G’arbiy sohilda Mahmud Abbos qahramon

  • Amerika Ovozi

G’arbiy sohilda Mahmud Abbos qahramon

G’arbiy sohilda Mahmud Abbos qahramon

Bugun BMT Xavfsizlik Kengashida Falastin davlatchiligi masalasi ko’rilmoqchi ekan, Isroil arablarni yuzma-yuz muloqotga chaqirmoqda.

O’tgan hafta Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishni so’rab, Bosh Assambleyaga ariza taqdim etgan prezident Mahmud Abbos kecha yurtida, Iordan daryosining G’arbiy sohilida qahramonday kutib olindi.

Darhaqiqat, Mahmud Abbos dunyo ahlini qalqitib, butun diqqatni Isroil-Falastin mojarosiga qaratdi. U Ramallohda odamlar qurshovida “Falastin bahori” haqida so’zladi.

Isroil bosib olgan yerlarda qurilishlarni bas qilsagina, tinchlik muzokaralariga qaytamiz, deydi muxtoriyat prezidenti.

G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi qurilishlar sabab Amerika vositachi Isroil-Falastin muloqoti o’tgan yili to’xtadi qo’ydi. Falastin bu yerlarni bo’lajak mamlakati uchun mo’ljallab keladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu shanba kungi chiqishida arablarni xato siyosat yuritayotganlikda ayblab, tanqid qildi. Avval Isroil xavfsizligi, osuda hayotini kafolatlash kerak, ya’ni xalqaro hamjamiyatni aralashtirmay, ikki tomon yuzma-yuz gaplashib olishi kerak, deydi u.

Netanyaxu nazarida muammo – Falastin Isroilni tan olishni istamasligida. “Yahudiy davlati tinchligi uchun men javobgarman. Islomni qurol qilgan jangari guruhga yer berib qo’yadigan odam yo’q”, - dedi vazir.

Falastin rasmiysi Xanan Ashrafiy so’zlariga ko’ra, tinchlik muzokaralari haqida bong urayotgan Isroil nomaqbul shartlar qo’ymoqda.

“20 yildan beri murosa izlaymiz. Aytilgan gaplar haqiqatga mutlaqo to’g’ri kelmay qoldi”, - deydi Ashrafiy. “Quddusni bo’lishmoqchi emas, falastinlik qochqinlar masalasini kun tartibidan butunlay chiqarmoqchi, Iordan vodiysidan qo’shinlarini olib chiqmoqchi emas”, - deydi Ashrafiy. “Isroil bilganidan qolmay, keling gaplashaylik, deyishi g’alati”, - deydi Falastin rasmiysi.

AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan iborat Yaqin Sharq bo’yicha to’rtlik Isroil va Falastinni bevosita muzokaraga, kelasi yilga qadar yechim bilan chiqishga undab keladi. Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy fikricha, xalqaro to’rtlik olg’a surayotgan taklif chala, chunki unda yahudiy posyolkalarini qurmaslik haqida lom-mim deyilmaydi. Bundan tashqari, deydi al-Malikiy, Isroil 1967-yilda bosib olgan yerlarni bo’shatishi haqida ham to’rtlik dasturida biror band yo’q.

BMT Xavfsizlik Kengashida bugun bo’lg’usi Falastin davlati haqida so’z borishi kutilar ekan, Qo’shma Shtatlar veto huquqini qo’llamoqchi. Yagona yechim, deydi AQSh prezidenti Barak Obama, Isroil-Falastin muloqotidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG