Tojikiston ekologik inqiroz yoqasida


Tojikistondagi Tursunzoda alyuminiy zavodi, ekologlar nazarida, atrof-muhitga va insonlar hayotiga katta zarar keltirmoqda, biroq zavod katta siyosiy ahamiyat kasb etadi.

Shu yil boshida Amerika olimlari Ekologik Ko’rsatkichlar Indeksida (Environmental Performance Index) dunyodagi 133 mamlakat ahvolini tahlil qilganida Tojikiston unda 117 o’rinni egalladi.

Qo’shni respublikalardan Qirg'iziston 80, Turkmaniston 104 va O’zbekiston esa 105-o’rinni oldi. Bu haqda Washington Profile sayti xabar qilgandi.

Tojikistonlik tabiatshunoslarning aytishlaricha, respublikada asosiy ekologik muammolar uch guruh bo’lib, ular alyuminiy zavodining atrof-muhitga ta’siri, eski uran boyitish kombinatidan qolgan radioaktiv qoldiqlar ko’milgan 10ga yaqin xatarli hududlar va aholi o’rtasida ekologiya madaniyatining yoqligidir.

Xalqaro “EKOSAN” tashkiloti prezidenti Yusufjon Shodimetovning fikricha, Tojikistonda yangi alyuminiy zavodi qurilmasligi kerak.

Tojikistonning o’zida esa odamlar hukumat bu zavodning xalqaro ekologik me’yorlarda ishlashini yaqin orada ta’minlay olishlariga ishonmaydilar.

Ziyoli Mayram Ibrohimova bu haqda “Tojikistonda ekologik sharoit yomon emas, tabiatimiz tozadir. Chunku bizda katta sanoat korxonalari, ximiya korxonalari yoq. Faqat Regardagi (Tursunzoda) yirik alyuminiy zavodi ishlab turibdi. Uning zarari haqida O’zbekiston matbuoti ko’p chiqishlar qildi. Lekin hali Tojikiston hukumati bu masalani o’z oldiga qo’ygan ham emas va buni hal etishga qodir ham emas”,- deydi.

Markaziy Osiyodagi chuchuk suv manbalarining 80 foizdan ortig’i Tojikistonda bo’lsa-da, odamlar hatto poytaxt Dushanbeda ham oddiy toza suvga muhtojlik sezadilar.

Shahar va nohiyalardagi bir vaqtlar zilol suvlar shildiragan ariqlarda bugun faqat chiqindilar oqadi. Hozir nafaqada bo’lgan shifokor Dilbar Hamroqulovaning aytishicha, bugungi kunda bu ariqlarda hatto kir chayqashga ham kishi botinmaydi:

“Bir vaqtlar bu ariqlarda suvga tushib ketgan halqamizni topa olar edik. Suv shunchalar musaffo edi. Hozir esa bu bu ariqlarda chiqindi toshib yotibdi. Mahallada yashovchi qassoblar buloq suvlaridan boshlangan ariqni axlatxonaga aylantirib yuborishdi, hamma narsani oqizishadi. Axlatdan tortib, molning ichak-chavoqlarigacha. Bu albatta ekologiyaga ta’sir etkazmasdan qolmaydi.”

Tojikistonda ekologik vaziyatg salbiy ta’sir o’tkazayotgan boshqa bir masala Shimoly Tojikistonda radiatsion fonning o’ta yugori darajada bo’lgan hududlarning mavjudligidir.

Xo’jand shahri atrofidagi radioaktiv chiqindilar mavjud bo’lgan 10 xatarli hududlarning ayrimlari shu soha bosh muhandisi Leonid Pavlyukning aytishicha, soatiga 1,5 ming mikrorengen nur tarqatar ekan.

Vaholanki, bu radioaktiv “qabriston”larda mahalliy yoshlar mol ham boqishadi. Ayrim “tadbirkor”lar esa eski uran shaxtalaridan qurilish ashyolarini olib sotishadi ham.

Tojikiston Fanlar Akademiyasi amaliy fiziologiya-biotexnika laboratoriyasi xodimi O’ktam Yo’ldoshevga ko’ra, bu hududlarni sog’lomlashtirish ishlariga 1 millard dollardan ortiq mablag sarflansa muammo vaqtincha hal qilinarkan.

Bu radioaktiv “qabristonlar”ni o’rganish uchun o’tgan yili Xo’jandga AQSh Kaliforniya Universiteti qoshidagi Lorens nomli Livermar milliy laboratoriyasi olimlari ham tashrif buyurgan edi.

O’shanda mehmonlar bu yerda reabilitasiya ishlarini zudlik bilan boshlash kerak degan xulosaga kelgan edilar. Bu masalada So’gd viloyatida Rossiya, AQSh, O’zbekiston, Tojikiston, Qirgiziston, Qozogiston va g’arb davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirokida xalqaro konferensiya ham o’tkazilgandi. Ammo hozirgacha u xatarli hududlarga yaqinlashmaslik haqida belgilar o’rnatish bilangina chegaranildi xolos.

“Xo’jand yaqinidgi Taboshar, Adrasmon, Dehmoy, Konsoyda, Chkalovskda va Xo’jandning yaqin atrofida ham radiatsiya darajasi normadagidan juda yuqori, hatto xavfli darajada ham. Bularning hammasi uran qoldiqlari va radioaktiv chiqindilarning tashlab ketilganligi oqibati. Ammo Tojikistonda men har holda ekologik sharoit yomon emas deb hisoblayman. Chunki toza havomiz, musaffo suvimiz deyarlik normal desak bo’ladi. Sabab shuki, bizda ulkan sanoat korxonalari yoq, ularning chiqindilari daryoga oqizilmaydi. Bu ham Tojikistonda ekologik vaziyatning yaxshiligidan dalolat veradi”,-deydi jurnalist Mirzohakim Qobilov.

Ko’pchilik kuzatuvchilar esa aholi orasida o’tgan fuqorolar urushidan so’ng atrof-muhitga e’tibor susayib ketganligini ta’kidlashadi. Og’ir iqtisodiy holat, qish paytlarida na gaz va elektr quvvatining bo’lmasligi, davom etayotgan qashshoqlik kishilarni ona tabiatga beparvo qilib qo’ygandek ko’rinadi.

XS
SM
MD
LG