AQSh Xitoy tovarlariga nisbatan kvotani tiklamoqda


Shu yil aprel oyida Bush ma'muriyati AQSh kiyim-kechak va tekstil sanoatini himoya qilish maqsadida, Xitoyda chiqarilayotgan ayrim tovarlar eksportiga nisbatan cheklanishlarni yana tikladilar.

Kvotalar shu yilning boshidayoq tekstil mahsulotlari uchun bekor qilingan edi. Bu ko’p yillik savdoni liberalizatsiya qilish bo’yicha o’zaro muzokaralar mahsuli edi. Shundan keyin AQShga Xitoyning kiyim-kechaklari-yu, boshqa tekstil mahsulotlari oldingidan ancha yuqori miqdorda import qilina boshlandi. Vashingtonda joylashgan nodavlat Xalqaro iqtisodiyot institutida ishlaydigan Gari Xufbauerning fikricha, buning sababi Xitoyning tovarlarni ancha past narxda ishlab chiqa olishidadir. Past maoshdan tashqari, mahsulotlarning tannarxini tushiradigan boshqa sabablar ham bor, deydi Xufbauer.

"Dunyoda arzon ishchi kuchiga ega boshqa davlatlar ham bor - Hindiston, Pokiston, Afrikaning aksariyati, va boshqa-boshqalar. Nega Xitoy ro’yxatning boshida turibdi? Chunki Xitoy sanoat rivojlanishi bo’yicha judayam yaxshi uyushgan. Xitoy hozirda kiyim-kechak moda talablaridan kelib chiqqan holda, bozorga kerakli kiyimlarni darhol olib chiqish qobiliyatiga ega," deydi u.

Xufbauer yana shuni qo’shimcha qiladiki, Xitoy AQShga ham uning qo’shnisi Meksikoga qaraganda tezroq tovar olib kira oladi. Los Anjelesda o’zining kiyim tikish kompaniyasiga ega Shala Talassining aytishicha, Xitoy importining ta’siri yaqqol ko’zga tashlanib turibdi.

"Ko’rib turganingizdek, ko’plab moda uylari, ko’plab tekstil fabrikalari yopilishga majbur bo’ldi. Bu mahalliy tekstil sanoati uchun yomondir," deydi Talassi.

Amerika tekstil ishlab chiqaruvchilari bu holni yo’qotilgan ishchi joylar deb atamoqdalar. Tanqidchilarni ko’tarilgan hovuridan bir oz tushirish maqsadida, Bush ma’muriyati ayrim Xitoy kiyim-kechaklariga kvotani tikladi. Biroq AQSh tekstil sanoatiga bu kam ko’rindi shekilli, ular hukumatdan kvotani kengaytirishni talab qildilar. Yevropa Ittifoqi ham Xitoyning tekstil va kiyim-kechak eksportlarini nazorat qilish tizimini yaqinda ishlab chiqdi.

Xitoy eksportidan cheklanishlarni olib tashlashga keltirgan AQSh bilan shartnomaga Xitoy Jahon savdo tashkilotiga kirmasidan oldin imzo chekilgan edi. Jahon savdo tashkilotidagi a’zolik esa Xitoyga o’z tovarlarini eksport qilish uchun yanada yaxshiroq imkoniyatlar yaratib berdi. Biroq shu bilan birgalikda tahskilot qoidasiga ko’ra, AQSh va boshqa a’zo davlatlar Xitoy eksportiga nisbatan ayrim cheklanishlarni kiritishga haqli.
Gari Xufbauerning aytishicha, AQShdan tashqari boshqa mamlakatlarga ham Xitoy eksportlarinig yog’ilib kirishi qimmatga tushyapti.

"Xitoy Markaziy Amerika, Braziliya, Hindiston va boshqa mamlakatlar uchun yirik raqobatchidir. Bu mamlakatlarning barchasi AQSh Xitoy tovarlariga chek qo’yganidan xursand, biroq ular xursandchiligini ochiq ifoda etmayaptilar," deydi u.

Xufbauer Xalqaro iqtisodiyot instituti hisoblarini keltirar ekan, Xitoyning AQShga chiqarayotgan eksportining yarmi yoki 3 dan 2 qismi Indoneziya, Filippin, Hindiston, Pokiston va Braziliya kabi mamlakatlarning eksportlarini AQSh bozoridan siqib chiqarmoqda, deb aytdi.

XS
SM
MD
LG