Breaking News

BMT Andijon voqealarini 'ommaviy qirg'in' deb atadi


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha idorasi may oyida Andijonda sodir etilgan xunrezliklar bo'yicha yangi hisobotini chiqardi. Unga ko'ra, O'zbekiston harbiylari hamda xavfsizlik kuchlarining namoyishlarni bosishda ommaviy qirg'in uyushtirganliklari haqida dalillar bor. BMT hanuz mustaqil xalqaro tergov o'tkazishga chaqirmoqda.

O'zbekiston hukumati BMT ning maxsus tekshiruv guruhini mamlakatga kiritmagach, guruh Qirg'izistondagi 500 ga yaqin andijonlik qochqinlar joylashgan lagerga borib, hisobotini ular bilan bo'lgan suhbatlar asosida tuzishga majbur bo'ldi. Hisobotga ko'ra, O'zbekiston hukumatining sodir etilgan voqealar bo'yicha bergan ma'lumotlari BMT ning axborotni to'plash maxsus missiyasi olgan ma'lumotlardan ancha farq qiladi. Hukumat ma'lumotlariga ko'ra Andijonda 200 dan kamroq odam halok bo'lgan bo'lsa, BMT ning yangi hisoboti, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va qochqinlarning aytishicha, qurbonlar soni yuzlarcha bo'lgan.

BMT guruhi bilan suhbatda bo'lgan va voqealarni o'z ko'zlari bilan ko'rgan qochqinlarning aytishicha, sodir etilgan xunrezlikni "ommaviy qirg'in", deb atasa bo'ladi. BMT matbuot kotibi Xose Diasning (Jose Diaz) aytishicha, hisobot O'zbekistonda inson huquqlari sistematik ahvolda poy-mol etilayotganini va hukumat bergan ma'lumotlarning haqiqatdan yiroqligini yana bir bor isbot qildi.

"Viloyat hokimligi binosining ishg'ol etilganligi, qamoqxonaga hujum uyushtirilganligi va mahbuslarning ozod etilishiga doir savollarga batafsil javoblar olish uchun judayam sinchkov tergov o'tkazilishi kerak," deydi Dias. "Mazkur hisobotda BMT Inson huquqlari Bosh komissari may oyida Andijonda sodir bo'lgan voqealar bo'yicha mustaqil xalqaro tekshiruvning o'tkazilishiga yana bir bor chaqirmoqda."

Janob Diasning aytishicha, BMT tekshiruv guruhi o'z ishini yakunlagach, Bosh komissar Luiza Arbur (Louise Arbour) 23 iyun kuni prezident Islom Karimov nomiga bu haqida xat yozgan, biroq shu kungacha xatga javob olingani yo'q.

13 may voqealarini BMT vakillariga ta'riflar ekan, Qirg'izistondagi lagerga joylashtirilgan qochqinlar o'zbek qo'shinlarining haloyiqqa qarshi betartib o'q otganliklarini aytdilar. Ularning ta'kidlashicha, o't ochishdan oldin hech qanday ogohlantirish bo'lmagan. Omon qolish maqsadida o'zini daraxt orqasiga olganlar esa snayperlar tomonidan o'ldirilgan. Voqeaning shohidi bo'lgan bir kishining aytishicha, harbiylar hattoki yerda yotganlarni ham otishgan - hoh u tirik bo'lsin, hoh u o'lik bo'lsin, hoh u yarador bo'lsin.

Xose Dias, shuningdek, hisobot voqealardan so'ng yo'qolganlarni topish va otishmalardan so'ng omon qolgan oilalarning birlashishini ta'minlashni zarur topdi, deb aytdi.

"Hisobot hukumatga qurbon bo'lganlarning oilalariga kerakli kompensatsiya qilishni tavsiya qiladi. O'zbekistonga qaytarilgan taqdirda qiynoqlarga solinishi mumkin bo'lganligi uchun, qochoqlarni va voqea guvohlarini O'zbekistonga chiqarmaslik zarur," deydi Dias. "Ular BMT ning qochqinlar agentligi qaramog'i ostida darhol uchinchi mamlakatga ko'chirilishlari kerak."

Hisobot, shuningdek, O'zbekiston hukumatini 9 iyun kuni Qirg'izistondan O'zbekistonga chiqarilgan to'rt boshpana izlovchining xalqaro tashkilotlar bilan ko'rishish imkoniyatini berishni so'raydi. Oy boshida qochqinlar bo'yicha agentlikning ishonchli mabalardan olgan xabariga ko'ra, ekstraditsiya qilingan to'rt kishining biri og'ir ahvolda harbiy gospitalga ko'chirilgan.

XS
SM
MD
LG