jalol Talabani va yaqinda o'z kursisini egallagan mamlakat Bosh vaziri Ibroxim al-Jaafari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida, Ramsfeld ularni demokratik jamiyat qurishdagi harakatlarni kechiktirmaslikka undadi. Uchrashuvdan so'ng jurnalistlar bilan muloqotda, Iroq rahbarlari korruptsiyaga qarshi kurashni va konstitutsion hukumatga o'tishni o'z vaqtida va silliq ta'minlashlari borasida Ramsfeldga va'da berganliklarini bildirdilar.

Ayrim AQSh rasmiylari bungacha Iroqdagi turli guruhlarning siyosiy o'yinlari isyonchilarga qarshi kurashga putur yetkazishi mumkin, deb xavotirlangan edilar.

Vazir Ramsfeld Bag'doddagi amerikalik qo'shinlar va ularning qo'mondonlari bilan ham uchrashdi.

Bu o'rtada esa AQShning Iroqdagi elchixonasi dushanba kuni Bag'dod yaqinidagi loyihalarning birida ishlayotgan amerikalik ishchilardan birining isyonchilar tomonidan o'girlanganligi haqidagi ma'lumotni tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG