Surat Ikromov: Amerika Ovozi muxbirini sudlab, Toshkent Vashingtondan nimadir undirmoqchi


Surat Ikromov: Amerika Ovozi muxbirini sudlab, Toshkent Vashingtondan nimadir undirmoqchi

Surat Ikromov: Amerika Ovozi muxbirini sudlab, Toshkent Vashingtondan nimadir undirmoqchi

O’zbekiston mustaqil huquq himoyachilari yetakchisi, uzoq yillardan beri respublikada erkinlik va huquq ahvolini o’rgangan, ma’lumot to’plab, tahlil qilib kelayotgan, ko’plab sud jarayonlarini kuzatgan Surat Ikromov fikricha, “Amerika Ovozi”ning Toshkentdagi shtatsiz muxbiriga qo’yilayotgan jinoiy ayblovlar asossiz va mantiqsiz.

Huquq himoyachisi deydiki, to’rt ayblov ichidan eng jiddiysi bu muxbirimizning O’zbekiston jinoyat kodeksining 244-modda, 3-qismi “b” va “v” bandlarini buzganlikda ayblanayotganidir.

"Jamoatchilik xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallar tayyorlash va tarqatish degan. "Amerika Ovozi" radiosiga bergan maqolalari tahdid soladigan materiallar deb ko'rsatishmoqchi. Boshqalari - haqorat, tuhmat, chegaradan noqonuniy o'tganlik... Bular juda mujmal ayblovlar. Chegaradan o'tayotganida bitta shtamp qolib ketgan, to'rttasidan bittasi. Uni o'zi ham ko'rmagan, u yerdagi chegara xizmati ham bilmagan. Bu aslida ularning aybi. Abdumalik pasportidagi bu xato bilan o'sha davlatga (Qozog'istonga) uch-to'rt marta borib kelgan",- deya sharhlaydi Ikromov.

Abdumalik Bobayev "Amerika Ovozi" ga bir necha yildan ishlab keladi

Abdumalik Bobayev "Amerika Ovozi" ga bir necha yildan ishlab keladi

Abdumalik Bobayev juda ehtiyotkor, kasbiga sodiq jurnalist, deydi Surat Ikromov.

"Mana man gapiraman, boshqa huquq himoyachilari, O'zbekistonning boshqa fuqarolari. U masalani o'rganib, odamlardan so'rab, odamlar bergan intervyuga asoslab beradi hamma narsani".

Surat Ikromov nazarida Abdumalik Bobayevga nisbatan qo’yilayotgan soxta ayblovlar sudda isbotlanmaydi.

Tergovchilar muxbir bilan savdolashishga uringan. Aybni bo'yniga olsa, kechirilishi mumkinligini aytishgan. Lekin Abdumalik Bobayev gunohi yo'qligini aytib, bunga ko'nmagan.

Tergovchilar muxbir bilan savdolashishga uringan. Aybni bo'yniga olsa, kechirilishi mumkinligini aytishgan. Lekin Abdumalik Bobayev gunohi yo'qligini aytib, bunga ko'nmagan.

Chunki, bu yerda haqiqat va adolat haqida gap ketayotgani yo’q, deydi u. Maqsad “Amerika Ovozi” muxburining ovozini o’chirish.

"Buyurtma ish-da bu, ochig'ini aytganda, buyurtma ish! Tergovchi o'sha buyurtmani bajarayapti. Bo'ldi. Unga boshqa hech narsa kerak emas, chunki buyurtmani bajarmasa, ishdan bo'shatishadi".

O’zbekiston -Amerika aloqalari o’tgan 2-3 yilda ancha yaxshilangan, orada muloqot bor.

Vashington “Amerika Ovozi” muxbirining sudga tortilayotganiga qarshi ekanini respublika Tashqi ishlar vazirligiga bir necha bor bildirgan.

Vashington

Vashington

Diplomatlarning aytishicha, O’zbekiston rasmiylari ularga masala ko’rib chiqilayotganini aytgan. Abdumalik Bobayev ishi yuzasidan AQSh qanchalik norozi ekanini Toshkent biladi, deydi biz bilan so’zlashgan yuqori lavozimli rasmiylar.

Bu hol oradagi har qanday hamkorlik ildiziga bolta uradi, deydi Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi – Pentagonda O’zbekiston bilan ishlaydigan mutaxassislar.

Surat Ikromov ta’biricha, O’zbekiston baribir o’z bilganidan qolmaydi, chunki rahbariyat Amerikadan nimadir undirish niyatida.

"Bular shunga o'rganib qolishgan. Qamashadi. U yerdan Amerika va boshqa davlat va tashkilotlardan to'polon bo'lganidan keyin bizning o'sha yuqori mansabli odamlar shundan foydalanishni o'ylashadi. "Agar sizga shu kerak bo'lsa, mana. Lekin shartimiz mana bu" deb o'z shartini qo'yadi. Masalan prezident (Karimov) va (prezident) Obama uchrashuvini tashkil qilib berasizlar deydimi yoki boshqa biror bir shart".

Surat Ikromov Abdumalik Bobayev akkreditatsiya, ya’ni hukumatdan alohida ruxsatsiz ishlagan degan ayblovni tushunmaydi.

"U shtatsiz muxbir. Avvalombor akkreditatsiya olishi shart emas. Masalan har qanday redaksiya, radio yo televideniye, agentlik yo gazeta, har qanday jurnalistga topshiriq berishi mumkin. Masalan men ham bir necha xorijiy agentliklarga, internet agentliklarga ma'lumot berganman. Menga gonorar yuborgan. Buning biror jinoiy tomoni yo'q. Abdumalik Bobayevning ishi ham shu. Unda men ham akkreditatsiya olishim kerakmi? Bular hozir O'zbekiston fuqarosini, shtatsiz muxbirni akkreditatsiya olishga majbur qilishmoqchi. Negaki u shtatsiz muxbir!"

O’zbekistonda turli axborot vositalari bilan ishlaydigan hamkor-jurnalistlar juda ko’p. Ular, Surat Ikromov aytganidek, gonorar oladi va doimiy korrespondent emas.

Shunday bo’lsa-da, Abdumalik Bobayev akkreditatsiya uchun bir necha bor hujjat topshirgan, lekin Tashqi ishlar vazirligi ularni inobatsiz qoldirgan, biror javob bermagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG