Breaking News

<I>Vashington Post</I> AQSh hukumatini Markaziy Osiyoda o'z siyosatini o'zgartirishiga undayapti


AQShdagi nufuzli Vashington Post gazetasining 10 aprelda chiqqan "Erkinlikka to'siqlar" maqolasida AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati tanqid ostiga olinadi. Gazeta fikricha, ayniqsa so'nggi paytda O'zbekistonda qator AQSh tashkilotlarining hukumat tomonidan yopilishi bu siyosatga o'zgartirish kiritilishi kerakligidan dalolat beradi.

Sobiq Qir'giziston prezidenti Askar Akayevning avtokratik usulda rahbarlik qilishiga qaramay, uning mamlakatida muxolifatning faoliyat ko'rsatishi uchun to'siqlar kam bo'lgan, mustaqil ommaviy axborot vositalari bemalol ish olib borgan va g'arbiy nodavlat tashkilotlar va ularning demokratiya taraf g'oyalariga to'siqlar yaratilmagan, deb yozadi Vashington Post.

Biroq qo'shni davlatlar Qirg'izistondagi demokratik jarayonlar va ular uchun sharoitlar avtoritar hukumatning qulashiga yordam berishini tushunib, erkinlik yo'liga turli xil to'siqlar qo'ymoqdalar, degan fikrni olg'a suradi gazeta. Maqolada O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmaniston tanqid qilinadi.

Gazeta, shuningdek, O'zbekistonda inson huquqlari poy-mol bo'lishiga qaramay, o'zbek hukumatini qo'llab-quvvatlagani uchun Pentagon ma'muriyatini tanqid ostiga oldi.

Demokratiyani qurishdagi harakatlarini davom ettirish uchun, deb maslahat beradi gazeta, AQSh hukumati erkinlikka g'ov bo'lgan mamlakat rahbarlariga qarshi qattiqroq chora ko'rishi lozim. Masalan - hukumat rahbari, uning oilasi va hukumat vakillari uchun AQShga kirish vizalarini bermaslik va ularning AQShdagi hisob-raqamlarini vaqtinchalik yopib qoyish. Yoki bo'lmasa Sovuq Urush davrida Polsha muxolifatiga yordam berganday, bu mamlakatlarda ham fuqarolik jamiyatini qurish uchun ochiq yoki maxfiy yo'llarni ishga solish kerak, deb yozadi Vashington Post.

"Janob Bushning O'zbekistonga nisbatan o'z demokratik tamoyillarini ishlatish va Pentagonning bu mamlakatdagi o'z mustaqil tashqi siyosatiga chek qo'yish vaqti keldi, deb maqolani yakunlaydi Vashington Post.

XS
SM
MD
LG