AQSh senatorlari Bush ma'muriyatiga O'zbekiston bo'yicha murojaat etmoqdalar


AQShning nufuzli gazetasi Nyu York Taymsning (New York Times) bugungi sonida mamlakat olti senatorining Bush ma'muriyatiga murojaati haqida yoziladi. Kristofer Chiverzning yozishicha, senatorlar Amerika O'zbekiston bilan munosabatini qayta ko'rib chiqishi zarurligi haqida bildiradilar. Ular, shuningdek, Amerika qurolli kuchlari yordamida harbiy tayyorgarlikdan o'tgan o'zbek qo'shinlarining va AQSh O'zbekistonga bergan harbiy texnikaning Andijondagi namoyishni bosishda ishlatilganligini aniqlash kerakligini ham ta'kidlab o'tdilar. Andijon voqealarida namoyischilarga qarshi qurol ishlatgan hukumat qo'shinlarining Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etilgan Land Rover rusumli jiplarini ishlatganlari haqidagi axborot bu mamlakatda katta siyosiy shov-shuvga sabab bo'lgan edi.

Senatorlar bayonoti Davlat kotibi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldga arizonalik senator Jon Makkeyn (R - respublikachi), ogayolik Mayk Divayn (R), janubiy karolinalik Lindsey Grexem (R), nyu gempshirlik Jon Sununu (R), delaverlik Jon Bayden (D - demokrat) va vermontlik Patrik Lexilar (D) nomidan jo'natildi. Ularning uchtasi - Makkeyn, Sununu va Grexem - yaqinda O'zbekistonda bo'lib qaytdilar, biroq Karimov boshliq hukumat a'zolarining hech biri ular bilan uchrashishni istamadi.

Nyu York Tayms AQSh hukumatining asta-sekin O'zbekiston hukumatiga bosimni kuchaytirayotganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak Andijonda hukumat qo'shinlarining o't ochishi natijasida halok bo'lgan odamlarning soni O'zbekiston hukumati berayotgan raqamlardan ancha yuqori ekanligini tan oldi. Bunga ko'plab guvohlarning so'zlari dalildir, dedi Shon Makkormak.

Senatorlar bayonotining nusxasini qo'lga kiritgan gazetaning yozishicha, olti senator Bush ma'muriyatidan O'zbekiston hukumati mustaqil tergovga qarshi chiqishda davom etgan va guvohlarga tazyiq o'tkazgan taqdirda qanday harakatlarni amalga oshirmoqchi ekanini so'rab, o'z bayonotlariga savol tariqasida kiritganlar.

Aynan shu ma'nodagi maqola boshqa bir nufuzli gazeta, Faynenshl Tayms (Financial Times) sahifasida ham o'z aksini topdi. Demetri Sevastopulo ham senatorlarning bayonotiga urg'u berar ekan, unda "Amerikaning O'zbekistonga munosabati o'zgarmay qolishi mumkin emas" deyilishini ma'lum qildi. Bayonotda senatorlar, shuningdek, O'zbekiston hukumati Andijondagi fojea yuzasidan mustaqil tergov o'tkazililshiga qarshi chiqishda davom etgan taqdirda AQShni Karimov hukumatiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti orqali bosim uyushtirish kerakligini ham nazarda tutishlikni so'radilar.

XS
SM
MD
LG