Vashington O'zbekiston masalasini BMT ga oshirishi mumkin


Payshanba kuni Bush ma'muriyati O'zbekiston hukumatini o'tgan oydagi Andijon voqealari bo'yicha ochiq tarzdagi xalqaro tekshiruvni o'tkazishga undash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yordamiga suyanishini ma'lum qildi. Shu paytgacha O'zbekiston hukumati xalqaro tergovning o'tkazilishiga qarshilik ko'rsatib kelayotgan edi. Endi masala BMT ga muhokama uchun olib chiqiladigan ko'rinadi.

Andijonda bo'lib o'tgan qonli to'qnashuvlar Bush ma'muriyatini mushkul ahvolga solib qo'ydi. Xalqaro terrorga qarshi O'zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan va Qarshi yaqinidagi Xonobod harbiy aviabazasini terrorga qarshi faoliyatida ishlatayotgan Oq uy idorasi, Andijondagi namoyishchilarning hukumat qo'shinlari tomonidan o'qqa tutilib, katta sonda halok bo'lganligi ba'zi manbalarga ko'ra ayon bo'lgach, qator siyosatchilar tanqidiga uchradi. Jumladan, olti nufuzli senator o'zlarining Davlat kotibi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldga xat yozib, unda AQSh Islom Karimov hukumatiga nisbatan o'z munosabatini o'zgartisih kerakligini so'radilar.

Davlat departamentidagi matbuot anjumanida departament rasmiy vakili Shon Makkormak xatning olinganligini bildirdi va uning mazmuniga Davlat departamenti qo'shilishini ta'kidladi. U, shuningdek, masala endi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga olib chiqilishi haqida xabar berdi.

"Biz barcha diplomatik imkoniyatlarni ko'rib chiqyapmiz. BMT shular jumlasidandir," dedi Makkormak. "Inson huquqlari bo'yicha BMT Bosh komissiyasi vakillarining Andijondan borgan qochoqlar lageridagi vaziyatni o'rganishlari uchun Qirg'izistonga qaytib borishlari haqidagi xabarni mamnuniyat bilan kutib oldik. Biz, shuningdek, xalqaro tekshiruvni o'tkazish masalasi bo'yicha ko'mak olish uchun turli xalqaro tashkilotlarga a'zo davlatlar bilan aloqadamiz. Biz anchadan beri bunga da'vat etib kelyapmiz."

Janob Makkormak Toshkentdagi ayrim elchixonalar kuzatayotgan va xalqaro tergov o'rniga o'tkazilayotgan O'zbekiston parlamentining Andijon voqealari bo'yicha tekshiruvi jarayonida AQShning qatnashmayotganligini bildirdi. Davlat departamentining boshqa vakili, Kent Logsdonning fikricha, o'zbek parlamenti o'tkazayotgan tekshiruv natijalari xolis bo'la olmaydi.

Makkormakning gapiga qaraganda, AQSh rasmiylari Andijon voqealarini o'rganayotgan inson huquqlarini himoya qilish faollari va jurnalistlarga qarshi hukumat tazyiq o'tkazishga harakat qilyapti, deb havotir olmoqdalar.

Ismini oshkor etishni istamagan AQSh Davlat departamentining yuqori lavozimli bir vakilining gapiga qaraganda, ma'muriyat hozirda ishni BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirilishini talab qilishi mumkin, biroq boshqa yo'llar ham o'rganilmoqda.

XS
SM
MD
LG